Dekabr oyida havo harorati tungi vaqtlarda barqaror nol darajaga yaqin bo‘lishi, shimoldan to‘satdan sovuq havo massalarining chuqur kirib kelishi bilan energetika tarmoqlari yaxshigina imtihondan o‘tadi. Shuningdek, havoda nisbiy namlikning mavsumiy oshishi ortidan virus va bakteriyalarning faollashuvi, turli havo oqimlari tez o‘rin almashishi, atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishining oqibatlari sog‘liqni saqlash tizimiga ham katta yuklama bo‘lib tushadi (yil davomida eng ko‘p aholi aynan dekabrda vafot etishi ham bejiz emas).
Xo‘sh, 2024-yilning dekabrida ob-havo qanday bo‘ladi? Iqlimshunos Erkin Abdulahatov “Gazeta.uz” uchun dekabr ob-havosi bo‘yicha sharh tayyorladi.
O‘zbekistonga qishda sovuq havoning kirib kelishi keskin kamaygan
O‘zbekistonga yil davomida 15 ga yaqin sinoptik jarayonlar turli ketma-ketlikda ta’sir etadi. Hozirda siklonik (nam havo oqimlari) jarayonlardan tortib antitsiklonik (quruq, sovuq oqim) jarayonlargacha, sovuq va iliq havoni mintaqaga olib kiruvchi jarayonlardan tortib mahalliy ob-havo sharoitlarigacha barchasi ustida tadqiqotlar olib borilyapti. Masalan, qish oylarida mintaqa iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan sovuq havo oqimlarining shimol va shimoli-g‘arbdan kirib kelishi bilan bog‘liq sinoptik turlarga mos ravishda 5-, 6- va 7-sonlar berilib, ilmiy muomalada ularni shu raqam asosida nomlash qabul qilingan. Aynan shu kabi jarayonlarni o‘rganmay turib, turli mavsum, xususan, qish oylari uchun qisqa, o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognozlarini tayyorlash imkonsiz.
Iqlimshunoslar mintaqaga kirib kelgan har bir havo oqimi fizikasi, uning “tabiati"ni sinchkovlik bilan o‘rganib, ularning turli davrlarda takrorlanish va davomiyligi yuzasidan turli statistik tahlillarni azaldan yuritib keladi. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutining Iqlimshunoslik va iqlim o‘zgarishi bo‘limi tadqiqotlariga ko‘ra, so‘nggi 30 yillikda mintaqaga qish oylarida sovuq havo oqimlarining kirib kelishida ularning takrorlanuvchanligi va davomiyligida XX asrning ikkinchi yarmidagi 30 yillikka nisbatan teng ikki barobarga kamayib ketish tamoyili qayd etilgan.
Shuning uchun ham so‘nggi yillardagi qishlarda yerda uzoq muddat qoladigan qor va tarnovlarda “osilib” turadigan sumalak (yaxmalak)larni kam ko‘ryapmiz. Yog‘ayotgan qor ham juda tez erib ketyapti. Masalan, Farg‘ona vodiysi viloyatlarining asosiy tekislik hududlarida yashovchi aholi uchun qishda qor yog‘ishi tom ma’noda noyob hodisaga aylanib boryapti.
Umuman olganda, global iqlim o‘zgarishi, uning fonida isish tamoyili kuzatilayotgan ayni bir sharoitida butun dunyoda vaziyat shunday.
