Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, uchrashuvda vazir elchiga ravvin Zvi Koganning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

“O‘zbekiston xalqi barcha din va elat vakillariga azaldan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. Biz millatchilikning hech qanday ko‘rinishiga toqat qilmaganmiz va bundan keyin ham toqat qilmaymiz. Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q”, — deya qayd etdi Baxtiyor Saidov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 28 yoshli ravvin Zvi Kogan 21-noyabr kuni Dubayda bedarak yo‘qolgan, marhum u yerda Kogan kosher mahsulotlari do‘koni egasi bo‘lgan. Keyinchalik u Ummon bilan chegaradosh Al-Ayn shahrida o‘lik holda topilgan.

Isroil hukumati ravvinning o‘ldirilishini “aksilsemit terakt” deb atagan. Isroil maxsus xizmatlari Koganni Eron tomonidan yollangan “uch nafar o‘zbek agenti” o‘ldirganini ma’lum qilgan. Biroq Eronning BAAdagi elchixonasi Eronning ravvinning o‘ldirilishiga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etgan.

BAA Ichki ishlar vazirligi isroillik ravvinni o‘ldirishda gumon qilinib, BAAda hibsga olingan uch nafar gumonlanuvchi O‘zbekiston fuqarolari ekanini ma’lum qilgandi. Ulardan ikkitasi 28 yoshda, uchinchisi 33 yoshda.

O‘zbekistonning Dubay shahridagi bosh konsulligi elchixonasi mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar olib borilayotganini xabar qilgan.