AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp prezidentligining birinchi kunidan boshlab Meksika, Kanada va Xitoydan olib kelinayotgan tovarlar uchun tariflarni oshirishni va’da qildi. Bu haqda CNN yozmoqda.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu harakat chegaradan noqonuniy o‘tayotgan immigrantlar hamda “jinoyat va giyohvand moddalar” uchun intiqom bo‘ladi.
“20-yanvar kuni ilk farmonlarimdan biri sifatida men Meksika va Kanadadan Qo‘shma Shtatlarga keladigan BARCHA mahsulotlarga 25% tarif undirish uchun barcha zarur hujjatlarni imzolayman”, — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida. “Bu tarif giyohvand moddalar, xususan, fentanil va barcha noqonuniy ajnabiylar mamlakatimizga bostirib kirishni to‘xtatmaguncha amal qiladi!”
Trampning ta’kidlashicha, Amerikaning qo‘shnilari “uzoq davom etayotgan bu muammoni osongina hal qilishlari mumkin”.
Xuddi shunday, Trampga ko‘ra, Xitoy AQShga noqonuniy giyohvand moddalar oqimini to‘xtatmaguncha, o‘z tovarlari uchun yuqori tariflarga duch keladi — mavjud tariflardan 10 foizga yuqori.
“Men AQShga juda ko‘p miqdorda giyohvand moddalar, xususan, fentanil kelayotgani haqida Xitoy bilan ko‘p bora gaplashdim, ammo foydasi bo‘lmadi”, — deb yozdi Tramp. Saylangan prezident o‘z postida Xitoy rasmiylari unga mamlakat AQShga giyohvand moddalarni olib kirayotgan savdogarlarni qatl etishini va’da qilganini, ammo “hech qachon bunga rioya etmaganini” da’vo qilgan.
Trampning bayonotiga javoban Xitoy elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyu uning mamlakati AQSh bilan giyohvandlikka qarshi operatsiyalar bo‘yicha muloqotda bo‘lganini va “Xitoyning fentanil prekursorlarining Qo‘shma Shtatlarga o‘tishiga ataylab ruxsat berish g‘oyasi fakt va haqiqatga mutlaqo zid ekanini” aytgan.
“AQShning Xitoyga nisbatan tariflari masalasiga kelsak, Xitoy Xitoy-AQSh iqtisodiy va savdo hamkorligi o‘zaro manfaatli xususiyatga ega, deb hisoblaydi. Hech kim savdo yoki tarif urushida g‘alaba qozonmaydi”, — degan Liu CNN telekanaliga bergan bayonotida.
CNN Trampning qaroridan so‘ng izoh olish uchun Meksika va Kanada elchixonalariga murojaat qildi.
Kanada rasmiylari bu e’longa dushanba kuni kechqurun X`da e’lon qilingan bayonotda javob berib, ularning mamlakati “chegara xavfsizligi va umumiy chegaraning yaxlitligiga eng yuqori ustuvorlik berishini” va “AQShning ichki energiya ta’minoti uchun muhimligini” ta’kidladi.
“Albatta, biz ushbu masalalarni yangi ma’muriyat bilan muhokama qilishda davom etamiz”, — dedi Kanada bosh vaziri o‘rinbosari Xristya Friland va jamoat xavfsizligi vaziri Dominik Leblank o‘z bayonotida.
Siyosatga kiritilgan muhim o‘zgarish
Jazolovchi tariflar joriy etilsa, Amerikaning eng yaqin savdo hamkorlari tovarlariga tayanadigan ta’minot zanjirlari va sanoat tarmoqlariga zarar yetishi mumkin.
“Bugun taklif etilayotgan chora-tadbirlar AQShning bir qator strategik sanoat tarmoqlariga qattiq ta’sir ko‘rsatishi, soliq yukini yiliga taxminan 272 milliard dollarga oshirishi, tovarlar narxi va foiz stavkalarini oshirishi mumkin”, — dedi Corpay Cross-Border Solutions bozor bo‘yicha bosh strategi Karl Shamotta.
E’londan so‘ng Kanada dollari AQSh dollariga nisbatan 1,2 foizga, Meksika pesosi esa dollarga nisbatan 2 foizga arzonlashdi. Xitoy yuani, garchi hukumat tomonidan nazorat qilinsa-da, offshor bozorlarda 7,6% dan yuqori darajada savdo qilindi.
