So‘nggi haftalarda Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainaga qo‘shinlar va xususiy harbiy kompaniyalarni yuborish bo‘yicha maxfiy muzokaralarni qayta tikladi, deb yozmoqda Le Monde manbalarga tayanib.
Gazetaning eslatishicha, bu masala fevral oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan Kiyev ittifoqchi mamlakatlarining Parijda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ochiq ko‘tarilgan. O‘shanda bunday imkoniyat Germaniya boshchiligidagi ba’zi Yevropa davlatlarining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. Endi esa Fransiya va Buyuk Britaniya “AQShda Donald Tramp 2025-yil 20-yanvarda o‘z vakolatlarini bajarishga kirishganidan keyin Amerikaning Kiyevga yordam berishdan voz kechishi ehtimoli nuqtai nazaridan” buni yana muhokama qila boshlagan.
Le Monde ma’lumotlariga ko‘ra, AQShdagi ma’muriyat o‘zgarishi tufayli Parij va London “aniqlashtirilishi kerak bo‘lgan shartlar asosida Ukrainadagi koalitsiyaga rahbarlik qilish imkoniyatini istisno etmaydi”.
“Bu ssenariy hamon mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning Fransiyaga tashrifi tufayli u hatto faollashdi”, — deyiladi maqolada.
Gazeta, shuningdek, “Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlik, xususan, Yevropadagi ittifoqchilar o‘rtasida Ukrainaga va Yevropa xavfsizligiga yo‘naltirilgan mustahkam yadroni yaratish bo‘yicha munozaralar davom etayotganini” yozadi.
Maqola mualliflarining ta’kidlashicha, bu mulohazalar Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noelya Barroning izohlariga mos keladi, u avvalroq G‘arb ittifoqchilarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda “qizil chiziqlar o‘rnatmaslikka” chaqirgan. Fransuz harbiylarini jangovar harakatlar maydoniga yuborish mumkinligi haqidagi savolga esa u shunday javob berdi: “Biz hech qanday variantni istisno qilmaymiz”.