26-noyabr kuni Rossiya IIV ko‘magida Novosibirsk va Moskva shaharlarida ota-onasi nazoratisiz qolgan 3 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bolalar Toshkent shahri IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tomonidan qabul qilindi va IHMA yordamida ota-onalariga topshirildi.

Ushbu holatda voyaga yetmagan shaxslar ota-onasining yaqin qarindoshiga ishonchnoma asosida RFga borgan, ammo ushbu ishonchnoma Rossiya hududida yuridik kuchga ega emasligi sababli voyaga yetmagan fuqarolar ota-onasi qarovisiz qolgan, deb e’tirof etilgan.

Olib kelingan bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlar ularning yashash manziliga yaqin bo‘lgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.

Agentlik ota-onalarga voyaga yetmagan farzandlarini chet el davlatiga nazoratsiz jo‘natmaslikni, dastlab ushbu davlatning qonunchiligini batafsil o‘rganish kerakligini eslatib o‘tdi.