1917-yil 27-noyabr oqshomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk demokratik davlat tuzilmasi — Turkiston muxtoriyati tashkil topgani e’lon qilingan edi. O‘shanda minglab turkistonliklar “ixtiyori o‘zida bo‘lgan” hukumat tashkil etilganini qo‘llab-quvvatlash maqsadida namoyishlarga chiqqan. Ammo, mahalliy aholining xohish-irodasi bilan tuzilgan qonuniy muxtoriyat bor-yo‘g‘i 72 kun yashagan — u 1918-yil 22-fevralida bolsheviklar tomonidan qurolli yo‘l bilan tugatilgan.
So‘nggi yillarda Turkiston muxtoriyati mavzusiga bag‘ishlangan bir qator yangi kitoblar chop etildi. “Gazeta.uz” tarixiy sana munosabati bilan ularning ayrimlaridan parchalar keltiradi.
Qahramon Rajabov. “Turkiston muxtoriyati tarixi” (to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashr). “Fan” nashriyoti. 2023-yil. 255 sahifa (pdf)
Tarixchi Qahramon Rajabovning ushbu monografiyasida Turkiston muxtoriyati tarixi masalalari: mintaqa taraqqiyparvarlarining muxtoriyatchilik xarakati, 1917-yilda tashkil topgan milliy siyosiy jamiyat va tashkilotlar (“Sho‘roi Islomiya”, “Ulamo” jamiyati, “Turon”, Turk Adam Markaziyat Federalistlar firqasi va boshqalar) hamda Turkiston muxtoriyati hukumati faoliyati, muxtoriyat vazirlari hamda Milliy majlis a’zolarining hayoti va taqdiri yoritilgan.
Quyida kitobning Turkiston muxtoriyati hukumati faoliyati, Turkiston muxtoriyati hukumatining sovet hokimiyati tomonidan tor-mor etilishi hamda Qo‘qondagi qirg‘inlarga bag‘ishlangan qismlaridan parchalar keltiriladi.
Muxtoriyat xukumatiga Turkiston jamoatchiligining munosabati
XX asr Turkiston xalqlarining eng buyuk oydini, millat taraqqiyparvarlari sardori Abdurauf Fitrat o‘zining Samarqandda chiqadigan “Hurriyat” gazetasida 1917-yil 5-dekabrda e’lon qilingan “Muxtoriyat” nomli maqolasida xalqimiz uchun muxtoriyatchilik harakati va Turkiston Muxtoriyati hukumatining tarixiy o‘rnini, muxtoriyat uchun kurash va uni saqlab qolish kerakligini quyidagicha ko‘rsatadi:
“Turkiston muxtoriyati… Temur xoqonining chin bolalari yoninda, Turkistonning tubchak turklari orasinda, mundan o‘g‘urli [haybatli, buyuk], mundan muqaddas, mundan suyunchli bir so‘zni borlig‘iga ishonmayman.
Turkiston turkining qonini qaynatg‘uchi, imonini yuksaltguchi bir quvvat bor esa, yolg‘uz shu so‘zda bordir: Turkiston muxtoriyati.
50 yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qoplandi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumuruldi, nomusimiz g‘asb qiyaindi, huquqimizg‘a tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi, to‘zimli turdik, sabr etdik.
Kuchga tayangan har buyrug‘ga bo‘yinsundik, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermadik, yashrun turdik, emgaklarimizg‘a o‘rab saqladik: Turkiston muxtoriyati!
Mahkama eshiklaridan yig‘lab qaytg‘anda, yoruqsiz turmalarda yotg‘anda, yirtg‘uchi jandarmning tepgusi bilan yiqilg‘anda, yurtlarimiz yondurulg‘anda, dindoshlarimiz osilg‘anda ongimiz yo‘qoldi, miyamiz buzildi, ko‘zimiz yog‘dusiz qoldi, biror narsani ko‘rolmadik. Shul chog‘da, tushkun ruhimizni ko‘tarmak uchun shul qop-qorong‘u dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz yalqillab tura (r) edi. Biror narsaga o‘tmagan ko‘zimiz shuni ko‘rar edi. Ul nima edi? Turkiston muxtoriyati!
Biz aniq bila (r) edikkim, zolim Nikolay hukumati qancha yasharsa yashasun, adolat oshiqi bo‘lg‘an… rus demokratiyasi, haqg‘a tayangan bir inqilob, har millatning o‘z haqlarini qaytarur.
Inqilob bo‘ldi. Rusiyaning “qo‘shma xalq jumhuriyati” usuli bilan idora etiluri jarlandi. Shul e’lon uzra yasalgan Ukraina, tatar va boshqa millatlar muxtoriyatlari tasdiq etildi. Qo‘nuq Turkistonniki edi. Turkistonning tarixiy xonbaliqlarindan ikkinchisi bo‘lg‘an Xo‘qand shahrinda to‘plang‘an Turkiston qurultoyi 27 no‘yabrning “milliy laylaturqadrimiz bo‘lg‘an” yarim kechasinda Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi".
Fitrat muxtoriyat hukumatini turkistonliklar millati himoya qilishi va saqlashi kerakligini ta’kidlab, o‘zining ehtiros va o‘ta pafosga to‘la maqolasini quyidagicha tugatadi:
“Lekin shunisi borkim, bir millatning muxtoriyati yolg‘uz bir s’ezdning e’loni bilan tamom bo‘lmas. Muxtoriyatni olmoq va saqlamoq kerakdir. S’ezd o‘z ishini qildi. Qolg‘anlari butun millatning vazifasidir. Muxtoriyatni saqlamoq uchun kuch lozim. Muxtoriyatni bajarmoq uchun aqcha keraqdir. Bularni millat hozir qilsun”.
***
Turkiston o‘lkasining turli shahar va qishloqlarida muxtoriyatni olqishlab, ko‘p ming kishilik namoyishlar bo‘lib o‘tdi, xususan, 1917-yil 1-dekabrda Namangan uyezdida 100 mingga yaqin kishi qatnashgan katta namoyish bo‘ldi. O‘sha davrda chiqqan gazetalarning yozishicha, namoyish qatnashchilarining bayroqlarida “Yashasin Muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” deb yozilgan so‘zlar xilpirab turardi.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan viloyat Sovetlarining s’ezdida yig‘ilganlar Turkiston Muxtoriyatiga qo‘shilishga qaror qildilar va Millat Majlisi tarkibiga 5 nafar vakil sayladilar.
