Ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik dunyodagi eng keng tarqalgan va barcha joyda mavjud inson huquqlari buzilishidan biri bo‘lib qolmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, deyarli har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta yaqin sherigi tomonidan jismoniy va/yoki jinsiy zo‘ravonlik va notanish shaxs tomonidan jinsiy zo‘ravonlik holatlaridan birini yoki ikkalasini ham boshdan kechiradi.

“BMT-ayollar” va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB) tomonidan Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish uchun kurash kuni — 25-noyabrda e’lon qilingan xalqaro hisobotga ko‘ra, har kuni dunyo bo‘ylab 140 nafar ayol va qiz sherigi yoki yaqin qarindoshi tomonidan o‘ldirilmoqda, bu har 10 daqiqada o‘rtacha 1 nafar ayolga to‘g‘ri keladi. Bu haqda BMT axborot xizmati xabar berdi.

Hisobotga ko‘ra, 2023-yilda 85 ming ayol va qiz qasddan odam o‘ldirish qurboni bo‘lgan. Bundan tashqari, ushbu jinoyatlarning 60 foizi — 51,1 ming nafari yaqin umr yo‘ldoshlari yoki boshqa oila a’zolari tomonidan sodir etilgan.

Xalqaro inson huquqlari kuni nishonlanadigan 25-noyabrdan 10-dekabrgacha 2008-yildan buyon butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham “16 kunlik faol harakatlar” aksiyasi o‘tkazib kelinmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ayollar va qizlarga nisbatan “zo‘ravonlik epidemiyasi"ni “insoniyat uchun sharmandalik” deb atadi.

“BMT-ayollar” tashkiloti rahbari Sima Baxus ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish mumkinligini ta’kidladi: “Bizga kuchli qonunchilik, ma’lumotlar to‘plamini yaxshilash, hukumatning mas’uliyatini oshirish, bag‘rikenglik madaniyatini oshirish va ayollar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari va institutlarini ko‘paytirish kerak”.

Mavjud ma’lumotlar shuni tasdiqlaydiki, o‘zlarining yaqin sheriklari tomonidan o‘ldirilgan ayollarning katta qismi (22% dan 37% gacha) ilgari sherigi tomonidan jismoniy, jinsiy yoki psixologik zo‘ravonlik haqida xabar bergan. Bu shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab qotilliklarning oldini olish mumkin bo‘lgan.

O‘zbekistonda joriy yilning 10 oyida oiladagi zo‘ravonlik uchun 15,8 ming kishi jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. O‘tgan yili — aprel oyidan boshlab, oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi tuzatishlar kuchga kirganidan beri 9,100 dan ortiq kishi sudlangan.

2023-yil iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sha yilning birinchi yarmida mamlakatda qizlar va ayollarga nisbatan 20 mingga yaqin oiladagi zo‘ravonlik holatlari qayd etilgani haqida ma’lum qilgan edi.