La-Ninya va El-Nino jarayonlarining ta’siri
Avvalgi materialda Tinch okeanida shakllanuvchi suv haroratining isishi va sovishi bilan bog‘liq El-Nino (“Bolakay”) va La-Ninya (“Qizaloq”) hodisalarini kuzatish asosida mavsumiy ob-havo prognozlarini nisbatan yuqori aniqlikda tayyorlash mumkinligi ta’kidlangan edi. Bu muqobil (analog) usul hisoblanib, aynan shu yirik fenomen bo‘yicha hodisalarning o‘tmishdagi o‘xshashlarini topib, o‘sha yilgi ma’lumotlar asosida kelayotgan mavsum prognozini tayyorlash ham juda ko‘p hollarda yaxshi natija beradi. 2024-yilning asosiy qismi El-Ninoning faol ta’sirida o‘tganini inobatga olib, o‘tmishda shu kabi hodisa kuzatilgan davrlarda qishki havo harorati me’yordan qanchalik chetlanganini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
El-Nino va La-Ninya hodisalarini kuzatish 1950-yillardan boshlangan. Unga ko‘ra, El-Nino kuzatilayotgan vaqtda suvning faol barqaror qizib borishi odatda yilning o‘rtalaridan boshlanib, kelgusi yilning yoziga qadar davom etadi. Hozirgacha 7 ta eng faol El-Nino dunyo iqlimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Ular 1958/1959, 1965/1966, 1972/1973, 1997/1998, 2009/2010, 2015/2016 va 2023/2024-yillarda kuzatilgan. Aynan shu yillarda Tinch okeani markazidagi suv harorati haddan tashqari “qizib” ketgan.
Hozir Tinch okeani markazida suv haroratining pasayishi, ya’ni La-Ninya fenomeniga o‘tish jarayoni yuz bermoqda. Oktabrda okeandagi suv harorati me’yorga nisbatan biroz pasaydi — bu passiv La-Ninya “tabiati"ga xos. Umuman, joriy mavsum La-Ninyaning faollashuvi, qaysidir ma’noda, odatdagidan “kechikmoqda”.
Quyidagi grafikda eng faol so‘nggi yetti El-Nino davrlarida O‘zbekistonda havo haroratining iqlimiy me’yordan chetlanishlari oylar kesimida ko‘rsatilgan — bunda ko‘k rangli katakchalar harorat iqlimiy me’yordan pastroq, qizg‘ish katakchalar esa harorat iqlimiy me’yordan yuqori bo‘lgan oylarni bildiradi. Ma’lumotlar O‘zbekistonning tekisliklarda joylashgan to‘rtta (Nukus, Samarqand, Termiz, Toshkent) va tog‘li hududdagi bitta (Chimyon) kuzatuv stansiyalaridan olingan va o‘rtachalashtirilgan.
Faol El-Nino so‘nib, passiv La-Ninya shakllangan dekabrlarda O‘zbekistonda — 1959 va 1966-yilgi dekabrlarni hisobga olmasa — odatda iqlimiy me’yor darajasida va undan biroz yuqori harorat kuzatilgan. Bundan kelib chiqib, 2024-yil dekabrida ham o‘rtacha oylik havo harorati iqlimiy me’yordan yuqori bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, global masshtabda biz bilan bir xil mintaqalarda iliqroq qish kutilmalari e’lon qilinayotganiga qaramay, harorat birdan pasayib ketishiga ham tayyor turish lozim.
Shuni ham qayd etish joizki, hozir bu usul o‘rnini chuqur matematik hisob-kitoblarga tayangan, superkompyuter mahsuli hisoblangan turli zamonaviy iqlim modellari to‘ldirib kelyapti. Aynan shu iqlim modellari mavsumiy prognozlarni tuzishda eng maqbuli bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarda dekabrda kutilayotgan ob-havo prognozi
O‘zbekistonda ob-havo qanday bo‘lishi yaqin xorij mamlakatlari iqlimiga bog‘liq. Xususan, “Rosgidromet” dekabr oyida Rossiyaning markaziy tekislik hududlarida oy davomida harorat sezilarli darajada yuqori iliq, faqat Rossiyaning sharqi va Kavkaz hududlarida oy sovuq bo‘lishini prognoz qilgan.
Rossiyalik sinoptiklar O‘zbekiston uchun ham oylik haroratning oylik normaga nisbatan chetlanishlarini hisoblab chiqqan bo‘lib, O‘zbekistonda dekabrda o‘rtacha oylik havo harorati iqlimiy me’yor darajasida va undan biroz yuqori bo‘lishi taxmin qilingan.
