“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Rossiyadan Toshkentdan shahar atrofi qatnovlari uchun foydalaniladigan yangi elektropoyezd oldi. Bu haqda kompaniya raisi Zufar Narzullayev seshanba kuni Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Rossiyadan xalqqa xizmat qiladigan “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga shaharlararo elektropoyezd olib kelindi. Buni ham xalqimizga xizmat qilishga qo‘yishga topshiriq berildi”, — dedi Zufar Narzullayev.
20-noyabr kuni Telegram`dagi “Ko dnu” kanali Rossiyada ishlab chiqarilgan EP3D elektropoyezdining sinovlari haqida xabar bergandi. EP3D — Rossiya yo‘lovchi elektropoyezdlari bo‘lib, u 2016-yildan buyon Demixov mashinasozlik zavodida ishlab chiqariladi.
Prezident 2022-yilning yozida Toshkentdan Xojikent, Bekobod va Angren yo‘nalishida zamonaviy tezyurar elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi. Davlat rahbari huzuridagi taqdimotda hozirgi poyezdlar parki eskirgani va yo‘lovchilar oqimiga bardosh bera olmasligi ta’kidlangan.
O‘shanda elektropoyezdlarning harakat tezligi pastligi, vokzallar va jamoat transporti o‘rtasi o‘zaro bog‘lanmagani, xizmat ko‘rsatish darajasi pastligi, tariflarni erkin boshqarish imkoniyati yo‘qligi va va boshqa kamchiliklari qayd etilgan.
2021-yilning bahorida “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Toshkentda shahri atrofi qatnovi uchun elektropoyezdlar parkini yangilash rejasini e’lon qilgandi. Xojikent yo‘nalishiga to‘rtta yangi tezyurar elektropoyezdini qo‘yish rejalashtirilgan, bu esa yo‘l vaqtini 2 soat 15 daqiqadan 1 soatga qisqartirishi bildirilgan.
2021-yilda “Gazeta.uz” katta talabga qaramay, hali ham yaxshi rivojlanmagan shahar atrofidagi temiryo‘l qatnovi haqida reportaj e’lon qilgan.
Zufar Narzullayev, shuningdek, prezident yangi yil arafasida elektrlashtirilgan Buxoro — Miskin — Urganch — Xiva (465 km) temiryo‘lini ochib berishini ma’lum qildi. Davlat rahbari, shuningdek, 2025-yilda 196 kilometrlik Miskin — Nukus liniyasini elektrlashtirish bo‘yicha ishlarni boshlashga ruxsat beradi (uni 2026-yil yakuniga qadar tugatish reja qilingan).
Elektrlashtirish Toshkent — Nukus yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Shu maqsadda Koreyadan oltita Hyundai Rotem elektropoyezdi xarid qilinmoqda.
2022-yil oxirida Buxoro, Miskin, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi 465 kilometr temiryo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasining qiymati 445 mln dollarga baholangandi. Shundan 270 mln dollari Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan ajratilgan.