Akbar Anvarjonovich Sultanov “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda uyushma matbuot xizmati xabar berdi.

U 2021-yil may oyidan buyon “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

25-noyabr kuni “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo tadbirkorlik subyektlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda uyushma kengashining yangi tarkibi ham saylandi.

Yig‘ilish kengash a’zolari, Savdo-sanoat palatasi, Xalq banki, ijro hokimiyati vakillari, hududiy boshqarmalar va uyushmaga a’zo korxonalar rahbarlari ishtirokida gibrid formatda (oflayn va onlayn) o‘tkazildi.

Charm sanoati korxonalari yig‘ilishida sanoatni rivojlantirish, faoliyatni samarali tashkil etish masalalari, yangi loyihalar va strategik vazifalar muhokama qilindi.

Uyushma kengashi va tadbirkorlarga sohani rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar va 2024-yilga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar yuzasidan hisobot berildi. Xarajatlar tahlil qilindi va tegishli smetalar tasdiqlandi.

Xalq banki raisi boshchiligida charm sanoati korxonalari uchun ishlab chiqilgan kredit liniyalari va yangi turdagi bank xizmatlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlar bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirishning moliyaviy jihatlari muhokama qilindi.

2024−2025-yillarga mo‘ljallangan charm-poyabzal va mo‘yna sanoatini rivojlantirishning maqsadli parametrlari ham tasdiqlandi. 2024-yilda charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,7 milliard kvadrat detsimetrga yetkazish choralari belgilangandi, poyabzal mahsulotlarini — 205 million juftga, charm-attorlik mahsulotlarini — 143 million donaga. 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkichlar oshishi kutilmoqda.

2020-yilning aprel oyidan buyon uyushma raisi lavozimida Faxriddin Boboyev ishlab kelayotgandi. 18-mart kuni u boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shu kuni Farxod Nurmuxamedov uyushma raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.