BAAda hibsga olingan va Isroil ravvinini o‘ldirishda gumon qilinayotgan uch nafar gumonlanuvchi O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Emirates News Agency davlat axborot agentligi mamlakat Ichki ishlar vazirligi bayonotiga tayanib.
BAA IIV gumonlanuvchilarning ism-sharifini ma’lum qildi: Olimboy Tohirovich (28 yosh), Mahmudjon Abdurahim (28) va Azizbek Komilovich (33). Vazirlik, shuningdek, qo‘lqop kiygan va yuzlarini berkitgan uch nafar erkakning suratlarini ham e’lon qildi.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olinganlarga nisbatan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va “jinoyat tafsilotlari, holatlari va sabablarini ochish uchun zarur tezkor choralar ko‘rishga sodiqlik” ta’kidlangan.
28 yoshli ravvin Zvi Kogan o‘tgan hafta Dubayda bedarak yo‘qolgandi, u yerda Kogan kosher mahsulotlari do‘koni egasi bo‘lgan. Keyinchalik u Ummon bilan chegaradosh Al-Ayn shahrida o‘lik holda topilgan.
Shuningdek, Moldova fuqaroligiga ega bo‘lgan Kogan Abu-Dabidagi “Xobod” yahudiy diniy harakatining vakili bo‘lib, bir necha yil BAAda yashagan.
Isroil hukumati ravvinning o‘ldirilishini “aksilsemit terakt” deb atadi. Isroil maxsus xizmatlari Koganni Eron tomonidan yollangan “uch nafar o‘zbek agenti” o‘ldirganini ma’lum qildi.
Eronning BAAdagi elchixonasi Eronning ravvinning o‘ldirilishiga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etdi.