Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimida yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflarni joriy etish to‘g‘risida” Toshkent shahri hokimining qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror bilan 2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun yo‘lkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanmoqda:
- bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif — 3000 so‘m. Bunda, bir yo‘lovchi qatnovi uchun 1 (bir) martalik to‘lovni elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanilgan holda — 1 700 (bir ming yetti yuz) so‘m undiriladi;
- bir yo‘lovchining bagajini tashish bo‘yicha xizmat uchun — 4000 so‘m;
- qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif — 1600 so‘m.
Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining va transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Ya’ni yo‘l haqi uchun naqd to‘lov 2000 so‘mdan 3000 so‘mgacha oshiriladi. Naqdsiz to‘lovda narx o‘zgarmay, 1700 so‘m bo‘lib qoladi.
“Bundan ko‘zlangan maqsad — yo‘l haqi to‘lovida shaffoflikni ta’minlash, haydovchining naqd pul qabul qilishdagi vaqtini, oraliq bekatlarda yo‘lovchilarning avtobusga chiqish va tushish vaqtini tejash hamda harakat xavfsizligini oshirishdir. Zero haydovchi naqd pul orqali to‘lovni qabul qilish uchun sarflaydigan vaqti qancha kam bo‘lsa, avtobus shuncha tezroq yo‘nalishida harakatini davom ettiradi. Shuningdek, eng asosiy va muhim maqsad esa — haydovchining moliyaviy bog‘liqligini kamaytirgan holda bor e’tiborini xavfsiz boshqaruvga yo‘naltirishdan iborat”, — deyiladi “Toshshaxartransxizmat” xabarida.
Shuningdek, hokim qarori loyihasida Toshkent shahri yo‘nalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yo‘l haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi va yo‘lkira haqini faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etilishi keltirilgan. “Toshshaxartransxizmat” “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, bekatlarda naqd pulga QR-chipta sotib olish imkonini yaratish rejalashtirilgan.
Ayni paytda shahar jamoat transportida bir nechta naqd pulsiz to‘lov usullari mavjud:
- ATTO transport va virtual kartalari;
- ATTO mobil ilovasi bilan NFC orqali;
- QR-koddan foydalangan holda Click, UzumPay, MyUzcard, Alif ilovalari;
- Uzcard, Humo, MasterCard, Visa, UnionPay kontaktsiz bank kartalari orqali.
Toshkent shahrida jamoat transporti yo‘lkira narxi oxirgi marta 2023-yil 1-noyabrda oshgandi.