AQSh maxsus prokurori Jek Smit Vashington va Atlanta sudlariga 2020-yilgi saylovlarga aralashish, shuningdek, maxfiy hujjatlar bilan tegishlicha muomala qilmaslik bo‘yicha ishni to‘xtatishni so‘rab murojaat qildi, deb xabar bermoqda CNN va New York Times.

Smitning ta’kidlashicha, ishlar Adliya vazirligining amaldagi prezidentni sudda ta’qib qilishni taqiqlovchi siyosati tufayli yopilishi kerak.

“Adliya vazirligining pozitsiyasi shundan iboratki, Konstitutsiya bu ish javobgar lavozimga kirgunga qadar tugatilishini talab qiladi”, — dedi Smit va “ishning mohiyati bo‘yicha ayblov pozitsiyasi o‘zgarmadi, lekin vaziyat o‘zgardi” deb ta’kidladi.

Trampning vakili Stiven Chung buni “qonun ustuvorligi tamoyilining katta g‘alabasi” deb atadi. “Amerika xalqi va prezident Tramp odil sudlov tizimimizdan siyosiy foydalanishga zudlik bilan chek qo‘ymoqchi va biz mamlakatimizning birlashishini intiqlik bilan kutmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Trampning o‘zi ikkala holatda ham barcha ayblovlarni tan olmagan. U, shuningdek, lavozimga kirishganidan keyin “ikki soniya” ichida Smitni ishdan bo‘shatishga va unga qarshi ish olib borgan prokurorlarga nisbatan tergov boshlashga va’da bergan. Smit Trampning inauguratsiyasiga qadar iste’foga chiqish niyatida ekanini bildirdi.

Shu bilan birga, CNN va NYT nashrining ta’kidlashicha, Smit o‘z bayonotida saylangan prezidentdan ayblovlarni “asossiz gumonlarga berilmay” olib tashlashni so‘radi, ya’ni bu kelajakda Tramp Oq uyni tark etgach, ayblovlarni takroran taqdim etish imkoniyatini ochiq qoldiradi.

Kolumbiya okrug sudi sudyasi Tanya Chutkan Smitning iltimosini qanoatlantirdi, aralashuv to‘g‘risidagi ish to‘xtatildi.

Biroq prokurorlar Trampning Mar-a-Lago qarorgohidan topilgan maxfiy hujjatlar bilan nojo‘ya munosabatda bo‘lgan Trampning ikki sobiq xodimi Uolt Nauta va Karlos de Oliveyraga qarshi ish yuritishda davom etadi.

Umuman olganda, so‘nggi bir necha yil ichida Trampga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi davom etadi, chunki prezident shtatlar hukumati tomonidan qo‘zg‘atilgan ishlarga aralashish vakolatiga ega emas.

Gap pornoaktrisa Stormi Deniyelsga pul to‘lash bilan bog‘liq ish hujjatlarini soxtalashtirish haqida ketmoqda. May oyida Nyu Yorkdagi sud Trampni aybdor deb topgan, ammo hukm noma’lum muddatga qoldirilgan.

Ikkinchi ish bo‘yicha Tramp Jorjiya shtatida 2020-yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini bekor qilishga uringanlikda ayblanmoqda.