O‘zbekistonda “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda 25-noyabr kuni prezidentga taqdim qilingan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z bordi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan yilgi qishda 9 ming gektar bog‘ va 4 ming gektar uzumzorni sovuq urgan. Oqibatda 207 ming tonna hosil nobud bo‘lgan.

Prezident avvalroq bunday ob-havo sharoitlarida dehqonlar zararining oldini olish bo‘yicha topshiriq bergan. Shunga muvofiq, xorijiy mutaxassislar bilan birga “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Uning qabul qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini ta’minlaydi, deyiladi xabarda.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov qishloq xo‘jaligida yuqori xavf tufayli an’anaviy sug‘urta tizimi ishlamayotganini ta’kidladi.

“Juda ko‘p xorijiy davlatlar qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini alohida qonun bilan tartibga soladi va u davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Shu nuqtai nazardan, yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda biz Ispaniya, Turkiya, Ozarbayjon, AQSh, Kanada kabi mamlakatlar tajribasini o‘rgandik”, — dedi Ahadbek Haydarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasini tashkil etish, shuningdek, tabiiy ofatlar, zararkunandalar va boshqa xavflardan sug‘urta mexanizmlarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.