Yandex Uzbekistan yangi Lavka tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.

Xizmat yordamida endi Toshkent shahrida 15 daqiqa ichida oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy tovarlar va tayyor ovqatlarni yetkazib berish xizmatiga buyurtma berish mumkin. Hatto yangi qaynatilgan qahvani ham buyurtma qilish imkoniyati mavjud, deyiladi xabarda.

“Hozirda unda 3000 dan ortiq mahsulot va 50 ta tayyor issiq ovqatlardan iborat tanlov taqdim etilgan. Xizmatning o‘ziga xos jihatlari — mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari hamda buyurtma bajarilishining har bir bosqichida sifat nazoratini ta’minlovchi texnologiyalar bilan ta’minlanganligida”, — deya qayd etdi kompaniya.

Yangi xizmat Yandex Go ilovasini to‘ldiradi. Buyurtmalar Toshkentdagi Nukus hamda Arnasoy ko‘chalari va Chilonzor massivida joylashgan uchta darkstor ― kichik omborlar orqali yetkazib beriladi. Ular har biri darkkitchenlarga ― yetkazib berishdan oldin issiq ovqatlar tayyorlanadigan oshxonalarga ega. Hozirda bir necha turdagi xot-doglar, burgerlar va issiq zakuskalar taklif qilinmoqda. Lavka xizmatidan ponchiklar, milksheyklar va issiq qahva ham sotib olish mumkin. 2025-yil oxiriga qadar Lavka Toshkent shahrida yana 12 ta darkstor ochishni rejalashtirmoqda.

Yandex Lavka mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qiladi: “xizmatdagi mahsulotlarning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqaruvchilarniki bo‘lib, bu ko‘rsatkich yanada ortib boraveradi”. Masalan, Lavka’da Essi sut mahsulotlari va Rozmetov kolbasa mahsulotlarini buyurtma qilish mumkin. Shuningdek, xizmatda yangi sabzavot va mevalar ham mavjud.

“Mazkur xizmat yangi savdo kanallarini taqdim etish orqali yetkazib beruvchilarga o‘z bizneslarini kengaytirishga yordam beradi”, — deyiladi xabarda.

Kurerlar buyurtmalarni piyoda, velosipedda (shu jumladan, elektr velosipedlarda) yoki avtomobilda yetkazib berishadi. Buyurtmani bajarish jarayonida kurerlar baxtsiz hodisalardan sug‘urtalangan.

“Shaharda Lavka xizmatining rivojlanishi ombor ishchilari, oshpazlar va darkstorlarning boshqa xodimlari uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, kurerlar uchun daromad topish imkonini beradi. Xizmatning ish boshlashi bilan 160 dan ortiq ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, 2025-yil oxiriga qadar yangi omborlar ochilishi bilan yana 500 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Har bir darkstorda dam olish zonasi ham mavjud”, — dedi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.

Kompaniya qayd etishicha, xizmatdan to‘satdan kelgan mehmonlarni kutib olish yoki uyda muzlatkichni tezda to‘ldirish uchun foydalanish mumkin. Xizmat foydalanuvchining istaklariga mos ravishda sozlanadi: o‘tgan xaridlar ro‘yxati va shaxsiy tavsiyalarni ko‘rish mumkin.

Yandex Lavka’dan birinchi buyurtmaga chegirma taqdim etiladi, shuningdek, birinchi 3 ta buyurtma bepul yetkazib beriladi.