Mahallalardagi faol nuroniylar har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi (577 ming 500 so‘m) miqdorida rag‘batlantirib boriladi. Bu prezidentning 25-noyabr kuni qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, “katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli” 3 nafar faol nuroniy tanlab olinadi va olti oy muddatga beshta kambag‘al oilaga biriktiriladi. Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi “Nuroniy” jamg‘armasi va Mahallalar uyushmasiga faol oqsoqollarni tanlab olishda ko‘maklashadi.

Ular “mahalla yettiligi” yordamida oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga, mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etiladi. Buning uchun nuroniylar xonadon tomorqasidan samarali foydalanish va kichik ishlab chiqarish uskunalari va boshqa zarur texnika vositalarini bo‘lib to‘lash sharti bilan ijaraga olishga yordamlashish kerak.

Shuningdek, oila farzandlarini hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirish, ushbu oilalarning ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlarini o‘quv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari bilan ta’minlashi lozim.

Xarajatlar “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, nuroniylar mahallada piyoda yurish madaniyatini targ‘ib qilish, xonadonlarning sanitariya holatini yaxshilashga va tozalikni saqlashga, oila a’zolarini zararli odatlardan voz kechishga chaqirishga mas’ul bo‘ladi.

Shu bilan birga, ular keksa yoshdagi fuqarolar uchun mos keladigan sport tadbirlarini tashkil etish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etishlari belgilangan.

Qarorga muvofiq, keksa yoshdagi fuqarolarni sportga jalb qilish uchun “Nuroniy” jamg‘armasi hisobidan har bir mahallaga yiliga 10 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

2025-yil uchun davlat budjeti parametrlarida jamg‘armaga 504 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini rejalashtirilgan.