Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Hujjat bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga, Fuqarolik-protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga raqamli dalillar tushunchasi, raqamli dalillarni to‘plash, taqdim etish, mustahkamlash, ko‘zdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yo‘q qilish tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Notariat to‘g‘risida”gi, “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi va “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida raqamli dalillarni guvohlantirish va ularni tekshirish tartibi nazarda tutilmoqda. Ushbu qonun fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, deyiladi hujjat matnida.

Xususan, jinoyat ishi doirasida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron ma’lumotlarni ushbu ma’lumotlarning ko‘chirma nusxasini elektron jismdan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa elektron jismga olish orqali taqdim etishga haqli.

Ma’lumot uchun, elektron ma’lumotlar elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan ma’lumotlardir.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechiradi.

Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron jismlar egalariga darhol qaytarib beriladi.

Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan, elektron tarzdagi fayllar, audio, videoyozuvlar, internet tarmog‘ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek, boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalillardir.

Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlansa, yo‘l qo‘yiladi. Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga yo‘l qo‘yilishi o‘zidan mazkur ko‘chirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan ta’minlanadi.

Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalarini qog‘ozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qog‘ozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron ma’lumotlar tarzida shakllantirilgan audio, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 27-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandi.

Raqamli dalillarga oid qonun loyihasi parlamentga uchinchi marta kiritilmoqda, chunki avvalgi ikki urinish (2022-yil iyun va 2023-yil noyabr oylarida) rad etilgan.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga 202−2 moddasi qo‘shilishi deputatlar e’tiroziga sabab bo‘lgandi. Modda bilan “korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan raqamli ma’lumotlarni tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning talabiga ko‘ra elektron ma’lumotlarni o‘z ixtiyorida bo‘lgan vositalar bilan birga taqdim etishi shartligi” keltirib o‘tilgandi.

Ma’ruza qiluvchi deputat, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Davron Oripovning qayd etishicha, yuqoridagi norma loyihadan chiqarib yuborilgan. Ikkinchi o‘qish uchun qonun loyihasi takomillashtirilgan.

Qonun nomi va matnidagi “elektron (raqamli)” so‘zlari “raqamli” so‘zi bilan almashtirilgan. Shunga ko‘ra, ikkinchi o‘qishga “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi nom bilan taqdim etilgani ta’kidlangan.

Qonun deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilingan. Unda deputatlarning 118 nafari ma’qulladi, 2 nafari ovoz bermagan. Qonunni uchinchi o‘qishda ham qabul qilish taklifi bildirildi va ovozga qo‘yilgan. Ovoz berish jarayonida ma’qullaganlar soni o‘zgarishsiz qolgan.