O‘zbekistonda joriy hafta boshlari quruq, issiq, hafta o‘rtalarida yog‘ingarchiliklarga boy salqinroq ob-havo, dam olish kunlari esa haroratning biroz pasayishi ro‘y beradi.
O‘zbekistonga 25−27-noyabr kunlari Turkmanistondan issiq harorat to‘lqinining faol ta’sir etishi kuzatiladi. Ayni vaqtda, markazi Qozog‘istondan o‘tayotgan antitsiklon chekkasining mintaqadan asta-sekin chekinishi vodiy viloyatlarida, shuningdek, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatining tekislik hududlarida quyosh botishi va chiqishidan so‘ng qalin tumanlar tushishiga sabab bo‘ladi.
Haftaning birinchi yarmida kunduzi issiq, kechasi biroz sovuqroq bo‘lishi, hafta o‘rtalaridan tungi va kunduzgi haroratlar bir-biriga biroz yaqinlashishi kuzatiladi. Hafta o‘rtalarida, janubdan siklonlarning ketma-ket kirib kelishi ortidan, yog‘ingarchiliklar kuzatiladi. Dam olish kunlari esa harorat biroz pasayganini kishi o‘z tanasida ham his qila boshlaydi.
NASA sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan ham ko‘rish mumkinki, O‘zbekistonda hafta boshida yog‘ingarchiliklarsiz quruq ob-havo hukmronlik qiladi. Turkmaniston orqali kirib keladigan issiq harorat to‘lqinlari 26−27-noyabr kunlari janubiy viloyatlarda havo harorati +24 darajagacha ko‘tarilishiga olib keladi. Hafta o‘rtalaridan Turkiya va Qora dengiz ustidagi nam havo oqimlari Kaspiy dengizi janubidagi siklonlarning rivojlanishiga, bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonga yog‘inlarga boy navbatdagi bulutli oqimlarning kirib kelishiga sharoit yaratadi.
Hafta davomida joylarda harorat rejimida sutkalik o‘zgarishlar deyarli kuzatilmasa-da, hafta boshi, o‘rtasi va dam olish kunlaridagi kunduzgi va tungi harorat farqlarida o‘zgarishlar bor. Hafta boshida shunday jarayonlar kuzatiladiki, O‘zbekiston janubdan issiq haroratli havo oqimi, shimoldan esa sovuq antitsiklon chekkasi oralig‘ida “qoladi”. Hafta boshidagi issiq harorat to‘lqini kunduzi shimolga +12 daraja, O‘zbekistonning katta qismiga +15…+20 daraja, janubiy viloyatlarga esa +24 darajagacha yuqori haroratni taqdim etadi.
Manba: Meteoinfo.ru
Xafta o‘rtalaridan Kaspiy dengizi tarafdan kirib kelishi kutilayotgan nam havo oqimi seriyalari hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Hafta boshida vodiy viloyatlarida antitsiklon chekkasi ta’sirida Quyosh chiqishi va botishidan so‘ng qalin tuman hodisalari kuzatiladi va shu sababli vodiyda kunlik haroratning u darajada yuqori ko‘tarilishi kuzatilmaydi.
Oddiy qilib aytganda, hafta davomida O‘zbekistonning juda katta qismida kuzning so‘nggi kunlariga xos bo‘lmagan iliqroq, yog‘in-sochinlili ob-havoga guvohi bo‘linadi.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 25-noyabrda respublika janubida havo harorati +15…+20 daraja, shimolda +12 daraja, boshqa hududlarda +13…+18 darajagacha iliq, tog‘larda +7…+12 daraja iliq bo‘ladi. Tunda shimolda -3 daraja sovuqqacha pasaysa, boshqa hududlarda +0…+5 daraja iliq bo‘ladi. O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Janubiy viloyatilardan boshqa barcha hududlarga qalin tuman tushishi mumkin.
Sinoptiklar 26−28-noyabr kunlari uchun ham hududlarda yuqori iliq harorat, 27−28-noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 28-noyabr kuni Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilishini ma’lum qilgan. Ushbu sanalarda respublikaning boshqa viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Antitsiklon chekkasi ta’siriga yaqin joylashgan Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Farg‘ona vodiysida Quyosh chiqishi va botishidan so‘ng qalin tuman hodisalari kuzatilishi mumkin. Antitsiklon to‘liq chekingach, chorshanbadan boshlab hatto vodiy viloyatlarida ham tuman tushishi kamayadi.
