Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov Qonunchilik palatasi majlisida Toshkentdagi hospis bo‘yicha ishlar qanday ketayotgani haqidagi savolga javob berdi.

Yig‘ilishda deputat Irina Tokareva 2024-yil 21-fevralda imzolangan prezident farmonida 2024-yil yakunigacha ehtiyojdan kelib chiqib, viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida kamida bittadan og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi xospislar tashkil etilishi belgilanganini eslatdi.

deputat, hospis, irina tokareva, otabek fazilkarimov, toshkent

“Bilishimcha, 2024-yil uchun davlat budjeti muhokamalarida Toshkent va Xorazmda hospislar qurish masalasi ko‘tarilgan edi. Bu masalada prezident topshirig‘i ijrosi hozir qanday holatda ekani va 2024-yilda nima ishlar bajarilganini aniqlashtirmoqchi edim”, — dedi u.

Savolga dastlab sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Davron Sultanov javob berdi.

“Toshkent shahridagi viloyatlar va shaharlararo hospis hali foydalanishga topshirilmadi. Shunga qaramay „Zangiota-2“ klinik shifoxonasida 20 o‘rinlik hospis bo‘linma faoliyat yuritmoqda. Xorazmda esa hospis bo‘linma onkologik dispanser huzurida faoliyat yuritmoqda. Xudo xohlasa, 2025-yilda Qibray tumanida joylashgan Toshkent shahri hospisida qurilish ishlari yakuniga yetadi va biz u yerga onkologik hamda palliativ yordamga muhtoj bo‘lgan onkologik kasallikka chalinmagan bemorlarni ham joylashtirishimiz mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov esa hospisni moliyalashtirish bo‘yicha ishlar holatiga to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, uning asosiy mablag‘ manbai Toshkent shahrining mahalliy budjeti hisoblanadi.

Uning umumiy qiymati 34 mlrd so‘m. Shu jumladan, joriy yilda 16 mlrd 800 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirgi kunda moliyalashtirish ishlari 90,5 foizga bajarilgan. 2025-yilning fevral oyida ushbu muassasa faoliyatini boshlash ko‘zda tutilmoqda”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, hospis va palliativ yordamni tashkil etish prezidentning 2017-yilda qabul qilingan O‘zbekistonda onkologiya xizmatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan. Dastlab Toshkentda kattalar uchun hospis ochilishi 2019-yilga mo‘ljallangan edi, biroq o‘shandan beri bu har yili qoldirib kelinmoqda.

2023-yil 10-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish qo‘mitasi a’zolari Mavluda Ibragimova va Shuhrat Abduxalilov “Taskin” bolalar hospisi hamda yangi qurilayotgan kattalar hospisi qurilish maydonchasida bo‘lgandi. Deputat Mavluda Ibragimova “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda nashr tomonidan 8-noyabrda e’lon qilingan “Quruq o‘lim. O‘zbekistonda saratonga chalingan bemorlar qanday vafot etmoqda va nima uchun davlat ularning hayotini qo‘llab-quvvatlashga majbur?” sarlavhali maqola (maqola rus tilida — tahr.) ushbu obyektlarga tashrif buyurishga asos bo‘lganini ta’kidlagandi.

2023-yil 24-noyabr kuni esa parlamentning mazkur qo‘mitasi Toshkent shahrida kattalar uchun mo‘ljallangan hospis qurilishini muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazgandi. Taskin bolalar hospisi rahbari, onkolog Rustam Narbayevning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha yig‘ilishda onlayn ishtirok etgan Toshkent shahri hokimligi moliya boshqarmasi vakili 2023-yilda poytaxtda hospis qurish uchun bor-yo‘g‘i 3 mlrd so‘m ajratish imkoniyati borligini aytgan.

“U pul tugab qolganini va boshqa pul yo‘qligini aytdi. Qanday qilib shuncha festival, konsert, tadbirlar o‘tkaza turib, pul yo‘q deb ayta olasizlar, deb so‘radim. Har kuni men hospis yordamiga muhtoj bo‘lgan saratonga chalingan kattalarni bolalar hospisiga qabul qila olmaganim uchun rad qilaman. O‘sha kuni kechki payt bilsam, har oyda „Buvilar maktabi“, „Otalar choyxonasi“ yig‘ilishlarini o‘tkazish uchun Toshkent shahri hokimligi tomonidan salkam 12 milliard so‘m ajratilgan. Oradan bir necha kun o‘tib kengash tomonidan gul ko‘chatlari xarid qilish uchun 5 milliard so‘m ajratildi. Ammo shaharda saraton bilan og‘rigan bemorlarning hayotini munosib yakunlash uchun pul yo‘qligi aytiladi”, — degandi o‘shanda Rustam Narbayev.