“Ulug‘ Turkiston” gazetasining yozishicha, 1917-yil 6-dekabrda Toshkentdagi Jome’ masjidida 60 ming kishi ishtirok etgan miting o‘tkazildi. Gazeta xabarlariga ko‘ra, “masjidning ichki sahni odamlar bilan liq to‘lgan edi”. Namoyish Saidg‘ani Maxdum raisligida o‘tdi. Munavvarqori va Sherali Lapin uning muovinlari bo‘ldi. Munavvarqori tashabbusi va rahbarligida uyushtirilgan bu miting qatnashchilari Muxtoriyatli Turkiston hukumatini bir ovozdan ma’qulladilar va Turkistonda endi ushbu Muvaqqat hukumatdan boshqa hech qanday hokimiyatni tan olmaslikka qaror qilganlariklarini e’lon qildilar. So‘ngra namoyish qatnashchilari “Allohu akbar” deya hayqirib, Millat Majlisiga sodiq qolishga qasamyod qildilar.
Namoyishda so‘zga chiqqan Munavvarqori, Miyon Buzruk, Mulla Odil, Sherali Lapin va boshqalar bolsheviklar va sovet hokimiyatiga bo‘lgan munosabatlarini ochiq bildirishdi. Gazetaning yozishicha, Turkiston o‘lka Xalq Komissarlari Soveti, ya’ni yangi o‘rnatilgan sovet hokimiyatining Toshkent shahar dumasini tarqatib yuborish haqidagi buyrug‘ini bugungi kunda mutlaqo mumkin bo‘lmagan hodisa deb baholadi. Bu holat manbada quyidagicha kinoya bilan qayd etiladi:
“300 000 kishi nomidan demokratik yo‘l bilan to‘rt bosqichli saylov haqidagi qonunga muvofiq saylangan Toshkent shahar Dumasi a’zolari o‘rniga 700−800 soldat va ishchilar tomonidan Aleksandrov bog‘ida saylangan 4−5 komissar bilan almashtirilgan, xolos”.
Namoyish yakunida bir ovozdan quyidagi qaror qabul qilinadi:
“Biz — musulmonlar sinf va daraja ayirmalariga qaramay, Turkiston Muxtoriyatini olqishlagan holda, Qo‘qondagi favqulodda qurultoy tarafidan e’lon qilingan Turkistonda xalq hukumatini vujudga keltirish haqidagi qarorga butun vujudimiz bilan qo‘shilib, ishonamizki, buyuk Rossiya inqilobi tarafidan e’lon etilgan hokimiyat haqidagi tamoyillar asosida Rossiya birlashgan demokratiyasi Turkiston xalqi tarafidan bir og‘izdan bayon etilgan tilagiga qo‘shilur hamda barcha istiqlol yo‘lida qadam bosishda va o‘z kunimizni o‘zimiz ko‘ra boshlashda yordam etar.
Shunga imon etgan holda, biz o‘lkadagi hamma musulmonlarni Muxtoriyatli Turkiston hukumati atrofida jipslashib, hozirgi o‘lka idorasi boshida bo‘lib turgan muvaqqat tashkilotlar bilan qanday bo‘lmasin dushmanlarcha muomala qiluvdan saqlanishga da’vat etamiz.
Turkiston Muxtoriyati amaliy suratda tezroq vujudga kelishi uchun tinchlik va totuvlikni saqlashimiz kerak. Toinki, shuning orqasinda o‘zaro so‘g‘ish bo‘lmasin va bugundan e’tiboran hur bo‘lgan Turkistonning bir to‘g‘on kabi xalqlarimiz orasida gunohsiz qon to‘kilmasin.
Yashasin Muxtoriyatli Turkiston!".
Turkiston xalqlarining Muxtoriyat uchun olib borgan kurashida 1917-yil 13-dekabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan fojiali voqealar muhim o‘rin tutadi. Sana Rasululloh Muhammad (s.a.v.)ning mavludi sharif kuniga to‘g‘ri kelgan. Muxtoriyatli Turkiston hukumati muqaddas mavlud kuni — 13-dekabrni “Turkiston Muxtoriyatining milliy jamg‘armasiga pul yig‘ish kuni” deb e’lon qildi hamda bu mablag‘ mustaqillik va ozodlikni mustahkamlashga xizmat qilishini bildiradi.
Bayram arafasida Toshkent Eski shahar aholisidan Toshkent Soveti (Toshsovet)ga miting va namoyishlar o‘tkazish uchun ariza tushadi. Toshsovet qaroriga ko‘ra, miting va namoyishni Toshkentning Eski shahar qismida o‘tkazilishi ma’qullanib, uni Yangi shahar (gorod)da o‘tkazish ta’qiqlandi. Bu namoyishga bolsheviklarga muxolifatda bo‘lgan boshqa siyosiy kuch — Toshkent shahar Dumasi ham katta tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.
Shahar Dumasi 9-dekabrda namoyish munosabati bilan eski shaharliklarga murojaat bilan chiqqan. Unda bo‘lg‘usi namoyish tinch va osoyishtalik bilan o‘tishi kerakligi, qora guruhlar shahar aholisi, ayniqsa, soldatlar orasida bu namoyish go‘yoki ruslarga qarshi degan ma’noda tuhmat gaplar tarqatib ulgurgani aytilib, xalqqa shunday murojaat qilinadi:
“Fuqarolar! Hushyor bo‘ling! Xalq dushmanlari tarafidan uyushtirilgan ig‘volarga ishonmangiz. Qora kuchlar ruslar bilan musulmonlarni talashdirurg‘a tilaydilar. Namoyish faqat totuvlik uzrina yasalajak. Shunga ko‘ra, Siz, fuqarolar, rabochiy, soldat, rus va musulmonlar bu namoyishni tabrik ila qarshi olingiz. Chunki haqiqiy demokratlar hammasi bir kishi tufayli muxtoriyat va xalqlarning o‘z turmushlarini o‘zlari belgilash huquqini himoya qilishga qarshi chiqmasligi kerak”.