26−28-noyabr kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tarilib boradi. Masalan, shimolda tunda harorat minimumi -1 daraja sovuqqacha pasaysa, O‘zbekistonning katta qismida +2…+7 daraja, janubda +5…+10 daraja iliq harorat kutiladi. Kunduzi harorati Qoraqalpog‘istonda +12, Xorazmda +15, vodiy hamda Buxorova Navoiy viloyatlarida +17, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida +20, janubda esa +22 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat hafta boshi va o‘rtalariga nisbatan biroz pasayadi. Xususan, 29-noyabrdan shimolda kunduzi harorat maksimumi +10 darajagacha o‘zgarsa, janubda ham harorat maksimumi hafta boshiga nisbatan 7−8 darajaga keskin pasayadi. Dam olish kunlari O‘zbekistonning aksariyat qismida harorat tunda ham sezilarli pasayadi.
Haftaning so‘nggi uch kunida O‘zbekistonda bulutli, namgarchilikka boy ob-havo kuzatiladi. Asosiy yog‘ingarchiliklar juma va shanba kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Yakshanbada respublika bo‘ylab biroz quruqroq sovuq bo‘lishi kutilyapti. Shanba kuni ba’zi aholi yashash punktlari, katta ehtimol bilan, joriy mavsumdagi birinchi qorlarini ko‘rishi mumkin. Ayni vaqtda, ushbu nam havo oqimlari Farg‘ona vodiysi viloyatlariga ko‘p ham yog‘in ulashmaydi.
Umuman, hafta davomida umumiy harorat foni yilning shu davri uchun mos iqlimiy me’yordan 2−5 daraja yuqori, yog‘ingarchilik bo‘yicha hafta boshi quruq, o‘rtalari va dam olish kunlari namgarchil bo‘lishi kutilyapti. Yevropaning o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazining (ECMWF) 25-noyabrdan 2-dekabrga qadar O‘zbekistonning katta qismida o‘rtacha haftalik harorat shu kunlar uchun xos bo‘lgan iqlimiy me’yordan 3−6 darajagacha yuqori bo‘lishini prognoz qilgan. Ya’ni, hafta “iliq” bo‘ladi.
Manba: ECMWF iqlim modeli
Yana bir iqlim modeli O‘zbekistonda hafta davomida eng yuqori havo harorati shu kunlar uchun xos o‘tmish maksimal haroratlarining o‘rtacha qiymatidan 6−8 darajagacha yuqori bo‘lishini ko‘rsatgan. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining ba’zi hududlariga haftada davomida 25 mm gacha yog‘in tushishi taxmin qilingan. Ushbu iqlim modeli kutilmalarida ham Janubiy Kaspiy sikloni vodiy viloyatlariga yog‘ingarchilik ulashmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Demak, joriy hafta O‘zbekiston hududlarida bahoriy iliq ob-havo muhitiga yaqin iqlim kuzatiladi.
Kutilayotgan hafta iqlimi noyabrning uchinchi o‘n kunligi uchun unchlik ham xos bo‘lmagan yuqori harorat ta’sirini nafaqat inson, balki tabiat, dov-daraxtlar ham o‘z tanida yaxshi his qiladi. Bu kabi iliqlik ayrim hududlarda ba’zi daraxtlarning qayta barg ochishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Seshanba, chorshanba va payshanba kunlari atmosferada kuzgi haroratning noodatiy yuqorilashi havoda biroz kislorod yetishmovchiligini yuzaga keltiradi va u kunduzi ba’zilarda loqaydlik, lanjlik, biroz boshog‘riq keltirib chiqarishi mumkin. Bu kabi o‘zgarishlarga ta’sirchan kishilar avvalgi materiallardagi tavsiyalarga amal qilishlari foydadan xoli emas.
Juma va shanba kunlari O‘zbekiston aholisi nam havo oqimlari muhiti ta’sirida bo‘ladi. Bu safargi janubiy siklonal ta’sir aynan shu omildan aziyat chekuvchilar uchun sezilarli bo‘ladi. Har ehtimolga qarshi, siklonal ta’sir o‘zgarishlarga moyil kishilar shu sanalarda avvalgi materiallardagi tavsiyalarga amal qilishlari kerak.
Bundan tashqari, haftaning ikkinchi yarmida bulutli kunlarning ko‘p bo‘lishi serotonin gormon yetishmovchiligini keltirib chiqarish mumkin. Bu ko‘pchilik aholining kundalik hayotiga ta’sir ko‘rsatishi sabab, serotonin yetishmasligi haqida to‘liqroq ma’lumot berish maqsadga muvofiq.
