O‘zbekistonda 2025-yilda Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi. Bu topshiriq prezident tomonidan imzolangan “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan.
Hujjat ayollar orasida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish, skrining jarayonlarini samarali tashkil qilish, zamonaviy skrining usullarini amaliyotga keng joriy etish, ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish hamda mutaxassislarning bilimlarini oshirish va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
a) tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga sog‘liqni saqlash tizimida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobidan quyidagi shtat birliklari kiritiladi:
- onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor;
- mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar;
b) Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amalga oshiriladigan ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha skrining natijalari ushbu markazning yagona riding tizimiga integratsiya qilinadi;
v) Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy- amaliy tibbiyot markazida odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qo‘llanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha referens- laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Saraton kasalligi nazorati sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi.
Qarorda belgilanishicha:
- Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari kengashning ishchi organi hisoblanadi;
- onkologik kasalliklarni tashxislash va davolash bo‘yicha tibbiy jihozlar, uskunalar va sarflov materiallari xaridi majburiy tartibda Kengash bilan kelishiladi va taqsimlanadi.
Bunda kengash tomonidan tibbiy jihozlar, uskunalar va sarflov materiallarini muassasalar kesimida ratsional taqsimlash maqsadida ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Kengashga bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skrining tekshiruvlari bilan qamrab olinadigan ayollar yoshini moliyalashtirish manbalari asosida mustaqil belgilash vakolati beriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi loyiha Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda sifatli amalga oshirilishini ta’minlaydi.
SSV Strategik islohotlar agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar Dasturni monitoring qilish, tibbiyot muassasalari va tibbiyot xodimlari mehnati samaradorligini har olti oyda bir marta baholash va rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqib, tasdiqlaydi.
Vazirlik, shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan boshlab bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish choralarini ko‘rsin hamda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar xaridini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Ma’lumot o‘rnida, mammografiya asosan ayollarning ko‘krak bezini noinvaziv usulda tekshirish bilan shug‘ullanadigan tibbiy diagnostika sohasi hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda aksariyat hollarda ayollar ko‘krak bezi saratonini aniqlash uchun rentgen proyeksiyali mammografiya usuli qo‘llaniladi. Bu usul plyonkali yoki raqamli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin.
Prezidentning ushbu qarori bilan endilikda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanishi belgilangan. Hujjatga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30−65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi.
Har yili 30−50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.