Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni Namangan viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda aytilishicha, o‘tgan o‘n oyda viloyatda 681 ta loyiha bajarilib, 21 mingta ish o‘rni yaratilgan. 21 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilib, 702 million dollarlik eksport qilingan. Yil yakunigacha viloyat iqtisodiyoti 8 foiz o‘sishi kutilmoqda.

O‘rganishlarga ko‘ra, Namangan viloyatida 527 million dollarlik 182 ta yangi loyiha imkoniyati mavjud. Masalan, Namangan shahri Barkamol avlod mahallasidagi kichik sanoat zonasi kengaytirilsa, 60 million dollarlik charm-poyabzal loyihasini joylashtirish mumkin. Mingbuloqdagi “Namangan” massivida shunday zona tashkil qilinsa, 25 million dollarlik sanoat loyihalariga sharoit bo‘ladi.

investitsiya, namangan, namangan viloyati, prezident

Poplik tadbirkor AQShlik hamkorlar bilan 80 million dollar sarmoya kiritib, yiliga 1,8 million tonna flyuorit toshini qayta ishlash taklifini bergan. Natijada 200 ta ish o‘rni, 70 million dollar eksport imkoniyati paydo bo‘ladi. Yana bir korxona 40 million dollar investitsiya kiritib, 5 ming gektarda dorivor o‘simlik yetishtirish, qandolat ishlab chiqarish va turizm maskani tashkil qilish istagini bildirgan.

Viloyat mutasaddilari ushbu tumandagi sizot suvi yaqin yerlarda sholi, g‘alla, dorivor va ozuqabop ekinlar, Norin tumanidagi meliorativ tik quduqlar atrofida baliq yetishtirish mumkinligini ta’kidladi. Chorkesar, Zarkent va Isparon hududlarida sug‘orish yaxshilanib, chorvadorlarga yer ajratilsa, 100 ming bosh qoramol va echki boqish imkoniyati qayd etildi.

“Yangiqo‘rg‘onda Qishloq xo‘jaligi texnikumi tashkil etilib, kartoshkachilik markazi bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilishi ham malakali mutaxassislar, ham asosiy oziq mahsuloti tayyorlashga xizmat qiladi. Asalarichilik xo‘jaliklari bilan kooperatsiya orqali xonadonlarda asalari boqib, ularni qo‘shimcha daromadli qilsa bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

investitsiya, namangan, namangan viloyati, prezident

Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Xususan, 2025-yilda Namangan viloyatiga 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, 34 ming ish o‘rni yaratish va 1 milliard dollar eksport qilish mo‘ljallangan.

Joriy yil yakunida kambag‘allik darajasini 8 foizdan ham pasaytirish rejlashtirilgan. 2025-yilda 78 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarib, bu ko‘rsatkichni 5,3 foizga tushirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, chet elda mehnat migratsiyasida bo‘lgan 100 mingga yaqin kishini mamlakatning o‘zida ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, viloyat iqtisodiyotini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga ko‘rsatma berdi. Investorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, loyihalari uchun sharoit yaratish, aholini tadbirkorlikka jalb etib, bandlikni ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.