Rossiya armiyasi Ukraina janubi-sharqidagi front chizig‘idan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Zaporoje shahriga hujum qilishga hozirlik ko‘rmoqda, deb yozdi Economist Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga tayanib.
So‘nggi ikki oy ichida Rossiya Zaporojeni raketalar va boshqariladigan bombalar bilan doimiy o‘qqa tutmoqda va shahardagi 1500 ta uyni vayron qildi. Oldingi chiziq ham jonlandi, deyiladi materialda.
Hujum qachon boshlanishi noma’lum. Razvedka mulozimi 130 mingga yaqin rus askari ishtirok etishi mumkinligini da’vo qilmoqda.
Zaporoje mamlakatda qolgan og‘ir sanoatning uchta markazidan biri bo‘lib, Ukrainaning davlat sifatida saqlanib qolishi uchun muhim ahamiyatga ega, deya qayd etadi nashr.
Shaharning bosib olinishi Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun ham muhim. 2022-yil sentabrida u butun Zaporoje viloyati anneksiyasini e’lon qilgandi, ammo o‘shanda Rossiya armiyasi hududning atigi uchdan bir qismini nazorat qilardi, deya esladi Economist.
Ukraina harbiy xizmatchilarining hammasi ham Rossiya Zaporojega hujum qilishga tayyor, deb hisoblamaydi. Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) polkovnigi Aleksey Xilchenkoning nashrga aytishicha, shaharga hujumning birinchi bosqichida RF ikkita diviziyadan (20−30 ming askar) foydalanishni rejalashtirgandi, ammo ularning yarmini Ukraina hujumini qaytarish uchun Kursk viloyatiga yo‘naltirishga to‘g‘ri kelgan.
Ukraina hukumati esa tavakkal qilmaslikni ma’qul ko‘rmoqda va Zaporoje atrofida mudofaa chizig‘ini qurmoqda, deb yozdi Economist. Bu mina maydonlari, muhandislik to‘siqlari hamda beton va temirdan yasalgan inshootlarni o‘z ichiga oladi.