Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni temiryo‘l va aviatsiya sohasidagi davlat kompaniyalarida transformatsiya jarayonlarining borishiga oid taqdimot bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmati xabarida bu sohada iqtisodiy samaradorlik va odamlarga qulaylik nuqtai nazaridan katta o‘zgarishlar qilinayotgani aytiladi. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibida 6 ta mustaqil korxona tashkil etilib, 1200 ta yangi yuk vagoni olingan, ichki yo‘nalishda yuk tashish vaqti 2 karra kamaygan.
Ta’kidlanishicha, raqamlashtirish natijasida vagonga buyurtma berish 7 bosqichdan 3 bosqichga, bunga ketadigan vaqt 72 soatdan 12 soatga qisqargan. Toshkent atrofida poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshgan. Ilgari zarar bilan ishlagan aksiyadorlik jamiyati bu yil 30 milliard so‘m foyda ko‘rgan.
Shuningdek, Uzbekistan Airways tizimida aviaqatnovlar 25 foiz ko‘paygan. Mahalliy yo‘nalishlarda samolyotlar soni 8 taga yetib, ichki qatnovlar 2,5 barobarga oshgan. Markaziy Osiyodagi xalqaro tashuvlarda milliy aviakompaniya ulushi 20 foizga yetib, yillik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichi 6 million nafardan oshishi kutilmoqda.
“Uzbekistan Airports samolyotlar, yuk va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Aeroportlar boshqaruviga xususiy sektor jalb qilingani samara beryapti. Dunyodagi 44 ta aviakompaniya yurtimizga parvozni amalga oshiryapti. Aeroportlar orqali yuk tashish hajmi ham bu yil 22 foizga oshishi ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.
Prezident, shunga qaramay, hali vazifalar ko‘pligini aytdi va dunyodagi murakkab vaziyat transport yo‘llari qanchalik muhimligini ko‘rsatayotganini qayd etdi. Shu bois yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish, tashish jarayonlarini tezlashtirish, transport xizmatlari tannarxini pasaytirish juda muhim, dedi u.
“Mamlakatimizda iqtisodiyot, savdo aloqalari yildan yilga rivojlanyapti. Aholi daromadi, hududlarning turizm salohiyati ham oshyapti. 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish maqsadini qo‘ydik. Shuning uchun transport “arteriya”lariga alohida ahamiyat berishimiz kerak”, — deya ta’kidladi prezident.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha, yangi tahrirda imzolangan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun sohaga xususiy kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirishga yordam beradi.
Endi soha rahbarlaridan ish uslubi va yondashuvlarini keskin o‘zgartirib, natijani ta’minlash so‘raladi. Buning uchun, avvalo, sohada transformatsiyani jadallashtirish, qurilish va modernizatsiya loyihalarini sifatli bajarish lozim. Xalqaro kredit reytingi olish, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish, investitsiyalarni samarali ishlatish ham muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Davlat rahbari hali O‘zbekiston havo yo‘llari aholini rozi qiladigan darajaga yetmaganini aytdi. Misol uchun, xalqaro reyting olib, tashqi bozorga chiqish kechikmoqda. Oqibatda tannarx yuqoriligi uchun chipta narxida sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan. Xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi esa sust ketmoqda.
Shu bois soha mutasaddilariga konsalting kompaniyasi jalb qilib, transformatsiya bo‘yicha aniq dastur va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Uzbekistan Airports tizimida asosiysi — xizmatlarni ko‘paytirish va xususiy sheriklikni kengaytirish. Samarqand aeroporti xususiy boshqaruvga berilgach, parvozlar va yo‘lovchilar soni 5 barobar oshgan. Endi Namangan, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida ham shunday maqsad ko‘zlangan. Yil yakunigacha aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni 2 karra ko‘paytirish, daromadni 25 foiz oshirish mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, xalqaro bozordan mustaqil resurs jalb qilish, Navoiy aeroporti terminalidan to‘liq foydalanish choralari belgilandi.
Prezident mazkur uchta kompaniyada raqamlashtirishni jadallashtirish, rejalarni qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiy natijadorlikni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.