13-dekabr erta tongda Eski shahar bayram qiyofasida bo‘lgan. Har tarafdan ko‘cha va tor ko‘chalardan Shayxontohur masjidi tomon guruh-guruh odamlar oqib kela boshladi. Soat 12 larda ko‘p ming kishilik yig‘in to‘plandi. Hukmron partiyalarning rahbarlari va sovet komissarlari mitingga qo‘shiladi.
Bu paytda Toshkentning ruslar yashaydigan “gorod” qismi ham gavjum bo‘lgan. Erta tong bilan bu yerdan ham juda katta guruh “Turkiston o‘lkasiga muxtoriyat!” shiori yozilgan bayroq bilan kela boshladi. Bu Toshkentning yangi shahar qismidagi rus demokratik jamoatchiligining vakillari edi. Ular Shayxontohur masjidi tomon yurib, musulmonlarni tabriklamoqchi bo‘lgan. Harbiylar ularni va yana ikki-uch ming kishilik olomonni Eski shaharga o‘tkazib yuboradi.
Bu holat va keyingi voqealar to‘g‘risida “Ulug‘ Turkiston” gazetasida shunday yoziladi:
“Namoyishga musulmonlardan tashqari ruslar, yahudiylar, armanilar, shuningdek, bolsheviklardan boshqa turli ijtimoiy-siyosiy tashkilotlarning vakillari ham chiqishdi. To‘planganlarning boshi uzra yuzga yaqin qizil-moviy va yashil bayroqlar xilpirardi. Namoyishni Munavvarqori ochdi. U yig‘ilganlarni muborak kun bilan tabrikladi. Ruslar orasida namoyish vakilligiga doktor Shorts saylandi. Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov va Sadriddin Maxdum [Sadriddinxon Sharifxo‘ja] kotiblikka saylandi. Bu yerga yig‘ilgan mullalar Qur’oni karimdan suralar o‘qishdi. Namoyishda turli tashkilotlar va uyushmalar vakillari nutq so‘zladi. Ular ma’ruzalarida o‘zlarini xalq komissarlari deb atagan bolsheviklarning xatti-harakatlaridan noroziliklarini bildirishdi”.
Ayni shu paytda to‘planganlar orasida bolsheviklar tomonidan maxsus yollangan g‘alamis va ig‘vogarlar chiqib, yig‘ilganlarni qamoqxonaga borib, sobiq muvaqqat hukumatning Toshkentdagi harbiy komissari Grigoriy Dorrer va hibsdagi boshqa kishilarni ozod qilish, so‘ngra hokimiyatni qo‘lga olishga chaqira boshlashdi.
Bu chaqiriqdan keyin yuzlab namoyishchilar O‘rda (hozirgi Anhor) ko‘prigidan o‘tib, Moskva ko‘chasi bo‘ylab yangi shahar tomon yo‘l olgan. Ular shaharga kirgach, namoyishchilar o‘rtasida tartibsizliklar boshlangan. Bir guruh kishilar shahar soqchilari boshlig‘i Gudovichni garov uchun qo‘lga olgan hamda qamoqxona tomon yurgan. Ular Toshkent qamoqxonasi (Toshturma)dan graf Dorrer va Bex-Ivanovni ozod etgan. So‘ngra bu namoyishchilar Kaufman bog‘iga yo‘l oladi. Xuddi shu yerda bolsheviklarning buyrug‘i bilan soldatlar namoyishchilarni o‘qqa tutgan. Eski shaharlik 16 kishi ushbu to‘qnashuv qurboni bo‘lgan. Dorrer va Bex-Ivanov esa bolsheviklar tomonidan qo‘lga olinib, otib tashlangan.
Toshkentdagi 13-dekabr fojiasi mintaqada kuchli aks-sado berdi. Bu hodisa bolsheviklar va sovet hokimiyatining haqiqiy basharasini ochib tashladi. Kelgindi va shovinist rus komissarlari tomonidan o‘rnatilgan yangi rejim oradan 40 kun o‘tar-o‘tmas tinch namoyish o‘tkazayotgan turkistonliklarni miltiq va pulemyotlardan o‘qqa tutib, ayovsiz qirib tashladi. Biroq hozirgacha bu mash’um hodisaga — holbuki o‘shanda sovet rejimi va bolshevik komissarlari Turkistondagi tub aholini ilk marta qirg‘in qilgan edi — na huquqiy va na siyosiy baho berildi. Hurriyat uchun ko‘chaga chiqqan va qurbon bo‘lgan eski shaharlik o‘zbeklar nomi va xotirasi ham abadiylashtirilmadi…
Bolsheviklar va sovet hokimiyati amalga oshirgan bu qonli xunrezlikni keskin qoralab chiqqan Turkiston Muxtoriyati hukumati 15-dekabrda bu voqealar yuzasidan o‘lkaning barcha aholisiga maxsus murojaatnoma bilan chiqadi:
“Biz Xalq Majlisi va Turkiston Muxtoriyati Muvaqqat hukumatining a’zolari chin yurakdan taassuf bildiramiz va turkistonlik musulmonlarning ezgu his-tuyg‘ularini haqoratlovchi bu voqealarga qarshi chiqamiz. Ana shu munosabat bilan bizlar mamlakatda tartib va osoyishtalik o‘rnatilishi uchun zarur choralar ko‘rish yo‘lida barcha kuchlarimizni ishga solamiz. Hozircha esa Turkiston xalqidan sobitlik va xotirjamlik ko‘rsatishlarini so‘raymiz. Bu eng og‘ir kunlarda musulmonlarning tinchlikni saqlab qolishlari nihoyatda zarurdir”.
Sovet hokimiyati va bolsheviklar esa bu qonli voqealardan boshqacha xulosa chiqardi. Ular Qo‘qonda faoliyat ko‘rsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumatini keng jamoatchilik ko‘z o‘ngida obro‘sizlantirish va qoralash uchun barcha vositalarni ishga soldi. Bolsheviklar propagandasi tomonidan o‘sha paytlardayoq bu hukumat tahqirli ravishda “Kokandskaya avtonomiya” deb nomlandi. Go‘yoki u pomeshchiklar va burjuaziya hukumati bo‘lgan emish, go‘yoki muxtoriyatchilar 50 yil muddatga Turkiston ustidan Angliya davlati hukmronligini tan oladigan maxfiy shartnoma imzolagan emish va hokazo. Toshkent sovet hokimiyati rahbarlari muxtoriyat hukumatini qurolli kuch bilan ag‘darib tashlash uchun barcha vositalarni zudlik bilan tayyorlashga kirishdi. Ular Markazdan harbiy va moddiy yordam so‘rab, Petrograddagi sovet hukumatiga telegraf orqali murojaat qildi.
