Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30−65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi.

Har yili 30−50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab:

  • onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor hamda mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar shtatlari joriy etiladi;
  • Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi;
  • odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qo‘llanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha referens-laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb qilinadi.

2025-yil 1-mayga qadar:

  • bachadon bo‘yni saratoni skriningi va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash sifatini baholash va monitoring qilib borish tizimi;
  • skrining dasturiga kiritilgan ayollar bilan qayta aloqa qilish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 30−65 yoshdagi ayollar har 2 yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkaziladi.

Skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar budjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni O‘zbekistonda kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, so‘nggi 7 yilda bu tizimga ajratilayotgan mablag‘lar 6 karra oshirilgan.

Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida onkologiya, endokrinologiya, kardiologiya markazlari hududlarda skrining tekshiruvlari olib borayapti. Masalan, 1 mln 700 ming nafar ayol skrining qilinib, 49 mingida saraton oldi kasalliklari topilgan. Bu yil yarim yillikda 122 ming nafar aholida yurak qon-tomir va qandli diabet erta bosqichda aniqlangan.

Tahlillarga ko‘ra, jami onkologik kasalliklarning o‘rtacha 20−25 foizi ayollardagi ko‘krak bezi va bachadon saratoniga to‘g‘ri keladi. Shu bois bu borada skrininglarni kengaytirish va ularning reyestrini yuritish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2024-yilda gematologiya, kardiologiya, endkrinologiya kasalliklarini erta aniqlash va ularni davolash bo‘yicha uch yillik dasturlar yakuniga yetadi. Mutasaddilarga erishilgan natijalarni hisob-kitob qilib, ularning muddatini uzaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.