O‘zbekistonga 2025-yil 1-yanvardan boshlab BNEF Tier-1 xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan kompaniyalardan quyosh panellari, invertorlar va elektr energiyasini saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanadi. Bu prezidentning 11-sentabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan bo‘lib, u ochiq e’lon qilinmagan (“Gazeta.uz"da farmon nusxasi bor). Hujjat sentabr oyida qabul qilingan bo‘lsa-da, Energetika vazirligi hali ham rejalashtirilgan cheklovlar haqida xabar bermagan.
BNEF Tier-1 nima va u nega kerak?
Tier-1 — bu Bloomberg tahlil gigantining qayta tiklanadigan energiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmasi hisoblangan Bloomberg New Energy Finance Corp (BNEF) tomonidan tayyorlangan reyting. Bloomberg vakillari ushbu reytingni shakllantirishda ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning uskunalari, ularning sifati va xizmatlarini emas, balki kompaniyalarning kredit to‘lash qobiliyati va kredit olish uchun bank talablariga muvofiqligini baholaydi.
Tier-1'ga so‘nggi ikki yil ichida o‘z brendi ostida mahsulotlar chiqargan va oltita turli tijorat banklari tomonidan regressiz asosda (loyiha daromad keltirmagan taqdirda, bank kreditni qaytarmaslikka rozi bo‘ladigan) moliyalashtiriladigan kamida oltita turli xil loyiha uchun o‘z ishlab chiqarishini taqdim etgan kompaniyalar kiradi. Olti loyihaning har birining quvvati kamida 5 MVt bo‘lishi kerak. Ular dunyoning ma’lum bir nuqtalarida amalga oshirilishi lozim.
Energy Eco Sources energetika kompaniyasining marketing va raqamli transformatsiya bo‘yicha direktori Ivan Butukning “Gazeta.uz"ga ta’kidlashicha, banklar regressiz moliyalashtirish uchun minimal risklarga ega loyihalarni tanlaydi. Bu amaliyot bankning sifatsiz uskunalarga kredit berish holatlarini oldini oladi, chunki bunday holatda bank ham pulni, ham mijozni yo‘qotadi.
“Masalan, Germaniyada buning uchun banklarga sug‘urta qilish imkonini beruvchi qoidalar o‘ylab topilgan. Kreditorlar uskunalar sifatini ko‘plab texnik ma’lumotlardan kelib chiqqan holda o‘z mezonlari asosida aniqlaydi. Ular audit o‘tkazgan holda xavflarni kamaytiradi”, — dedi Ivan Butuk. Biroq O‘zbekiston banklarining texnik ekspertiza darajasi bugungi kunda past, ular bunday baholashni lozim darajada amalga oshira olmaydi, dedi mutaxassis.
O‘zbekiston Energetiklar milliy assotsiatsiyasi bosh eksperti, DAH Solar Co. vakili Timur Mustafayevning qo‘shimcha qilishicha, Tier-1 reytingi dunyoning eng yaxshi 10 iqtisodiyotiga uskunalar yetkazib berish uchun shakllantiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bloomberg ushbu mamlakatlarda ishonch bildiriladigan kompaniyalar ro‘yxatini tuzadi. O‘zbekiston ham ushbu reytingdan mo‘ljal olishi uchun mutaxassislar darajasi ham rivojlangan bozorlarnikiga mos kelishi kerak.
Bu reytingga tayanib importni cheklashga urinish yanada g‘alati, chunki bu reytingda xalqaro moliya institutlarining qora ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalar ham bo‘lishi mumkin, deya tushuntiradi Timur Mustafayev.
“Chunki kimdir bolalar mehnatidan foydalangan, kimdir esa sudlangan. Ishlab chiqarish hajmi va „bank bilan muomala qila olish qobiliyati“ sifat hamda axloqiy va huquqiy standartlarga muvofiqlik ko‘rsatkichlari emas”, — dedi Timur Mustafayev.
Quyosh energiyasini generatsiya qilish va saqlash tizimlari uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan ASTORIOS Holding Inc. kompaniyasining rivojlantirish masalalari bo‘yicha direktori Shohrux Baratovning ta’kidlashicha, Bloomberg bu ro‘yxatni “o‘z banklari va kompaniyalari muvaffaqiyatli loyihalarga ega ta’minotchini tanlay olishlari uchun” tuzgan.
“Bu shartli reyting. Bu sifat ham emas, miqdor ham emas, ishonchlilik ham emas. Agar o‘tgan yili kompaniya ro‘yxatga kirgan bo‘lsa, bugun u bankrot bo‘lishi mumkin. Ro‘yxat har chorakda yangilanadi. Kompaniyalar sudga berilgan taqdirda ro‘yxatdan „uchib ketishi“ mumkin. Endi tasavvur qiling: siz uskunalar yetkazib berayapsiz, sizda buyurtmalar, shartnomalar bor, uskunalarni olib kelayapsiz, ushbu ro‘yxatda bo‘lgani uchun ularni olib kirish mumkin, keyingi chorakda esa kompaniya „uchib ketdi“. Bu holda qanday ishlash mumkin?”.
Import nima sababdan cheklanmoqda?
Ekspertlar cheklovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistonga sifatsiz mahsulotlar olib kirilishini kamaytirish ekani borasida yakdil. Ammo texnik malaka (kompetensiya) yetarli bo‘lmagan bir sharoitda sifatni oshirib bo‘lmaydi.
“Tuman elektr tarmoqlari ta’minotni uzib qo‘yish bilan qo‘rqitib, quyosh panellarini o‘rnatishga majburlayotgan vaqtda, tadbirkor bu vaziyatga: „Panel olish kerak bo‘lsa, unda arzonrog‘ini sotib olaman, tinch qo‘yishsa bo‘ldi“, degan nuqtai nazar bilan qaraydi. Bozorda chiqit mahsulot ko‘p. Men ko‘rgan mahalliy stansiyalarning 90 foizi, garchi ular amalga oshirilgan loyiha hisoblansa-da, ishlayotgani yo‘q”, — deydi Timur Mustafayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda quyosh panellari bilan bog‘liq eng katta muammo — ularni noto‘g‘ri tashish, saqlash va o‘rnatishda. Sifatsiz mahsulot, shuningdek, tashish, saqlash va o‘rnatish qoidalariga rioya qilmaslik uskunalarning kuyishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatda texnika ishlamasligi yoki bir yildan kamroq xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birga, asbob-uskunalarning texnik tavsiflari va xususiyatlarini tushunmaslik sifatsiz mahsulotlar importining o‘sishiga olib keladi, deb hisoblaydi Ivan Butuk.
“Tushunmaydigan xaridorga arzon uskuna sotish oson, — deydi u. — Xaridorni narx bilan jalb qilish uchun bilim va tajriba shart emas. Xaridorni qimmatbaho uskunalar bilan ta’minlash uchun esa yaxshi darajadagi texnik tayyorgarlik kerak”.
Ivan Butukning qo‘shimcha qilishicha, bozorda bojxona nazoratini chetlab o‘tgan holda mamlakatga olib kirilayotgan qo‘lbola, sifatsiz mahsulotlar ko‘p. Oxir-oqibat, bundan yakuniy iste’molchi aziyat chekadi.
Shohrux Baratovning qayd etishicha, agar Tier-1 ro‘yxatiga asoslangan holda import cheklansa, O‘zbekiston bojxona nazorati uchun mazkur reytingni qo‘llagan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi. Vaholanki, bu ro‘yxat mazkur maqsadda hatto unga mo‘ljallangan mamlakatlarda ham qo‘llanilmaydi.