Biroq mintaqada Turkiston Muxtoriyati hukumatini qo‘llab-quvvatlash, bolsheviklar va sovet rejimining bunday tazyiqlarga qaramay, davom etaverdi.
Turkiston Muxtoriyatiga munosabat masalasi 1917-yil 26−30-dekabrda (yangi hisob bilan 1918-yil 8−12-yanvarda) Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan musulmonlarning yerli ishchi, askar va dehqon deputatlari 1 favqulodda qurultoyining diqqat markazida bo‘ldi.
Qurultoy ochilishini Turkiston o‘lka Harbiy sho‘rosi rahbari, etnik tatar Orif Shokirovich Klivleyev qutladi. Matbuotda yozilishicha, Muvaqqat Millat Majlisi nomidan Islom Shoahmedov, Qo‘qon shahar Dumasi raisi o‘rinbosari Obidjon Mahmudov va boshqalar ham qurultoyni tabriklagan. Faqat bolsheviklar partiyasining vakili, o‘lka Mehnat xalq komissari P.Poltoratskiy qurultoyda dag‘dag‘ali ohangda so‘zlab, o‘zbek xalqi tarixidagi ilk demokratik hukumatni “boylar muxtoriyati” deb tuhmat qilgan.
Poltoratskiy: “Biz kambag‘allar muxtoriyatiga qarshi emasmiz”, deb munofiqlik ham qiladi. Qurultoy vakillarining ko‘pchiligi esa Poltoratskiyning bunday ig‘vo va aldovlariga uchmadi. Xususan, Mustafo Cho‘qay buni quyidagicha qayd etadi: “Poltoratskiyning so‘zlariga hech kim quloq solmadi, chunki Turkistonda sovet hokimiyati mustahkam asosga ega emasdi”.
30-dekabrda Turkiston Muxtoriyati hukumatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Sovetiga ishonchsizlik bildirish to‘g‘risida qabul qilingan maxsus qaror qurultoy qatnashchilari siyosiy ongining yetuklik darajasidan nishona edi. Mazkur hujjatda quyidagi fikr alohida ta’kidlanadi:
“1) Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti barcha aholi, ayniqsa, musulmonlar xohish-istaklarining ifodachisi emasligi;
2) Turkiston o‘lkasi xalqlari irodasi ikkita qurultoyda muxtoriyat e’lon qilinganda ifodalanganligi;
3) Turkiston yagona hukumat organi butun musulmonlarning qurultoyida tashkil topgan va musulmon ishchi, askar va dehqonlarining qurultoyida to‘ldirilgan Turkiston Muxtoriyati hukumati ekanligini e’tiborga olib,
Musulmon ishchi, dehqon va askarlar qurultoyi Turkiston Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni darhol Turkiston Muxtoriyati hukumati va Millat Majlisiga topshirsin deb istak bildiradi, chunki ushbu qurultoy Muxtor Turkistondagi barcha demokratik qatlamlardan tashkil topib butun yo‘qsillar o‘y-fikrlarining ifodachisidir…".
Muslimbek Alijonov. “Turkiston hurriyat yo‘lida”. “Mahalla va oila” nashriyoti. 2024-yil. 254 sahifa (pdf)
Bolsheviklarning zulmi va istibdodi natijasida vatanini tark etishga majbur bo‘lgan turkistonlik ziyolilar tomonidan 1929−1939-yillarda Fransiya poytaxti Parijda nashr etilgan “Yosh Turkiston” jurnali ham, shubhasiz, jadidchilik harakatining hosilasi edi. Ushbu kitobga ana shu “Yosh Turkiston” jurnalida chop etilgan vatan, millat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan eng dolzarb maqolalar, arab alifbosiga asoslangan eski o‘zbek yozuvidan joriy o‘zbek alifbosiga tabdil etilgan holda kiritilgan.
Quyida kitobdan Mustafo Cho‘qayning “Yosh Turkiston”da chop qilingan “Bolsheviklar “tarix”ni qanday yozadilar?”, “Muxtoriyatdan istiqlolg‘a” va “Dekabr xotiralari” qismlaridan parcha havola qilinadi.
Bolsheviklar “tarix”ni qanday yozadilar?
Toshkentda chiqadirg‘on ruscha “O‘rta Osiyoda inqilob” majmuasining birinchi va ikkinchi sonlarida Aleksenkov ismli birisining Qo‘qon Muxtoriyati to‘g‘risida uzungina bir maqolasi bosilg‘on. Bu maqolada Qo‘qon Muxtoriyati davrida bo‘lib o‘tgan voqealar haqidagi ma’lumotdan ham ko‘ra o‘ylab topilg‘on yolg‘onlarg‘a ko‘proq ahamiyat berilgan.
Men tomonimdan nashr etilishg‘a tayyorlanayotg‘on risolada, bizning milliy kurashimizning bu davri haqida asl voqea yozilg‘oni kabi, bu sovet “tarixchi”sining o‘ylab chiqarg‘on butun yolg‘onlari ham mufassal suvratda aytiladir. Endilikda yolg‘iz uning juda ham qo‘pol bo‘lib ketgan bir yolg‘onni tanqid etib ketishni lozim topaman.
Bolsheviklar “tarixchi”si Aleksenkovning Qo‘qon hukumati a’zolari qilib sanag‘on sakkiz kishining beshi o‘zi o‘ylab topg‘on ismlardir. Bu o‘ylab topilg‘on ismlar quyidagilardir:
- Potelyaxov,
- Miraloy Chanishev (polkovnik),
- Zigel,
- Vadyayev,
- Yusuf Davidov.
Bu ismlari keltirilgan kishilarning hech biri hukumat hay’atiga kirgan emas edi. Yolg‘iz Zigelgina shaxsan menim tarafimdan, hukumat nomidan chiqarilmoqchi bo‘lg‘on qisqa muddatli qarz to‘g‘risida xususiy bir kengashga chaqirilg‘on edi. Boshqalarning esa hukumat bilan hech bir aloqasi bo‘lmag‘on, hatto hukumat binosiga bir daf’a bo‘lsun qadam bosmag‘onlar.