Garchi investorlar dollar mustahkamlanishi mumkinligiga ishongan bo‘lsa-da, Amerika moliya bozorlari ham zarar ko‘rdi. G‘ayritabiiy tariflar amerikaliklar uchun ilgari hech qanday import bojisiz chegaradan o‘tgan kundalik tovarlar uchun xarajatlarni keskin oshiradi.
Bunday hayratlanarli o‘zgarish iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilishi mumkin, ayniqsa, inflyatsiya tufayli charchagan iste’molchilar yuqori xarajatlar sharoitida kamroq xarajat qilishga o‘tganda.
Tramp e’lon qilishidan oldin yuqori bo‘lgan AQSh aksiyalari fyucherslari biroz pasaydi — Dow fyucherslari 160 punktga yoki 0,3 foizga tushdi. Nasdaq fyucherslari 0,4% ga pasaydi va S&P 500 ham 0,4% ga tushdi. AQSh g‘azna obligatsiyalari narxi pasaydi.
Amerika nima import qiladi?
AQSh Energetik axborot ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning Kanadadan asosiy importi neft bo‘lib, iyul oyida kuniga rekord darajadagi 4,3 million barrelga yetdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Comtrade ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika Kanadadan avtomobillar, mashinalar va boshqa turli xil tovarlar, plastmassa va yog‘och import qiladi.
Savdo vazirligi tomonidan joriy yil boshida e’lon qilingan savdo ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika avtomobillar va avtomobil qismlarining asosiy ulushini 2023-yilda AQShga eng ko‘p eksport qiluvchi sifatida Xitoydan o‘tib ketgan Meksikadan xarid qiladi. Meksika, shuningdek, elektronika, mashinalar, neft va optik apparatlarning asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lib, mebel va spirtli ichimliklarning katta qismi AQShga keladi.
Qo‘shma Shtatlar Xitoydan mashinalar, o‘yinchoqlar, o‘yinlar, sport uskunalari, mebel va plastmassalardan tashqari katta miqdorda elektronika import qiladi.
Trampning birinchi prezidentlik davrida CNN telekanali u Xitoyda ishlab chiqarilgan minglab mahsulotlar, jumladan, beysbol shlyapalari, bagaj, velosipedlar, televizorlar va krossovkalardan iborat 380 milliard dollarga yaqin tovarlar uchun tariflarni joriy etgani haqida xabar bergandi. Trampning tariflari po‘lat, alyuminiy, kir yuvish mashinalari va quyosh panellariga ham ta’sir qilgan.
AQShning Kanada va Meksikadan import qilinadigan ko‘plab tovarlari Tramp o‘zining birinchi ma’muriyati paytida ilgari surgan uch davlat o‘rtasidagi USMCA savdo kelishuvi tufayli tariflardan ozod qilingandi. Tramp taklif qilingan tariflarni USMCA`ni buzmasdan qanday amalga oshirishni rejalashtirayotgani aniq emas.
Tramp NAFTA o‘rnini egallagan USMCA`ning qabul qilinishini siyosiy g‘alaba va prezidentligining yorqin belgisi sifatida muntazam ravishda tilga oladi.
Trampning tarif rejasi
Tramp o‘zining birinchi ma’muriyatida bo‘lgani kabi, tariflardan xorijiy mamlakatlarga qarshi foydalanish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va uning taklif qilingan soliqlarni qisqartirish rejasi tufayli yuzaga keladigan katta daromad bo‘shliqlarini to‘ldirish uchun soliq daromadlarini oshirish kampaniyasini olib bordi.
Tariflar Amerika Qo‘shma Shtatlariga olib kiriladigan tovarlar uchun soliq sifatida samarali xizmat qiladi. Garchi Tramp bir necha bor maqsadli xorijiy davlatlar tariflarni to‘layotganini aytgan bo‘lsa-da, aslida ular import tovarlarni sotib oladigan kompaniyalar tomonidan to‘lanadi va bu xarajatlar odatda amerikalik iste’molchilar gardaniga tushadi. Aksariyat iqtisodchilar tariflar inflyatsion bo‘lishiga ishonadi va Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti Tramp tomonidan taklif qilingan tariflar AQSh uy xo‘jaligiga yiliga 2600 dollardan qimmatga tushishini taxmin qilmoqda.