“Ro‘yxat ishlab chiqaruvchilar uchun reklama hisoblanadi. Unga kirish uchun ham pul to‘lash kerak. Bu [qaror] xuddi Top Gear ko‘rsatuvidagi avtomobillar sinoviga tayanib avtomobil importini cheklashdek gap. Davlat biror qarorni qabul qilayotganida huquqiy asosi bo‘lishi kerak. Bizda BNEF Tier-1 reytingiga tayanib ish ko‘radigan banklar ham yo‘q hatto. Bunday yondashuv bilan, masalan, faqat „Oskar“ olgan filmlarnigina namoyish etishga ruxsat berish ham mumkin. Reytingda bir talay bankrot kompaniyalar ham bor. O‘z navbatida, Amerika bozorining shunday yetakchilari, yirik ishlab chiqaruvchilari borki, ular bu ro‘yxatda yo‘q. Bu hatto yirik distribyutorlarga ham muammo tug‘diradigan ommaviy iste’mol reytingidir”, — deydi Shohrux Baratov.
Sifatsiz uskunalar importini qanday cheklash mumkin?
Ivan Butukning fikricha, reyting bilvosita sifat ko‘rsatkichi bo‘lishi mumkin, chunki unda odatda muhandislik bilimi arzon va kichik ishlab chiqaruvchilarga qaraganda beqiyos darajada yuqori bo‘lgan yirik kompaniyalar bo‘ladi.
“Puli ko‘plar taraqqiyotga, ilm-fanga, marketingga ko‘proq sarmoya kiritishi, turli tartibga soluvchi organlardan sertifikatlar olishi mumkin. Kichik ishlab chiqaruvchilarda bunday imkoniyat yo‘q, chunki buning xarajati katta. Masalan, odamlar Xitoyga borib, kichik zavodlarda yig‘ilgan panellarni sotib olib, ularni O‘zbekistonga bu juda qimmat mahsulot degan niqob ostida olib kirdi, deylik. Bunday ishlab chiqaruvchilardan panel sotib olar ekan, xaridor uskunalarning ishdan chiqish darajasi va almashtirilishi shartlari, amalga oshirilgan loyihalar, sertifikatlar, tadqiqot natijalari haqida so‘ramaydi. Katta kompaniyalarda esa bu savollarning bariga javob bor”, — deydi Ivan Butuk.
Shu bilan birga, reyting premium mahsulotlar importiga ta’sir qilishi mumkin, deb hisoblaydi Shohrux Baratov. Qimmatbaho uskunalara, sifati yuqori bo‘lishiga qaramay, ommaviy tarzda o‘rnatilmaydi.
Timur Mustafayevning ta’kidlashicha, Energetika vazirligi bu tartibni joriy etishni taklif etarkan, uning maqsadi, katta ehtimol bilan, bozorni sifatsiz uskunalardan himoya qilish bo‘lgan. Ammo buning uchun qat’iy sifat nazorati, texnik nazorat, mamlakat ichida texnik salohiyatni oshirish bo‘yicha strategik harakat zarur.
“Men uch yil oliy o‘quv yurtida dars berganman. U yerda kadrlar yetishmovchiligini, zaif o‘qituvchilarni ko‘rganman. Bu zaiflikni tan olish va uning ustida ishlash kerak”, — deydi Timur Mustafayev.
Bundan tashqari, Ivan Butukning fikricha, banklarda ham ekspertlar doirasi shakllanishi kerak: “Biz ularga yordam beramiz, o‘rgatamiz, asbob-uskunalarning xususiyatlarini tushunishlari uchun vositalar beramiz”.
Monopoliyalar shakllanishi bilan bog‘liq xavotirlar
O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqaradigan qator korxonalar mavjud. Great Start Bild kompaniyasi 2021-yildan buyon Toshkent shahrida A.R.T. SOLAR brendi ostida quyosh modullarini ishlab chiqaradi. Korxona quvvati 100 MVtni tashkil etadi. Kompaniya ta’sischilari Albert va Kuman Avsepyanlar (mos ravishda 27,9 foiz va 72,1 foiz) hisoblanadi.