Serotonin yetishmasligi — tanada muhim neyrohujayralarni balansda ushlaydigan serotonin darajasining pasayishi yoki yetishmasligidan kelib chiqadigan holatdir. Serotonin miya faoliyatida muhim rol o‘ynaydi hamda kayfiyat, uyqu, ishtaha, hissiyotlar kabi jarayonlarni boshqarishga yordam beradi. Serotonin yetishmasligi odatda quyidagi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi: depressiya, tashvish, uyqusizlik, ishtaha o‘zgarishi, tez charchash, umumiy lanjlik, kognitiv funksiya buzilishi (e'tibor qaratish qobiliyati pasayishi).
Tavsiyalar. Serotonin gormoni yetishmasligi oldini olish uchun ovqatlanish ratsioniga tuxum, yong‘oq, go‘sht mahsulotlari va losos balig‘i qo‘shish kerak. Muntazam jismoniy mashqlar ham serotoninni oshiradi. Eng asosiy tavsiya — oftob bulutlar orasidan “mo‘ralagan” vaqtlarda imkon qadar uning taftidan bahra olishga intilish kerak. Shuningdek, shifokor maslahati bilan serotoninni ko‘paytiruvchi vitaminlar ichish ham maqsadga muvofiqdir.
Bu hafta kuchli shamollar bo‘lishi ehtimoli kam. O‘z-o‘zidan, atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi ehtimoli ham past. Shunday ekan, joriy haftada tabiiy ob-havo muhitining ichki qon bosimiga ta’sir etishi xavfi yuqori emas.
Bioiqlimiy sharoitlar
Joriy hafta turli hududlar aholisi bir-biridan farq qiluvchi turlicha harorat ta’siri ostida bo‘ladi. Vodiy viloyatlarining katta qismi qalin tuman sabab, shimoliy hududlar aholisi esa yuqori namlik hisobiga kunduzi ham kuchli sovuqni his etadi. Xuddi shu vaqtda O‘zbekistonning qolgan aksariyat qismida kuzgi komfort iqlimiy muhit kuzatiladi.
Hafta boshida respublikaning juda katta qismida kuzatiladigan quruq va issiq ob-havo yengilroq kiyinishga imkon beradi. Janubliklar payshanbagacha ham kunduzi juda yengil kiyinishi mumkin. Ish haftasining oxiri va dam olish kunlari harorat namlik hisobiga +10 va +15 darajagacha pasayishi ortidan qalinroq kiyimlarga o‘tish, har ehtimolga qarshi soyabon ham olib yurish tavsiya etiladi. Ammo tunda baribir issiq kiyinish kerak — tunlar hafta davomida sovuq bo‘ladi.
Haftaning so‘nggi uch kunida qor yog‘ishini kuzatish uchun tog‘larga sayohat qilish mumkin.
Kosmik ta’sirlar
Hafta davomida aholi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanmaydi. Chunki ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasida sokinlik hukmron ekani sabab, Yer magnitosferasida ham vaziyat barqaror bo‘lishini ma’lum qilgan. Ayni vaqtda, mutaxassislar hafta boshida Quyosh dog‘larining birida navbatdagi kuchli chaqnash yuz berishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Bu dog‘dagi chaqnash dushanba kuni sodir bo‘lsa, haftaning ikkinchi yarmida Yerda magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari yuz berishi mumkin.
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti taqdim etgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi hafta davomida salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydigan “yashil” darajadagi qo‘zg‘alishlar bilan to‘qnashishi qayd etilgan.
Manba: Ionos.kz
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Juma va shanba kunlari O‘zbekistonning katta qismida kutilayotgan yomg‘irli ob-havo mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon bermaydi. Faqat chorshanba va payshanba kunlari haroratning biroz yuqori ko‘tarilishi, nam havo oqimlarining hududlarga kirib kelishi vaqtida pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga havoda ifloslanish ro‘y berishi mumkin. Lekin mazkur ifloslanishlar, katta ehtimol bilan, juda xavfli darajaga ega bo‘lmaydi. Chunki yer sirtida yetarlicha namlik bo‘ladi. Bu atmosferaning tabiiy ifloslanishi hisoblanib, joylarda antropogen ifloslanishlar insonlar, idora va korxonalar hatti-harakatiga bog‘liq.
Havoda mayda chang zarrachasi bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, joriy hafta ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar dushanba, seshanba va yakshanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini ancha yengil his qilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, energetika tarmoqlari uchun ham bu hafta ob-havosi yuklamalar taqdim etmaydi.