Qoraqalpog‘istondagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida 3 bosh Buxoro bug‘usi ovlangani aniqlandi, deb xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
O‘rganish davomida bitta erkak va ikkita urg‘ochi bug‘ular ov miltig‘i bilan o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Rezervatning zaxira yerlaridan 2 ta ov miltig‘i o‘q dorisining plastik bo‘laklari, qonga o‘xshash qizil dog‘lar va ov miltig‘i topildi. Ov miltig‘i ashyoviy dalil sifatida olindi.
O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘ulari o‘ldirilishi oqibatida hayvonot dunyosiga jami 3 mlrd 375 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan fuqaro M.K. Jinoyat kodeksining 202-moddasi (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Hozirda Beruniy tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda.