Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qilgan 30 ga yaqin sayt bloklanganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qilishga qaratilgan veb-saytlar yuzasidan doimiy o‘rganish va tahlillar olib borilmoqda.
Reklamaga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bunda bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi veb-saytlarga kirishni cheklash (bloklash) choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, amalga oshirilgan ishlar natijasida bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 42 ta veb-saytni bloklash bo‘yicha AOKAga takliflar kiritilgan bo‘lib, shundan 30 ga yaqin saytlar belgilangan tartibda bloklangan. Qo‘mita bu yo‘nalishdagi monitoring ishlarini davom ettirmoqda.
Sentabr oyi boshida Hamkor Reklama Servis reklama agentligi tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali 1XBET bukmekerlik reklama tovar belgisi ko‘rsatilgan holatlar aniqlangangandi.
Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, Maxsus komissiya tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan Hamkor Reklama Servis agentligiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan qo‘mita vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibning maksimal miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilgan. To‘plangan hujjatlar javobgarlik masalalarini ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.