Prezident 21-noyabr kuni qonun hujjatlariga o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlarni imzoladi. Hujjat kuchga kirdi.
Hujjat muqaddimasida taqiqlanganiga qaramay, elektr toki, portlovchi moddalar, kimyoviy moddalar va biologik vositalar kabi usullardan foydalangan holda ovchilik va baliqchilik qilish holatlari tez-tez uchrab turayotgani qayd etilgan.
Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda. “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunlar ov quroli, jumladan, baliq ovlash quroli bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilmoqda.
O‘z hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirganlik, payhon qilganlik yoki yo‘q qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, shuningdek, uning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etishga doir ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Jinoyat va ma’muriy kodekslarga o‘zgartirishlar
Jinoyat kodeksiga elektr toki, portlovchi, kimyoviy moddalar yoki biologik vositalardan foydalangan holda ov qilish yoki baliq ovlash BHMning 400 dan 600 baravarigacha jarima muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, degan o‘zgartirish kiritilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi: binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yo‘q qilish fuqarolarga BHMning 35 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 60 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bunday huquqbuzarlikni bir yil davomida takror sodir etganlik, shuningdek, daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish, ildizi bilan sug‘orish, shikastlash, nobud qilish yoki qayta ekish uchun fuqarolarga BHMning 50 dan 75 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 75 dan 100 baravarigacha jarima solinadi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi beriladi.
Jinoyat alomatlari bo‘lmaganda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish fuqarolarga BHMning 20 dan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 30 dan 40 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik bir yil davomida sodir etilganligi uchun fuqarolarga BHMning 30 dan 40 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 40 dan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga, ikki marta ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin esa fuqarolarga 40 dan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 dan 70 baravargacha miqdorda jarima solishga yoki 3 yilgacha ov qilish huquqidan mahrum etishga sabab bo‘ladi.
Tegishli ruxsati bo‘lmay turib yoki taqiqlangan joylarda yoxud taqiqlangan muddatlarda, taqiqlangan qurollardan yoki usullardan foydalangan holda ov qilish yoxud baliq ovlash (bundan elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llash hollari mustasno) fuqarolarga BHMning 50 dan 70 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 70 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud shu huquqbuzarliklarni sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilib, uch yilgacha muddatga ov qilish huquqidan mahrum etishga sabab bo‘ladi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining ishiga to‘sqinlik qilish, shu jumladan, tekshirishiga qarshilik qilish, tadbirkorlik subyektlarining hududlari va tuzilmalarini tekshirishga ruxsat berishni rad etish, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etishga oid ko‘rsatmalarini bajarmaslik fuqarolarga BHMning 5 dan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 dan 30 baravarigacha (ilgari mos ravishda 1 dan 3 gacha hamda 3 dan 5 gacha baravar miqdorida edi) jarima solishga sabab bo‘ladi. Bir yil davomida takror sodir etilgan huquqbuzarlik uchun — fuqarolarga 10 dan 15 gacha, mansabdor shaxslar uchun — 30 dan 40 gacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan.
O‘zgartirishlar elektr toki, portlovchi va kimyoviy moddalar hamda biologik preparatlar kabi taqiqlangan vositalar yoki usullardan foydalangan holda noqonuniy ov qilish holatlarining oldini olishga, daraxtlar va butalarni yo‘q qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni bartaraf etishga, davlat inspektorlarining farmoyishlari va davlat ekologik nazorati instituti faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.