“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputati Muhammad Valiyev propan narxi keskin oshgani yuzasidan mas’ul idoralarga so‘rovlar yubordi, deb xabar bermoqda partiya matbuot xizmati.

So‘rovlar Energetika vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga yo‘llangan.

Ma’lum bo‘lishicha, propan narxi oxirgi oylar davomida ikki barobarga qimmatlashgan bo‘lib, bu holat ko‘plab iste’molchilar uchun iqtisodiy-ijtimoiy muammolar keltirib chiqarmoqda, deyiladi so‘rovda.

“Mazkur holat nafaqat bozor mexanizmlari shaffofligini ta’minlash zarurligini ko‘rsatadi, balki kuz-qish mavsumida yonilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan ehtiyojning ortishi munosabati bilan logistika jarayonlarini yanada samarali tashkil etish, tannarx shakllantirishda shaffoflikni ta’minlash va bozorda noqonuniy harakatlarning oldini olish kabi dolzarb vazifalarni hal qilishni talab qiladi”, deyiladi xabarda.

So‘rovlarda narxlarning ko‘tarilishi sabablari, vaziyatni barqarorlashtirish va shaffoflikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi savollar bor. Xususan, ularda quyidagi savollar ko‘tarilgan:

  • Nima sababdan kuz-qish mavsumida gaz quyish shoxobchalarida propan narxining keskin oshib ketishiga nisbatan tezkor choralar ko‘rilmadi?
  • Narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha ishlar qachon amalga oshiriladi?
  • Narxni shakllantirish jarayonida shaffoflikni ta’minlash va sun’iy taqchillikka yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday nazorat tizimi ishlab chiqilgan va nima sababdan bu tizim ishlamayapti?
  • Gaz quyish shoxobchalarida yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari shakllanishi haqida aholini keng xabardor qilish, bu boradagi axborotni, tushuntirish ishlarini ochiq manbalarda muntazam e’lon qilib borish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?

1-noyabrdan 5-noyabrgacha propanning birjadagi narxi 15,5 foizga — bir tonna uchun 8,81 mln so‘mdan 10,19 mln so‘mgacha oshgan. Yillik hisobda 2023-yil 6-noyabrga nisbatan (7,04 mln so‘m) narx 44,7 foizga ko‘tarilgan.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, narxlarning oshishiga propanda yuradigan avtomobillar sonining ko‘payishi, ishlab chiqarish hajmining yetarli darajada o‘smagani va aholiga yetkazib beriladigan suyultirilgan gazning gaz quyish shoxobchalariga chiqib ketishiga qarshi ko‘rilgan choralar sabab bo‘lgan.

Ya’ni, aholiga propan gaz 1600 so‘mdan yetkazib beriladi va ko‘chadagi narx bilan tafovut mavjud. Narxlardagi bu tafovut ortidan korrupsiyaviy holatlar kelib chiqmoqda. Energetika vazirligining prokuratura bilan ko‘rgan choralari natijasida 14 ming 500 tonna propan gaz noqonuniy savdosi bo‘yicha shunday holatlar fosh etilgan va bunga chek qo‘yilgan. Ya’ni mazkur aholiga mo‘ljallangan 14 500 tonna suyultirilgan tabiiy gaz oldin “zapravka”larda bo‘lgan va bu ham taklifning ko‘proq bo‘lib turishiga olib kelgan. O‘shanda vazir yil oxirigacha vaziyat barqarorlashishiga ishontirgandi.

6-noyabrdan iste’molchilarga yuklamani kamaytirish maqsadida suyultirilgan gaz narxining oshishiga cheklov joriy etildi: birjadagi sotuvlarda boshlang‘ich narxga qo‘yilgan ustama 20 foizdan oshmasligi kerak.

26-noyabr kuni birjadagi savdolar yakunlariga ko‘ra kotirovkalar bir tonna uchun 7,64 mln so‘mgacha pasaydi.