Shuni ta’kidlash kerakki, Rossiyaning Gidrometeorologiya markazi tomonidan analog usul asosida hisoblangan yilning sovuq davri uchun harorat rejimi prognozlarining ro‘yobga chiqishi darajasi so‘nggi 15 yil ichida 63 foizdan 81 foizgacha o‘zgarib turgan.
“Qazgidromet"ning maslahatomuz prognoziga ko‘ra, dekabrda Qozog‘istonning aksariyat hududlariga siklonik faollik tez-tez ta’sir qilishi kutilmoqda — bu odatda qor yog‘ishi, bo‘ron va kuchli shamol bilan birga kechadi. Mamlakatning O‘zbekiston bilan chegaradosh janubiy yarmida yomg‘ir va qor shaklida yog‘ingarchiliklar bo‘lishi kutilyapti.
Kristall (muzli) hodisalar va tumanlar ko‘pincha mamlakatning g‘arbi va janubida kuzatiladi. Sovuq oqimlarning shimoli-g‘arb va shimoldan kirib kelishi mamlakatda havo haroratining sezilarli darajada pasayishiga olib kelishi istisno qilinmaydi.
Umuman, Qozog‘istonda dekabrda havo harorati “harorat karuseli” kabi — bir isib ketib, bir sovib ketib, tez-tez o‘zgarib turadi. Mamlakatning shimolida oyning birinchi yarmida havo harorati kechalari −23…−18 dan −12…−7 darajagacha, kunduzi −4…+1 dan +8… +13 gacha o‘zgarishi kutilyapti. Dekabrning ikkinchi yarmida havo harorati kechalari −37…−25 gacha pasayib ketishi, oyning uchinchi o‘n kunligida sovuqlar asta ortga chekinishi prognoz qilingan.
Umuman, qozoq sinoptiklari rus hamkasblaridan farqli tarzda Qozog‘istonda oylik havo harorati iqlimiy me’yor atrofida, yog‘ingarchilik rejimi ham me’yor darajasida va faqat ayrim hududlardagina quruqroq bo‘lishini taxmin qilgan.
“Qirg‘izgidromet” xizmati tomonidan Qirg‘izistonda dekabrda oylik harorat iqlimiy me’yor atrofida bo‘lishi taxmin qilingan. Qirg‘izistonning Farg‘ona vodiysidagi O‘zbekiston viloyatlari bilan chegaradosh hududlarida esa o‘rtacha harorat oy davomida +0…+1 daraja iliq bo‘lishi ma’lum qilingan.
Qirg‘izistonda dekabrda yog‘ingarchilik rejimi ham iqlimiy me’yor atrofida bo‘lishi, O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarda oy davomida umumiy 3 millimetrdan 78 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishi prognoz qilingan.
O‘zbekistonda dekabr oyida ob-havo qanday bo‘ladi?
O‘zbekistonda dekabr so‘nggi yillarda biroz iliq kelyapti. So‘nggi 5−8 yillikdagi dekabrlarda juda kam qor yoqqani ham bunga bir dalil. 2024-yil dekabrida ham mamlakatda ehtimoliy oylik harorat me’yor darajasida va undan biroz yuqori bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston sinoptiklari ham O‘zbekistonda yil oxirida ko‘p yillik belgilangan me’yor yoki undan biroz yuqoriroq harorat — “iliqroq” dekabr kuzatilishini taxmin qilgan.
Qolaversa, El-Nino va La-Ninya hodisalarini kuzatish usuli ham dekabr iliqroq kelishi haqida xulosa chiqarishga undaydi. Ammo Qozog‘istonda oyning birinchi yarmida ehtimoliy sovuq antitsiklon markazining o‘tishi va mamlakatning ayrim mintaqalarida havo harorati -37 darajagacha sovib ketishi ham inobatga olinadigan bo‘lsa, reallikda hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin.