Trampning g‘aznachilik vaziri lavozimiga nomzod Skott Bessentning aytishicha, agar tariflar to‘g‘ri amalga oshirilsa, ular inflyatsiyaga sabab bo‘lmaydi. Wall Street Bessentning tayinlanishini olqishladi, chunki u tariflarni bosqichma-bosqich joriy etishi kutilmoqda.
Bessent nomzodi Senatda tasdiqlanib, savdo kotibi va AQSh savdo vakili bilan kelishilgan holda tariflarni amalga oshirish uchun qisman javobgar bo‘lsa-da, Tramp prezident sifatida bojlarni undirish uchun muhim vakolatlarga ega bo‘ladi. U oxirgi marta Oq uyda bo‘lganida, birinchi navbatda Xitoydan kelgan tovarlarga katta bojlar qo‘ygandi.
Tariflar bilan bog‘liq muammo shundaki, ular ko‘pincha nishonga olingan mamlakatlarning javob harakatlariga olib keladi, savdo urushini boshlaydi va bu Trampning birinchi davrida ham sodir bo‘lgan. O‘shanda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovarlarining chet ellik xaridorlar oldidagi jozibadorligi kamaygandi.
Tramp o‘zining ikkinchi muddati davomida sezilarli darajada yuqori tariflarni va’da qilmoqda. Garchi ko‘plab turli raqamlarni muhokama qilishda davom etayotgan bo‘lsa-da, u barcha Xitoy tovarlari uchun 60% dan yuqori tarifni, shuningdek, AQShga boshqa barcha importlar uchun 10% yoki 20% dan yuqori tarifni taklif qilgan.
“Oqibati iqtisodiyotga ayanchli bo‘ladi”
“Aytaylik, tariflar oshdi, ba’zi immigrantlar deportatsiya bo‘ldi. Bu nima degani? Hamma narsaning narxi oshadi degani. Mutlaqo. Kanadadan keladigan gaz ham, Meksikadan keladigan mashina ham, Xitoydan keladigan cho‘mich ham va, eng muhimi, AQShning o‘zida yetishtiriladigan va yaratiladigan tovarlarning narxi ham, qurilayotgan uylarning narxi ham oshadi. Ba’zilari keskin oshadi. Ayniqsa, qishloq xo‘jalik tovarlarining”, — deb yozadi iqtisodchi Botir Qobilov.
Uning tushuntirishicha, butun AQShning qurilish sektorida ishlaydiganlarning 14 foizi va qishloq xo‘jaligida ishlaydiganlarning 13 foizi nelegallardir.
“…AQShda tug‘ilgan amerikaliklarning ishsizlik darajasi tarixiy minimum — 3 foiz darajada. Ya’ni ishsiz amerikalikning o‘zi deyarli yo‘q, ayniqsa, shartli qurilishda g‘isht tashish yoki tarvuzlarni polizdan terib, Walmart`ga yetkazib berish uchun. Tramp va’da qilgan 10−15 million nelegal immigrantlarning deportatsiya qilinishi mehnat bozorida katta bo‘shliqni yaratadi, shu nelegallarni ishlatayotgan ba’zi korxonalar (shu jumladan, Trampga ovoz berganlari) ham kasod bo‘ladi. Ba’zi mahsulotlarga taqchillik paydo bo‘ladi. Va narxlar oshadi. Buni AQShdagi eng katta oziq-ovqatni sotadigan korxonalar ham, ishlab chiqaruvchilar ham aytib turibdi. Tramp tariflarni oshirgan daqiqadan boshlab biz qimmatlashgan tovarlarning xarajatini iste’molchilarga yo‘naltiramiz deb”, — deydi iqtisodchi.
“Donald Trampga „5 yil oldin tuxumimiz narxi 2024-yildan ko‘ra arzonroq edi“ deb ovoz berganlarning ana o‘sha tuxumi Tramp Oq uyga qaytganida qimmatlashsa qimmatlashadi, lekin arzonlashmaydi”, — deya xulosa qiladi u.