Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasi 27-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyevga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi 5-avgust kuni Saidaliyevni Jinoyat kodeksining 165 (Tovlamachilik), 168 (Firibgarlik), 242 (Jinoiy uyushma tashkil etish), 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 211−28 (Pora berishga sheriklik qilish), 277 (Bezorilik) moddalari bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.

Sud, shuningdek, Akramjon Akramov, Nuriddin To‘laganov, G‘ofurjon O‘rinboyev, Umid Mahmudov, Aziz Nurmatov, Joxongir Badalov, Ulug‘bek Rahimov, Doston Xoshakov, Doniyor Yunusov, Davron Sultanov, Bunyod Samadov, Xusan Riskiyev va Baxodir Raxmonovning apellyatsiya arizalarini qanoatlantirmadi. Ularning hukmlari ham o‘zgarishsiz qoldi.

“Gazeta.uz” birinchi sud majlislaridan videoreportajlarni e’lon qildi (1, 2).

Saidaziz Saidaliyev 1987-yil 24-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan, oilali, qaramog‘ida onasi, turmush o‘rtog‘i va to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bor edi. Ilgari u bir necha bor sudlangan. 11-iyun kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sud majlisida u tadbirkor, shuningdek, Qozog‘istonning MMA yakkakurash sporti bo‘yicha Toshkentdagi ishonchli vakili va direktori ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Qozog‘iston bilan birgalikda O‘zbekistonda sport maktabi ochgan va unga biznesi hisobidan moddiy yordam ko‘rsatilgan.

O‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilgandi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning o‘shanda ta’kidlashicha, gumonlanuvchilarni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya “bugun yoki kecha emas, balki oylar va yillar davom etgan”, dalil to‘plash va puxta tayyorgarlik ko‘rilganidan keyin boshlangan.

Sudlar, shuningdek, Azlarxon Muxamedjonov (5 yil), Sunnatulla Xolmurodov (7,5 yil), Umidjon O‘rinov (6 yil 11 oy), Alibek Fayziyev (12 yil), Olimjon Amonov (4 yil), Bahodir Sultonov (“Boxo zavxoz”, 10 yil), Niyoza Ibodova (4 yil) va boshqalarga nisbatan hukm chiqargan.

Bundan tashqari, 19-iyul kuni sud Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkentskiy”), uning o‘g‘illari va ukasi hamda yana 33 nafar shaxsga nisbatan hukm o‘qigan.