Bu yerda Chanishev (polkovnik) deb atalg‘on shaxs haqida quyidagilarni yozib o‘tishni lozim topaman. Toshkentda Mahdi Chanishev ismli Ziroat ministrligining bir ma’muri yashar edi. Keyinchalik u Qo‘qong‘a bordi. Bu Chanishevning bolsheviklarga yaqinlig‘i haqida hukumatning qo‘lida ma’lumot bo‘lg‘onidan, men bu kishini hukumat binosiga kiritmaslik to‘g‘risida buyruq berdim. U shundan so‘ng Qo‘qondan Toshkentga qaytib ketishga majbur bo‘lg‘on edi…
Qo‘qonning sovet rus askarlari tarafidan tor-mor etilgan kunlarda Mahdi Chanishev Qo‘qonda ko‘rinib qolg‘on edi. So‘ngra u Ergash bilan kelishdi. Bu Chanishev yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona shahri)da otib o‘ldirilgan edi. Chanishev ismli (polkovnik) va yo boshqa bir zobit bizda bo‘lmag‘on.
Bolsheviklar “Turkistondagi inqilob harakati tarixi”ni mana bu usulda yozadirlar. Turkistonda yashayotg‘on, sobiq Qo‘qon Muxtoriyati hukumati a’zolari Aleksenkov maqolasini albatta o‘qug‘onlar, biroq ular yolg‘onchi bolsheviklar “tarixchi”sining o‘ylab chiqarg‘on yolg‘onlarini rad etarlik bir holda emaslar.
Mustafo Cho‘qay,
“Yosh Turkiston” jurnali 1930-yil 3−4- (fevral) sonlari
Muxtoriyatdan istiqlolg‘a
Bizning yoshgina milliy harakatimiz tarixida, vaqti kelgan sayin eslab ketishlik kerak bo‘lg‘on bir qancha muhim kunlar bordir. Mana bunday tarixiy kunlarning birisi 1917-yil 10-dekabrdir. Bu kuni Qo‘qon shahrida to‘plang‘on IV Turkiston favqulodda o‘lka qurultoyi, Turkiston Muxtoriyatini e’lon qilgan edi. Biz bu harakatni bugungi milliy qurtulish harakatimizning birinchi poyasi va bu yo‘lda jasorat bilan tashlang‘on bir odim deb bilamiz.
Og‘ir tajribalar bilan to‘la o‘n uch yilliq dahshatli hayot davrini kechirgandan so‘ng, endi u zamonning yanglishliqlarini ko‘rish va so‘ylash osondir. O‘n uch yil burun biz milliy harakatimizning prog‘romini bajarar ekanmiz, Muxtoriyat bilan kifoyalansak, to‘g‘ri bo‘lur deb o‘ylagan edik.
U zamon Rusiya asoratinda bo‘lg‘on leh va finlardan boshqa butun millatlar Rusiya inqilobi va rus demokratiyasining insof va haqqoniyatiga chindan ham ishonar edilar. Leh va finlardan boshqa hech bir xalq milliy qurtulishni darhol yuzaga chiqarishni o‘ylay olmag‘on edi. Hatto anchag‘ina zamon o‘tgandan so‘ng, 1918-yili Kafkaziya Seymi Ozarbayjon, Armaniston va Gurjiston istiqlolini e’lon etarkan u istiqlolg‘a boshida vaqtinchalik bir hodisa kabi qarag‘on edi. Ular Rusiyada demokratik federativ Jumhuriyat idorasi qurulsa Kafkaziyaning ham bu federatsiyun oilasining bir a’zosi bo‘lishini o‘ylaganlar edi.
Shu rus inqilobi va rus demokratiyasiga inonishliq o‘z vaqtida biz turkistonliklarda ham bor edi. Shu ta’sir ostida biz milliy talabimizni ishga oshirishni Muxtoriyat bilangina talab etgan edik.
“Eski rumoliklar zamon o‘zgaradir. Uningla barobar biz ham o‘zgaramiz”, deyarlar edi.
“Zamon o‘zgardi”. Bizning rus inqilobiga bo‘lg‘on ishonch va umidimiz to‘g‘ri chiqmadi.
Rus inqilobchi demokratiyasi yolg‘iz bu inqilobni yo‘qotish bilangina qolmadi. U bizga o‘z milliy haqqimiz masalasini uningla do‘stliq va insof prinsiplari atrofida munoqasha etarok hal eta olish haqindagi qanoatimizning yanglish ekanligini ochiq ko‘rsatdi.
Bunga rus inqilobchi demokratiyasining eng oldindagi shaxsiyatlaridan biri, fevral inqilobi oshig‘i va Rusiya vaqtli hukumatining boshlig‘i bo‘lg‘on Kerenskiy jonli bir misoldir. Kurd Osiyoning mudofaasi uchun butun dunyosi yordamga chaqirib baqirishdan og‘zi ko‘pirib charchamag‘on Kerenskiy, xalqimizning rus bolsheviklaridan ko‘rayotgan zulmini tirnoq ostiga olibgina qaradi.
“Zamon” boshqa bir tarafdan ham “o‘zgardi”. Bizning xalq siyosiy tomondan ham o‘sdi. U o‘zini siyosiy balog‘atga erishgan deb his etadir. U endi milliy manfaatining yolg‘iz o‘ziga tegishli miqdorninggina o‘z qo‘lida bo‘lishi to‘g‘ri ekanligini yaxshi biladi. Milliy istiqlol bizni butun dunyodan ayirib, o‘rab oladirg‘on Xitoy devori bo‘lmag‘oni kabi u kimningdir haqiga qarshi qilingan suiqasd ham emasdir. Milliy istiqlol, bilaks, zolimlarning zulmidan, qaroqchilarning talashidan yurt va xalqimizni saqlash harakati demakdir.
Inqilobchi rus demokratiyasi namoyondasi Kerenskiyning inonmoq istamasdan tirnoq ostidan kir qidirgan holda yozadirg‘on va tarixda misli ko‘rilmagan rus proletariyatining ezishini, Turkiston xalqi shu yilgacha kechirgan va qurbon etilgan millionlarcha turkistonliklarning qoni bilan sug‘orilg‘on temir chanbar deb biladir. Milliy istiqlol harakati shu bo‘g‘uvchini — temir chanbarni uzib tashlash kurashidan iboratdir.