Toshkent viloyatidagi Enter Green Solar korxonasi quyosh panellari va quyosh energetikasi uchun zarur bo‘lgan turli kabellar ishlab chiqaradi. Korxonaning ta’sischilari Enter Steel (60 foiz), Saidamir Baxtiyorovich Fozilov (20 foiz, uning otasining ismi va familiyasi Enter Engineering, Eriell, Enera xoldingi va boshqa ko‘plab kompaniyalar bilan aloqador Baxtiyor Fozilovnikiga o‘xshash), Jasur Xudoyqulovich Jumayev (10 foiz) va Eriell’da ishlaydigan Aleksandr Bolshakov (10 foiz) hisoblanadi.
Nukus Elestroapparat qo‘shma korxonasi qiymati 10 mln dollardan ortiq bo‘lgan quyosh panellari ishlab chiqaradi. Ta’sischilar sifatida Shveysariyaning Tanotrade Ag (80 foiz) va mahalliy Toshelectroapparat (20 foiz) kompaniyalari ko‘rsatilgan.
Mutaxassislarning fikricha, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mavjudligiga qaramay, Tier-1 reytingiga kirmagan ishlab chiqaruvchilarning uskunalari importiga nisbatan cheklov hozircha mahalliy kompaniyalar monopoliyasini shakllantira olmaydi, chunki ularning quvvati bozordagi talabdan ancha past.
“Mahalliy ishlab chiqaruvchilar umumiy talabning 10 foizini ham qoplay olmaydi. Monopoliya faqat distribyutorlar orasida paydo bo‘lishi mumkin”, — deb hisoblaydi Timur Mustafayev.
“Bu ro‘yxat asosidagi cheklov monopoliyani keltirib chiqaradi, degan fikrga qo‘shilmayman. Sifatsiz uskunalar importining oldini olishdan tashqari biror yashirin maqsadlar ham bo‘lsa, kimningdir manfaatlariga xizmat qilinayotgan bo‘lsa, ehtimol, bu ro‘yxatdagi yirik ishlab chiqaruvchilarning manfaatlaridir. Lekin ular ham reytingdan chiqib ketishi mumkin”, — deydi Shohrux Baratov.
Ivan Butukning qayd etishicha, o‘zbekistonlik tadbirkorlar importni cheklashga urinishda bozorni yopish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi raqobatlasha olmaydigan arzon va ishonchsiz uskunalar olib kirilishiga to‘siqlar qo‘yilishini ko‘rishi mumkin, chunki Xitoy ishlab chiqaruvchilarida tannarx raqobatlashib bo‘lmaydigan darajada past.
“O‘zbekistonda sifat nazorati masalasi yuqori darajada bo‘lganida edi, u mahalliy ishlab chiqaruvchilarning sifati yuqori darajada bo‘lishini ta’minlasa edi, texnik hamjamiyatda ham tashvish bo‘lmasdi, deb o‘ylayman. Agar bozor yopila boshlasa, demak, monopoliyalar paydo bo‘ladi, sifat pasayadi. Shundan kelib chiqib, hamma ushbu katta va rivojlanayotgan bozorda „o‘yin“ qilinayotgan bo‘lishi mumkinligidan, monopoliyalar yuzaga kelishi ehtimolidan xavotirda. O‘zimizning mahsulot sifatli bo‘lishiga kafolat yo‘q, chunki ishchi-xodimlar malakasi qoniqarli emas. O‘z-o‘zidan, kelajakdagi xavf bilan bog‘liq savol tug‘iladi: bozorni yopish va raqobat kamaygani ortidan sifatni pasaytirish uchun davlat va monopolistga qancha vaqt kerak bo‘larkin? Bu harakatlar bozorning yomonlashuviga olib kelmasmikin?”
Ayni vaqtda, Ivan Butukning qo‘shimcha qilishicha, sifatsiz mahsulotlar importiga nisbatan qandaydir cheklovning joriy etilayotgani bu yo‘nalishda umuman hech qanday ish qilinmaganidan ko‘ra baribir yaxshiroq.
“Bu harakatni qandaydir talablar qo‘yish orqali sifatni oshirishga urinish sifatida baholash mumkin. Ammo u bozorning yopilishi oldidan bir darakchi bo‘lishi ham mumkin”, — deya xulosa qildi u.