1-yanvardan davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshiriladi, deya xabar bermoqda O‘zA nashri. Bu haqda 22-noyabr prezidentning “Madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlarini oshirish to‘g‘risida”gi [PQ-400-sonli] qarori chiqdi. O‘sha kuni davlat rahbariga madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga oid takliflar taqdimot qilinib, 2025-yildan shu soha xodimlarining ish haqi oshirilishi aytilgandi.
Qarorga ko‘ra, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi quyidagi miqdorlarda oshiriladi:
- 2025-yil 1-yanvardan boshlab — 20 foizga;
- 2025-yil 1-iyuldan boshlab — yana 15 foizga oshiriladi.
Moddiy manfaatdorlik xodimning ish samaradorligi (KPI) ko‘rsatkichlariga bog‘lanadi. Unda aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, olis hududlarga gastrollar uyushtirish, yangi asarlar yaratish, iqtidorli yosh ijodkorlarni izlab topish kabi mezonlar inobatga olinadi.
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishida, shuningdek, 2025-yildan boshlab Milliy simfonik orkestr xodimlarining ham ish haqlari oshirilib, munosib moddiy rag‘batlantirish haqida so‘z borgan.
Orkestr jamoasi tomonidan davlat buyurtmasi asosida har yili yangi musiqiy asarlar yaratiladi, mahoratli dirijyor, orkestr ijrochilarining mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Orkestr jamoasining hududlar va xorijiy gastrol safarlari tashkil etiladi, yirik korxona va tashkilotlar xodimlari uchun konsert namoyishlari tashkil etiladi, deya ma’lum qilingan prezident ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda.