Ruminiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turida amaldagi bosh vazirdan o‘zib ketgan o‘ta o‘ng nomzod yetakchilik qilmoqda, deya xabar berdi Deutsche Welle.
Ruminiya prezidenti saylovida birinchi turda mustaqil nomzod Kelin Jeorjesku ko‘pchilik ovozga ega bo‘ldi, u ilgari o‘ta o‘ng “Ruminiyaliklarni birlashtirish uchun alyans” a’zosi edi. Byulletenlarning 99 foizi sanalganidan so‘ng saylov ishtirokchilarining 22,8 foizi unga ovoz bergani ma’lum bo‘ldi. U Yevropa Ittifoqi, NATO va AQShning Ukrainaga harbiy yordamini tanqid qilardi, uning o‘zi esa Rossiya bilan yaxshi aloqada ekani uchun tanqidga qolgan, deb yozadi BBC rus xizmati.
Ikkinchi natijani (19,3%) bosh vazir, Sotsial-demokratik partiya yetakchisi Marchel Cholaku ko‘rsatdi. Ekzitpollar, deb yozadi DW, Cholakuning g‘alabasini e’lon qildi.
Yakuniy ma’lumotlar dushanba kuni mamlakatdan tashqaridagi saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqqandan so‘ng e’lon qilinishi kerak. Ruminiya prezidenti saylovining ikkinchi turi 8-dekabrga belgilangan.
Ruminiya prezidenti saylovining birinchi turida jami 13 nafar nomzod ishtirok etdi. Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun 50% dan ortiq ovoz olish kerak edi. BBC rus xizmatining ta’kidlashicha, amaldagi bosh vazirning saylovdan oldingi asosiy raqibi “Ruminiyaliklarni birlashtirish uchun alyans” yetakchisi Jorj Simion edi, u to‘rtinchi natijani ko‘rsatdi.
Saylovning birinchi turi natijalariga ko‘ra uchinchi o‘rinni liberal-konservatorlar vakili Yelena Laskoni egalladi.
Ruminiya prezidenti — davlat rahbari va mamlakat qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni. U 5 yil muddatga saylanadi va milliy xavfsizlik hamda tashqi siyosat masalalarida katta vakolatlarga ega.