Samarqandda korxonalardan birining hisobchisi tomonidan katta miqdordagi pul o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holat fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.
Departamentning Samarqand shahar boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish maqsadida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Ph.l. korxonasida hisobchi bo‘lib ishlagan B.M. ushlangan. Aniqlanishicha, u bank elektron kalitlaridan foydalanib, MCHJning 6,4 milliard so‘m mablag‘ini soxta ma’lumotlarni rasmiylashtirish orqali o‘zining nomiga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazib olishga erishib, ushbu mablag‘larni internet tarmoqlaridagi qimor o‘yinlarida yutqazib, talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.