Bosh prokuratura Qibray tumanida qotillikka suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyat ishini ilk bor Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov bilan bog‘lab bayonot berdi.

Qayd etilishicha, tergov harakatlari davomida hodisa sodir bo‘lgan joyni va ayblanuvchilar boshqaruvida bo‘lgan avtomashinalarni ko‘zdan kechirish hamda ular istiqomat qilgan xonadonlarda o‘tkazilgan tintuvlarda ishga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar aniqlanib olindi.

O‘tkazilgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi, shuningdek 2 nafariga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.

Qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘istonda yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borildi.

Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 26-oktabrga o‘tar kechasi Qibray tumanida temir yo‘l kesishmasi yaqinida ikki noma’lum shaxs Komil Allamjonov o‘tirgan Range Rover rusumli avtomobilga bir necha marta o‘q uzgan va voqea joyidan qochib ketgan. Haydovchi va sobiq amaldor jarohat olmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248- (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

27-oktabr kuni ertalab Bosh prokuratura bir gumonlanuvchi hibsga olingani haqida xabar bergan edi. Bir kun o‘tib yana uch nafar shaxs ushlangani ma’lum qilingan.