Muxtoriyat bizning kechmishimizga oid tarixiy bir hodisadir. Biz uni eslaymiz, faqat endi o‘zini istamaymiz. Unga qaytish yo‘qdir!
Har bir voyaga yetgan odam o‘z kechmishini, bolaliq davrini eslasa ham u bolaliqg‘a qaytishni istamaydir. Shunga o‘xshash biz ham milliy-siyosiy hayotimizning bolaliq davri bo‘lg‘on Turkiston Muxtoriyatini yolg‘iz tarixiy bir hodisa debgina eslaymiz.
Mustafo Cho‘qay,
“Yosh Turkiston” jurnali, 1930-yil 13- (dekabr) soni
Dekabr xotiralari
Dekabr oyi biz turkistonliklar uchun xotirali bir oydir. 1917-yilning 10-dekabrida (eski taqvim bilan 27-noyabrda) Turkiston Muxtoriyati e’lon etilgan edi. 1929-yilning dekabrida esa biz “Yosh Turkiston”imizni tarqata boshladik.
Muxtoriyat, bu — bizning kechmishimiz, bizning hozirliqsiz davrimizning va rus inqilobig‘a, rus inqilobchi demokratiyasiga ishonganimizning tamg‘asidir. “Yosh Turkiston” esa — bizning kelajagimiz, Turkistonning qurtulishi va istiqloli uchun yurutib turg‘on kurashimizning bayrog‘idir. “Kurash bayrog‘i” — bu daha g‘alaba emas, balki g‘alabaga chaqiruvdir.
Biz bu yerda bultur sovet diktaturasiga 14 yil to‘lishi munosabati ila yozganlarimizni qaytarib o‘tamiz: “Bizni na yuksak tovush bilan so‘ylangan so‘zlar, nada majmua maqolalari qutqara oladir. Biz uchun har narsadan avval milliy birligimizni saqlash, uni kuchaytirish va milliy shuurni quvvatlantirish kerak”.
Biz, hozirgi umumiy, siyosiy sharoit ichida bola xarxashasiga o‘xshaydirg‘on va faqat “nomsiz majmua” kabi avvaldan yopilishg‘a mahkum majmualardagina yozilishi mumkin bo‘lg‘on “G‘arbiy Turkiyadan Yoqutistonga qadar birlashgan turk millati” qurmoq tilagiga berilib o‘tirmaymiz. Bizning chun, endigi yangi siyosiy sharoit ichida, yaqindag‘ina bo‘lib o‘tgan ikki haqiqat, yetarlikdir: Umumiy turk milliy-madaniy qaynog‘i birligining tasbiti (Anqara turk tarixi konferensi) va endigi Turkiya Jumhuriyati maorif vakili hurmatli doktor Rashid G‘olibbekning (Istanbulda bosilg‘on bir gazeta, Samarqanda o‘qilib anglashiladir) deya Istanbul turk tili konferensiyasining ma’no va ahamiyatini belgilagan bayonotidir. Tarixiy davrning hozirgi faslida bizning Onado‘lilik tug‘onlarimizdan tilagimiz, mana shu ikki muhim istiqomatda davomli va teran bir suvratda ish ko‘rmakdir.
Bizning siyosiy va milliy qurtulishimiz, har narsadan avval bizning o‘z ishimizdir. Bu yuksak g‘oyamizga bizning kabi o‘z milliy ozodligi uchun umumiy dushmang‘a qarshi kurashuvchilarning eng mahkam suvratda birlashmaklari ila tezroq erishajakmiz. Bilhossa butun turk kuchlarining — tatar, boshqird, qrimlik, ozarbayjon va turkistonliklarning — o‘zaro jips suvratda birlashmaklari lozimligini aytib o‘tmak va rivojlantirmak kerak.
Ularning orasida hech bir ixtilof bo‘lmaslig‘i kerak. “Yosh Turkiston” bor kuchi bilan bu g‘oyag‘a xizmat qilib keldi, unga da’vat etdi va tolmasdan yanada xizmat etajakdir…
Muxtoriyat e’loni butun Turkistonda siyosiy ruhning ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Muxtoriyat hukumatining poytaxti bo‘lg‘on Qo‘qondan so‘ng Toshkentda ham katta bir hayajon hukm surmakda edi. Muxtoriyat e’lon etilar-etilmas darhol Toshkentda bu hodisani bayram etishga hozirlana boshladilar.
Turklar va ruslar barobarlikda hozirlandilar. Toshkent shahar aminligi (Shahar dumasi) hozirliqning markazi edi. Shahar ichida namoyish pro‘g‘romi tuzilgan edi. U zamonning rasmiy ma’lumotnomalarini ko‘zdan kechirsangiz umumxalq bayramining qanday tus olganini ko‘rajaksiz. Bayram kuni — 13 (26) dekabr Toshkent tevaragidan shaharga o‘n mingdan ortiq otliq yigitlar kelgan edi. Butun shahar bayroqlar va “Yashasun Turkiston Muxtoriyati!”, “Yashasun Turkiston Majlisi muassoni!”, “Yashasun Turkiston Muxtoriyati hukumati!” shiorlari yozilg‘on katta plakatlar bilan bezalgan edi. Bayram tashkilotchisi turkiy xalqning joni, yuragi — nomus va ruhiy erklik timsoli bizning Munavvarqori edi. Toshkent bolsheviklari bu bayramdan haqiqatdan ham qo‘rqg‘onlar va shuning uchun ham o‘z boshliqlari — Sovnarkom raisi Kolesov va uning o‘rinbosari Uspenskiy nomidan bu bayramg‘a qatnashmoq va Turkiston Muxtoriyatini tabrik etmak istaganlarini bildirgan edi.
