O‘tgan hafta Rossiya tomonidan Ukrainaning Dnepr shahri bo‘ylab uchirilgan yangi “Oreshnik” o‘rta masofali ballistik raketasi portlovchi moddalari bo‘lmagan bir nechta jangovar kallaklarni tashigan, deya xabar berdi Reuters Ukraina hukumatidagi manbalarga tayanib.

Agentlik manbalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, raketa o‘quv kallaklarini olib yurgan. U zarbadan ko‘rilgan zararni “kichik” deb ta’rifladi. Agentlikning ikkinchi suhbatdoshi raketada portlovchi modda bo‘lmaganini aytdi. “Biz kutgan portlashlar sodir bo‘lmadi. Nimadir bo‘ldi, lekin unchalik katta emas”, — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘rta masofali ballistik raketalar, odatda, minglab kilometr uzoqlikdagi nishonlarga uzoq masofali yadroviy zarbalar berish uchun mo‘ljallangan. Raketaning jangovar kallakni olib yuradigan “bosh qismida” portlovchi moddalarning yo‘qligi qurolning xususiyatlarini baholash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan asboblar uchun joy qoldiradi, deb yozadi Reuters ekspertlarga tayanib.

Rossiya qo‘shinlari 21-noyabr kuni ertalab Dneprga “Oreshnik”da zarba berdi. Ukraina havo kuchlari dastlab Rossiya qit’alararo ballistik raketani (QBR) ishlatganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya QBR xususiyatlariga ega bo‘lgan yangi raketadan foydalanganini tasdiqladi, ammo harbiylar ekspertizani yakunlamaganini qo‘shimcha qildi.

O‘sha kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin jangovar sharoitda Rossiyaning eng yangi “Oreshnik” quroli sinovdan o‘tkazilgani va raketa “Yujmash” harbiy-sanoat korxonasiga zarba bergani haqida ma’lum qildi. “Sinovlar muvaffaqiyatli o‘tdi, ishga tushirish maqsadiga erishildi. Dnepropetrovsk shahrida Sovet Ittifoqi davridan beri mashhur bo‘lgan eng yirik sanoat majmualaridan biri vayron bo‘ldi”, — dedi u. Putinning so‘zlariga ko‘ra, zarba Ukrainaga Rossiya hududida uzoq masofali G‘arb qurollarini qo‘llash uchun berilgan ruxsatga javob bo‘ldi.

G‘arb ekspertlarining fikriga ko‘ra, “Oreshnik” RS-26 o‘rta masofali ballistik raketa asosida yaratilgan. Amerika rasmiylarining fikricha, Rossiyada bunday raketalar bor-yo‘g‘i bir nechta bo‘lishi mumkin.

Rossiyaning Astraxan viloyatidan Dnepr bo‘ylab uchirilgan raketa taxminan 700 km masofani bosib o‘tgan bo‘lsa-da, RS-26 uchish masofasi 5000 km dan ortiq.

Kaliforniya shtatidagi Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti professori Jeffri Lyuis Reuters agentligiga bergan intervyusida “Oreshnik”dan foydalanish “unchalik katta bo‘lmagan zarar yetkazishning aql bovar qilmas darajada qimmat usuli”ga o‘xshaydi, dedi.

Dneprga zarba berilgandan so‘ng Ukraina Rossiya hududiga Amerikaning ATACMS raketalarini qo‘llashni davom ettirdi. Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi 23 va 25-noyabr kunlari Kursk viloyati ATACMS raketalari bilan ikki marta o‘qqa tutilgani haqida xabar bergandi. “Javob choralari tayyorlanmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi vazirlik.