Isroil va Livanning “Hizbulloh” guruhi Livan-Isroil chegarasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga kelishib oldi, deb yozdi AQSh prezidenti Jo Bayden X sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishish taklifini Qo‘shma Shtatlar ilgari surgan, Livan va Isroil bosh vazirlari esa uni qabul qilgan. Isroil hukumati rahbari Binyamin Netanyahuning idorasi mamlakat harbiy-siyosiy mahkamasi Livanda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifni ma’qullaganini tasdiqladi.

Kelishuvlarga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish tartibi 27-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 4:00 da kuchga kirdi. Bundan tashqari, Isroil 60 kun ichida Livan hududlaridan o‘z qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqishi kerak bo‘ladi.

Bayden AQSh o‘z qo‘shinlarini Livanning janubiga joylashtirmasligini ta’kidladi. Buning o‘rniga, Qo‘shma Shtatlar Fransiya va boshqa davlatlar bilan birgalikda mojarolashayotgan tomonlarga “zarur yordam ko‘rsatadi”.

AQSh prezidenti o‘z nutqida G‘azo sektori aholisi Livan aholisi kabi “kelajak uchun xavfsizlik va farovonlikka, shuningdek, harbiy harakatlarni to‘xtatishga munosib” ekanini ta’kidladi. “Yaqin kunlarda AQSh Turkiya, Misr, Qatar, Isroil va boshqalar bilan birgalikda G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun navbatdagi urinish amalga oshiriladi”, — dedi Bayden.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu “Hizbulloh” kelishuvning biror qismini buzsa, Isroil zarba berishda ikkilanmasligini aytdi, deb ta’kidladi BBC.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, bu Livanda so‘nggi o‘nyilliklardagi eng halokatli mojaro bo‘lib, 3823 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Bitim kuchga kirishidan biroz oldin ikkala tomonning ham hujumlari qayd etilgan.