Tong chog‘idan boshlab shaharda namoyishlar boshlandi. Shaharning turli qismlarida notiqlar uchun minbarlar qurulg‘on edi. Nutqlar so‘zlandi. Milliy qurtulish yo‘lida birinchi bosqich bo‘lg‘on Muxtoriyatning ma’nosi anglatildi. Bolsheviklar ham so‘z so‘yladilar va bular ham Turkiston ta’sis majlisini tan olishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Turkistonliklarning siyosiy umumiy afv etmak va qamoqg‘a oling‘onlarni ozod etmoq haqidagi talablarga sovet hukumati vakillari rozilikla javob berdilar va bolshevik shahar qo‘mondoni Guduvich shaxsan o‘zi Toshkent qamoqxonasining eshigini ochib ichidagi barcha siyosiy mahbuslarni ozodliqqa chiqarib yubordi…
Kun butunlay tinch o‘tdi. Hech bir anglashilmovchiliq bo‘lmadi. Har yerda o‘rnak bo‘lurliq intizom bor edi. Kechqurun namoyishchilar tarqalishni boshladi. Bir to‘p odamlar eski shaharga qaytmoqda edilar. Bular bilan birgalikda endigina qamoqdan qutqarilg‘on bir necha odam va bularning ichida burung‘i Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasi a’zosi G‘arof Durar ham bor edi. Namoyishchilar O‘rdadagi tor ko‘prikning ustidan endigina eski shaharga kirmoqchi edilar. Birdan o‘q otildi. O‘qsochar 182 chaqilladi. Bu o‘qlarni bolsheviklar tomonidan maxsus qo‘yib qo‘yilg‘on sovet askarlari otayotgan edi (Ta’kid muallifniki). Qurolsiz xalq ichida dahshatli bir qaram-qarshilik tug‘ildi, yaralang‘onlarning faryodi… miltiq va pulemyotlardan o‘q otilish davom etmakda… Tor bir ko‘prikka qisilib qolg‘on qurolsiz odamlar to‘dasi bir-birini bosib ezadir…Yuzlarcha inson kanalga o‘zini tashlaydir. Bir qanchasi suvda cho‘kadir…
Insonlar to‘dasi tarqaladir. Otishlar to‘xtaydir. Voqea joyida o‘nlarcha turk shahidi qong‘a bo‘yanib yotadir, yuzlarcha yaralang‘on va o‘nlarcha suvda bug‘ilg‘on turk namoyishchilari qoladir.
Rus bolsheviklari Turkiston Muxtoriyatini bizningla barobar mana shunday “bayram” qilganlar. 13 (26) — ila 14 (27) — dekabr orasidag‘i butun kecha bo‘ylab shaharda ruslarning miltiq otishlari davom etdi. Bu, bolsheviklarning Muxtoriyat bayramida qatnashg‘on ruslar bilan hisob-kitoblari edi.
Toshkent bolsheviklarining qo‘mondoni Guduvich keyinchalik bu voqeaga izoh berarkan, namoyishchilarning qamoqxona eshigini ochmoqg‘a kuch bilan majburlaganlarini so‘ylamish… Biroq, na Kolesov, nada Uspenskiy hech bir zamon o‘zlarining Muxtoriyat bayramig‘a qatnashuvg‘a, Muxtoriyatni tabrik etuvga va uning mudofaasi uchun haroratli nutqlar so‘ylashga kuch bilan majbur etilganlarini so‘ylamadilar…
1917-yil 13 (26) — dekabr — rus bolsheviklarining bizning xalqimizg‘a qarshi xiyonat etgan kundir. Ular shuni o‘nlarcha qardoshlarimizni xoinona bir suvratda o‘ldirmishlardir. Bu kundan e’tiboran biz bilan rus bolsheviklari orasida ochiqdan ochiq qonli kurash boshlanmishdir.
Bolsheviklarning xoinlig‘i qurbonlarining qoni o‘ch (intiqom) istaydir. U qardoshlarimizning xotirasig‘a yolg‘iz Turkiston istiqloligina loyiqdir.
Mustafo Cho‘qay,
“Yosh Turkiston” jurnali, 1932-yil 37- (dekabr) soni
Bahrom Irzayev. “Qo‘qon tarixidan lavhalar”. “Akademnashr” nashriyoti. 2020-yil. 240 sahifa (pdf)
Ushbu asarda XX asr boshida Qo‘qondan yetishib chiqqan olimu murabbiylar, davlat va jamoat arboblari, shoiru jurnalistlar hayoti, ularning ijodiy faoliyati hamda mustabid tuzum qatag‘on siyosati oqibatida mahv etilishi qalamga olingan. Quyida kitobning “O‘zbek milliy matbuotidan namunalar” qismida berilgan Cho‘lponning “Umid sizdan!” maqolasi keltiriladi.
Umid sizdan! Muxtoriyat e’lon qilindi!
Uning to‘g‘risida do‘stlarimizdan ham, dushmanlarimizdan ham ko‘p gaplar eshitdik. Do‘stlarimiz: “Muborak bo‘lsun, xayrlik natijalarini ko‘ringiz”. Ba’zi do‘stlarimiz bilib yo bilmasdan “muxtoriyatingizga “yashasin”dan boshqa so‘zimiz yo‘q. Ammo, ammo…hozirlanmag‘on, tayyorlanmag‘on, o‘qimag‘on vaqtingizda bo‘lg‘on “muxtoriyat” ilgarigi “xonlik”larni ketirmasa yarar edi…”, deb qo‘yurlar.
Endi bolsheviklarga kelsak, ularning nazarlari juda ochiq va qat’iy: “Bizning so‘zga unasang unading, unamasang shop! Boshlaringda Krasnaya gvardiyaning nemisni urub, Berlinni olib, Angliya va Avstriyadagi mazlum millatlarni qutqazib, fransuzning Tunisin yerlilarga olib bergan qutliq qilichi kubalakday prildar… Xulosa: “Xo‘p bo‘lsa xo‘p, bo‘lmasa — Allohu akbar!”.
Balki, ba’zi muxbir kishilar bolsheviklarni bu darajada ochib ko‘rsatishimga rozi bo‘lmasalar, mendan xafalanarlar. Ham “dalilsiz da’voning qozishi da’vogarning o‘zi” degan gapni takrorlar. Men ularga mavlud kuni Toshkentda to‘kilgan qonlar ila Buxoroda va Xivadagi bolshevik hukumati bo‘lg‘onidan keyingi hollarni ko‘rsatsam, “Nasha gazeta” betlarindagi uzun maqola va xabarlarni o‘qub ko‘ngillari ul tarafga moyil bo‘lg‘onlikdan qanoat etmaslar.
