Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 26-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni birdaniga uch o‘qishda qabul qildi. Hujjat Senatga yuborildi. Yig‘ilishning videotranslyatsiyasi bir necha soat davomida YouTube’da mavjud bo‘ldi, shundan so‘ng o‘chirib tashlandi.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon joriy yil 18-aprel kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha bitim imzolagandi.

ittifoqchilik, kxsht, tojikiston

O‘zLiDeP deputati, Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Dilorom Fayziyevaning aytishicha, shartnoma “do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro hurmatning buzilmas g‘oya va prinsiplariga asoslangan ikki mamlakat xalqlarining ko‘p asrlik tarixiy, ma’naviy va madaniy mushtarakligining ifodasi” hisoblanadi.

“U davlatlararo erishilgan yuqori daraja hamda keng qamrovli ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy dinamikadan kelib chiqib tuzilgan”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvning asosiy maqsadi “ikki davlatning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi hamda barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda shartnoviy-huquqiy asoslarni mustahkamlash"dir. Hujjat O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarning “ikkala birodar davlatlarning strategik sherikligi salohiyati uchun hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlarga” mos ravishda to‘liq namoyon etilishiga xizmat qiladi.

Shartnoma muqaddima va 26 moddadan iborat. Uning asosiy qoidalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari asosida mintaqaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, suverenitet, hududiy yaxlitlik va davlat chegaralarining daxlsizligini hurmat qilish, davlat chegaralarini belgilash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirish va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

Hujjat, shuningdek, o‘zaro manfaatli iqtisodiy, investitsiyaviy va ilmiy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirish, ilmiy-ishlab chiqarish kooperatsiyasini yangi bosqichga ko‘tarish, suv resurslaridan oqilona, adolatli va o‘zaro manfaatli foydalanish, suv xo‘jaligi obyektlarini qurish va ekspluatatsiya qilish, suv-energetika sohasidagi loyihalar, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida hamkorlikka qaratilgan.

Bundan tashqari, kelishuv fan, ta’lim, tibbiyot, sport, madaniyat, madaniy merosni saqlash, turizm, axborot almashinuvi, transport, logistika, energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish, zamonaviy tahdidlar va xavfsizlik xurujlariga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, harbiy-texnika kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

“O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilikning yaratilishi Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun konstruktiv asos sifatida ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksaltirib, yangi darajaga olib chiqadi. Ikkala mamlakatning siyosiy, savdo-iqtisodiy va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha salohiyatini birlashtirishi mintaqada tinchlik, totuvlik va barqarorlik muhitining mustahkamlanishiga, Markaziy Osiyoning integratsiya jarayonining jadallashuviga xizmat qiladi”, — dedi Dilorom Fayziyeva.

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov bu ittifoqchilik munosabatlari Tojikistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) doirasidagi majburiyatlariga salbiy ta’sir qilmaydimi, deb so‘radi.

Ilxom Xaydarov.Ilxom Xaydarov.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilxom Xaydarov savolga javob berar ekan, bugungi kunda O‘zbekiston ikki davlat — Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasi bilan ittifoqchilik shartnomalari tuzganini eslatdi.

“Bu ikkala davlat ham KXShT a’zolari bo‘la turib bizga hech qanday to‘sqinlik yoki boshqa narsa yaratayotgani yo‘q. Hozir aytib o‘tilganidek, bu ittifoqchilik ko‘p qirrani o‘ziga qamrab oladi, shu jumladan, xavfsizlik masalalarini ham. Lekin, ishontirib aytsa bo‘ladi, bunda bizning o‘zimizning milliy manfaatlarimizga tegadigan mexanizm yoki uslublarni ko‘rayotganimiz yo‘q”, — dedi u.

Qonun yig‘ilishda ishtirok etgan barcha 145 deputat tomonidan ma’qullandi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tashkil etilishi 1992-yil 15-mayda Toshkentda Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari Kollektiv xavfsizlik shartnomasini imzolagan paytdan boshlanadi. Keyinchalik unga Ozarbayjon, Belarus va Gruziya qo‘shilgan (1993-yil). Shartnoma 1994-yil 20-aprelda milliy ratifikatsiya tartib-qoidalari tugagandan so‘ng kuchga kirgan.

1999-yilda Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston shartnomani uzaytirishdan bosh tortgan. O‘zbekiston 2006-yilda mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida KXShTga qayta qo‘shilgan. Biroq 2012-yilda mamlakat KXShT siyosatiga yondashuvlardagi, ayniqsa, harbiy amaliyotlarda jamoaviy ishtirok etish bilan bog‘liq farqlar sabab yana a’zolikni to‘xtatgan.