Vazirlar Mahkamasi tomonidan 25-noyabr kuni “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Prezident farmoniga muvofiq tuman (shahar)larda atmosfera havosining ifloslanishini fon monitoringi qilishning 347 ta avtomatlashtirilgan kichik stansiyasini xarid qilish va o‘rnatish rejalashtirilgan. Hujjat bilan avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.

Atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifalarga mansub xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlari o‘rnatilgani, shuningdek, sanitar himoya zonalari avtomatik kuzatuv postlari bilan jihozlanganini tekshirish tadbirlari Ekologiya vazirligi tomonidan nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ bilan oldindan kelishmasdan o‘tkaziladi.

Bunda vakolatli organ Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali tekshiruv boshlangan paytdan boshlab yigirma to‘rt soat ichida majburiy ravishda xabardor qilinadi.

Tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari, avtomatik kuzatuv postlari, chang-gaz tozalash uskunalari hamda lokal suv tozalash inshootlari Ekologiya vazirligi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriq shartlar asosida xarid qilinadi va davlat ishtirokidagi korxonalarga xarid qilinadigan uskunalar va xizmatlar bo‘yicha yetkazib beruvchilarga respublika xududida texnik servis xizmatini tashkil etish talabi qo‘yiladi.

O‘rnatiladigan yangi chang-gaz tozalash uskunalarining samaradorligi 99,5 foizdan, modernizatsiya qilinadigan mavjud uskunalarning samaradorligi esa 95 foizdan kam bo‘lmasligi, shuningdek, o‘rnatiladigan yangi hamda modernizatsiya qilinadigan mavjud lokal suv tozalash inshootlarining samaradorligi 80 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.

Hujjat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ekologiya vazirligining avtomatlashgan kichik stansiyalarni xarid qilish uchun talab etiladigan mablag‘larni 2024-yil Davlat budjeti parametrlarida Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan transfertlar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga o‘tkazib berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.

Ekologiya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

a) 2025-yil 1-martga qadar:

  • avtomatlashgan kichik stansiyalarning xarid qilinishi va manzilli ro‘yxat asosida o‘rnatilishini;
  • o‘rnatilgan avtomatlashgan kichik stansiyalar tegishliligi bo‘yicha Gidrometeorologiya xizmati agentligining hududiy markazlari hisobiga belgilangan tartibda o‘tkazilishini;

b) 2025-yil 1-martdan boshlab avtomatlashgan kichik stansiyalar ma’lumotlari atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinishini va uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlaydi.

Ekologiya vazirligi uch oy muddatda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalarini, avtomatik kuzatuv postlarini, chang-gaz tozalash uskunalarini hamda lokal suv tozalash inshootlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.