Ammo bu kunlarda Andijonda bo‘lg‘on bir voqeani aytsam, ehtimolki, bir oz yumsharlar: Andijonda bolsheviklar “Soldat va ishchilar sho‘rosi” vositasi bilan sobiq militsiya nachalnigi Setin o‘rniga o‘zlaridan (bolshevik) Somaylof ismli bir kishini qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Duma a’zolari ila aksariyat tashkil etilgan musulmonlar boshqa kishini ko‘rsatdilar, ularning (bolsheviklarning) javoblari yana haligi: “Unamasangiz, qon to‘kiladi!..”. Shuning bilan hozir Andijonimiz ko‘ngilsiz voqealar oldida turadir…
O‘ylamoq kerak: hozir Nikolay vaqti bilan zamonamizning farqi yo‘q! Nikolay vaqtida gubernatorlar biror kishi hokimlik va boshqa ishlarga o‘zlari tayinlab qo‘yarlar edi. Musulmonlar e’timodsizlik bildursalar, ba’zan boshqani ham qo‘yar edi. Bir hokim uchun qon to‘kilganini men eshitganim yo‘q… Shuning uchun hurriyat, adolat va musavvat kabi shu’lalar yarqiragan bir zamonda bo‘lg‘on munday voqealar yana bizning Nikolay asrinda yashadigimizni ko‘rsatadir!
Mana shunday hollarni o‘ylaganda, ko‘ngillar umidsizlik daryosiga botib, ko‘ngilsizlik to‘fonlarinda g‘arq etiladir. Qalamlar ilgarigi rahmsiz senzorlardan qo‘rqqanday bo‘lib, qog‘ozning yo‘llariga yuz qo‘bishga unamaydirlar… Ana shunday vaqtlarda pastda aytiladurgan voqealar ko‘z oldig‘a kelub nochor-noiloj yuraklarning favqulodda shodlik ila ko‘tarilishlarindan paydo bo‘lgan ovozni, tilni guldiratib aytishga majbur bo‘lasan: “Yashasun Turkiston muxtoriyati! Bor bo‘lsun haqiqiy va to‘g‘ri yo‘ldagi fuqaholar! Gullab, ko‘karsunlar umid yulduzlari bo‘lg‘on yoshlar!”, deb…
- Toshkentda “Fuqaho jamiyati” bolsheviklarning eng zo‘r suyanchlari bo‘lgan qo‘l kesish ham qasosga doir ochiq va yaxshi yo‘l topdi!
- 1−2 million qahramon turk-tatar askarlariga tayangan “Harbiy sho‘ro” bo‘lgan holda gullanib, ochilib, yashnab kelmakda bo‘lg‘on ishchilar va dehqonlar sho‘rolarining muxtoriyat bayrog‘i ostida, muxtoriyatga jon va qon fido etishga hozir bo‘lib turishlari, muxtoriyat ostida qonun va sha’riyat yo‘llari ila o‘zlarig‘a yorug‘ kun istashlari, ularning ul talablarina millat xodimlarimizning ham yaxshi yuz ko‘rsatishlari.
- Andijonda “jamiyatlar jamiyati” tashabbusi bilan bo‘lg‘on shahar va atrof s’ezdiga hamma jamiyatdan 2 kishidan vakil kiritilg‘oni holda, “Sho‘roi islomiya” raisi janoblarining tashabbusi va g‘ayrati bila majlisning ishchilar jamiyatidan 20 vakil qabul etishi, har ishga ishchilarni yaxshi nazar bilan kirgiza boshlashi.
- Shul s’ezdda uvloq, to‘y, maraka kabi bid’atlarning isroflari tamom bitirilub, sarflari kuch bilan bo‘lsa ham olinib, ochliq bilan azoblanganlarga yordamga berilishi uchun g‘oyat jiddiy tadbirlarga kirishishga qaror chiqarilishi va ul qarorlarning samaralari ko‘rinmakka boshlash. Yana shul s’ezdda Turkistondagi ortiq yerlarni sug‘orib, ishchilarga topshirib, Turkistondagi musulmon ishchilarini yer bilan ta’min etishga yo‘l ochilishi.
- Muxtoriyat foydasi uchun Andijonda bo‘lg‘on teatrlarda Turkistonning o‘zturk bolasi, gimnaziya shogirdi 12 yoshliq Sanjarbek Fozilbek o‘g‘lining muxtoriyat bayrog‘i ila uning ostiga qilgan ajoyib bir manzaralik rasmining Amriqo savdo mizoida (auksion) bilan 1200 so‘mga sotilishi, qahramon millat xodimi Qo‘chqorboy afandining buyuk himmat bilan ul rasmni olishi, boshqalarning ham bu ishga yaxshi ahamiyat berishlari…
Bular hammasi, hammasi qorong‘u kechalarda yaltirag‘on yulduzlardir…
Bulardan umid, bulardan iymon, bulardan ruh ko‘rinadir.
Bular bizning istiqbolimizning, keladurg‘on yo‘limizning chaqirimlari, alomatlari, belgilaridir. Turklari, turk urug‘lari, turk ellari inqirozli, yo‘q bo‘lishga mahkum emaslar. Bular o‘zlarining eski beshiklari bo‘lgan Turkistonda yana ilgarigi shavkat va saltanatini tirgizar, to‘g‘rilik, kenglik, qardoshlik asosiga qurilgan taxtlarini (millat majlislari demakdir) obod qilurlar.
Xususan, bizning Turkiston hech vaqtda ham porloq va oydin ertalardan quruq emas ham quruq bo‘lmas! Chunki turk qaynag‘on erning ismi Turkiston: sen qayerliksan deb so‘rolsa, “Men turkistonlikman!”, der va uning yuragi Turkistondadir. Turkiston nomi bor vaqtda Turkiston ULUG‘DUR. Zo‘rdir ul 100 milliondan ortiq kuchga tayanib, uning ko‘ksiga qilich tiqqoni kelganlarga qachondan bo‘lsa:
“Ket, mahv bo‘larsan! Yoqinlama, qul bo‘lursan!”, der, deya olur.
Turkistonning yorug‘ yulduzlari! Aytingiz onangiz Turkistonga: “Yov suqqoli kelgach qilichini yuragingga, tut oldida, ol ko‘ksimni, qalqonmi kerakdir?”.
Teshaboy (Abdulhamid Cho‘lpon),
“El bayrog‘i” gazetasi, 1918-yil 26-yanvar soni