“O‘zgidromet” dekabr oyida kutilayotgan ob-havo prognozini hali e’lon qilganicha yo‘q. Shunday ekan, hozircha O‘zbekistonda dekabrda kutilayotgan ob-havo prognozini havo harorati necha darajagacha o‘zgarib ketadi, deb emas, balki oylik harorat va yog‘inning iqlimiy me’yordan chetlanishlarini ilmiy nuqtai nazardan sharhlash mumkin.
Iqlim va ob-havo ma’lumotlarini tahlil va prognoz qilishda dunyoda yetakchilardan biri sanalgan Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning iqlim modeli uzoq muddatli ob-havo prognozlarini tuzishda eng ishonarlilardan biri hisoblanadi. Uning o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024-yil dekabrida havo harorati me’yor atrofida bo‘ladi, yog‘ingarchilik borasida esa biroz namgarchilik kuzatiladi. Ammo bu butun dekabr mana shunday maromda o‘tadi, degani emas.
Harorat rejimi. Oyning birinchi yarmida O‘zbekistonning shimolidan boshqa hududlarda shu davr uchun xos me’yoriy qiymatga nisbatan biroz sovuqroq harorat kuzatilishi mumkin. Ayniqsa, oyning birinchi o‘n kunligida O‘zbekiston bo‘ylab biroz past harorat kuzatilishi oydinlashyapti. Aynan shu davrda ko‘plab hududlarda aholi qor yog‘ishiga guvoh bo‘lishi mumkin. Oyning ikkinchi yarmidan joylarda harorat barqaror ko‘tarilib, oyning uchinchi o‘n kunligida iqlimiy me’yor ko‘rsatkichdan yuqori qiymatlarga o‘tish kutiladi. Oyning uchinchi o‘n kunligida tog‘larda (ayniqsa, Hisor tog‘ tizmalarida) mavsum uchun xos bo‘lmagan issiqlik anomaliyalari kuzatilishi ham mumkin.
Yog‘ingarchilik rejimi. Oyning birinchi yarmida Qozog‘iston markazidan o‘tishi kutilayotgan antitsiklonning janubiy qismi O‘zbekistonga ketma-ket nam havo oqimlarini taqdim etib, oyning birinchi o‘n kunligida respublikaning Qizilqum cho‘li va markaziy viloyatlaridan boshqa joylariga ko‘proq yog‘in ulashishi mumkin. Ikkinchi o‘n kunlikda, Orol dengizi atrofini hisobga olmasa, mintaqaga me’yoriy yog‘ingarchilik tushishi taxmin qilingan. Ushbu dekadada Jizzax viloyatida biroz kamroq yog‘ingarchiliklar kuzatilishi, uchinchi dekadada esa — haroratning biroz yuqori bo‘lishi bilan hamohang tarzda — hududlarda me’yordan biroz ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Oy so‘ngida Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida hamda Ustyurt platosida biroz kamroq yog‘in tushishi kutilmalari bor.
Shunday qilib, kelayotgan dekabr O‘zbekistonning aksariyat qismida havo harorati iqlimiy me’yor darajasida va ayrim hududlarda iliqroq bo‘lishi, yog‘ingarchilik bo‘yicha esa shu oy uchun belgilangan normada yog‘in tushishini taxmin qilish mumkin.
Taqdim etilayotgan ma’lumotlar, xususan, ijro hokimiyat organlari tomonidan tabiiy favqulodda vaziyatlar xavfini baholash, energetika, sog‘liqni saqlash, transport va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari ishlarni puxta rejalashtirib olish uchun foydalanishga ham qaratilgan.
Ma’lumot uchun, 2024−2025-yillardagi sovuq davrda ehtimoliy ob-havo prognozi “O‘zgidromet” tomonidan oylik, dekadalik va qisqa muddatli ob-havo prognozlari bilan tuzatiladi.
Takror bo‘lsa-da, shuni ham alohida ta’kidlash joizki, uzoq muddatli, xususan oylik ob-havo prognozlarining o‘zini oqlash darajasi ancha past hisoblanadi. Kuz-qish mavsumida har bir oy uchun 80 foizdan yuqori aniqlikda prognoz bera oladigan usullar hozircha mavjud emas.