Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 26-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining ish haqini oshirish to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

Qizilgul Qosimova.Qizilgul Qosimova.

Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputat Qizilgul Qosimova o‘qituvchi va shifokorlarning maoshi boshqa sohalarga nisbatan pastligi tufayli malakali kadrlar xususiy sektorga o‘tib ketayotganini ta’kidladi. U davlat muassasalaridagi tibbiy va ta’lim xizmatlari sifatiga past maoshlarning salbiy ta’siri bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Parlament a’zosi, shuningdek, ushbu sohalarni rivojlantirish uchun 2025-yilga mo‘ljallangan davlat b yudjetida qanday chora-tadbirlar ko‘zda tutilganini so‘radi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov prezident xalqaro sertifikatga ega tibbiyot xodimlari yuqoriroq maosh olishi mumkin bo‘lgan tartibni ishlab chiqishni topshirganini ma’lum qildi. Xuddi shunday tizim xalq ta’limida ham amal qilmoqda: o‘qituvchilarning kam qismi (1,1 foizi) xalqaro sertifikatlar mavjudligi va malaka sinovlarida yuqori natijalarga erishgani uchun qo‘shimcha to‘lovlar hisobiga 1000 dollar miqdorida maosh olmoqda.

“Ish haqining qanchasi ko‘p yoki qanchasi kam ekanining o‘zi ham juda murakkab savoldir. Ehtimol, shifokorlarni sertifikatlash, ularning malakasini baholash kerakdir. Bu yil o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqi 15 foizga oshdi. So‘nggi 6−7 yil ichida barcha sohalarda ish haqi sezilarli darajada o‘sdi. Lekin prezidentimiz bu miqdor yetarli emas deyaptilar. Bu ham o‘qituvchilar, ham sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari uchun tegishli”, — dedi u.

Jamshid Qo‘chqorov.Jamshid Qo‘chqorov.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbari “ish haqini oshirish samaradorligi” masalasini murakkab deya baholadi.

“Savol shundaki, agar biz barcha xodimlarning ish haqini 15 foizga, 40 foizga yoki 50 foizga oshirsak, bu kutilgan natijani beradimi? Zamon bilan hamnafas, yuqori malakali, o‘z ishini sidqidildan bajarayotgan tibbiyot xodimlarining oylik maoshini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ochig‘ini aytsam, hozir bizda yechim yo‘q, aks holda buni aytgan bo‘lardik. Biz buning ustida ishlayapmiz. Men o‘z fikrimni tushuntirishga harakat qilaman. Asosiy muammo kimga va nima uchun yuqori maosh to‘lash kerakligini aniqlashdir. Bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Vazir, shuningdek, 2025-yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar taqdimoti chog‘ida prezident sog‘liqni saqlash sohasiga, jumladan, yuqori malakali tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni sezilarli darajada yaxshilashga bir necha bor to‘xtalib o‘tganini aytdi.

Yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra (1-oktabrdan ish haqining oshishi hisobga olinmagan) O‘zbekistonda o‘rtacha nominal ish haqi 5,1 million so‘mdan oshdi. O‘sish sur’ati 18,5 foizdan 16,4 foizgacha sekinlashdi.

Eng past o‘rtacha oylik ish haqi hamon sog‘liqni saqlash sohasida — 2,92 million so‘mdan 3,3 million so‘mgacha (o‘tgan yildagi 16,4 foizga nisbatan 12,9 foizga o‘sish) va ta’lim sohasida — 3,05 million so‘mdan 3,48 million so‘mgacha (17 foizga nisbatan 14,3 foiz o‘sish) qolmoqda. O‘qituvchi va shifokorlar ish haqining o‘sish sur’ati ham biroz sekinlashdi, natijada bu sohalardagi ish haqi bilan respublika darajasidagi ish haqi o‘rtasidagi farq oshdi.

Xususan, 2022-yilning yanvar-sentabr oylarida ta’lim sohasidagi ish haqi respublika darajasidan 30,3 foiz bandga past bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilning to‘qqiz oyi yakuniga ko‘ra bu farq 32,4 foiz bandga yetdi. Sog‘liqni saqlash sohasida esa shu davr mobaynida farq 32,7 foiz banddan 35,9 foiz bandgacha oshdi.