AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukraina uchun 725 million dollarlik qurol-yarog‘ paketini tayyorlamoqda, deb xabar berdi Reuters.

Qayd etilishicha, Bayden ma’muriyati Rossiya qo‘shinlarining hujumini to‘xtatish uchun Kiyevga AQSh zaxiralaridan tankka qarshi turli qurollarni, jumladan, piyodalarga qarshi minalar, dronlar, Stinger raketalari va HIMARS raketa tizimlari uchun o‘q-dorilarni taqdim etishni rejalashtirmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, paketga kassetali o‘q-dorilar ham kiradi.

Bungacha AQSh o‘nlab yillar davomida minalarni eksport qilmagan va ulardan foydalanishning tinch aholiga xavfi borligi uchun qaror munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Biroq Kiyevga jo‘natiladigan minalar qisqa muddat uchun ishlaydigan ta’minot tizimiga ega. Ya’ni eski minalardan farqli o‘laroq, ular yer yuzida tinch aholiga doimiy tahdid bo‘lib qolmaydi.

Ushbu yordam paketi haqida Kongressga 2-dekabr, dushanba kuni rasmiy bildirishnoma kelishi mumkin, dedi Reuters manbalaridan biri. Agentlikning yozishicha, Bayden uni imzolashidan oldin paketning mazmuni yaqin kunlarda o‘zgarishi ham mumkin.

Donald Tramp prezident etib saylanganidan so‘ng Bayden ma’muriyati Kiyevning Rossiya bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun Ukrainaga tasdiqlangan harbiy yordamni topshirishga ulgurishga harakat qilmoqda. Oq uy vakillari yangi ma’muriyat Ukrainani muzokaralarga undashga urinib, ta’minotni qisqartirishi mumkinligidan xavotirda.

Ushbu strategiya doirasida Bayden Kiyevga uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga zarba berishga, piyodalarga qarshi minalarni topshirishga ruxsat berdi, 4,65 milliard dollarlik qarzning yarmini hisobdan chiqardi. Shuningdek, 27-noyabr kuni Politico Bayden Kongressdan Ukrainaga yordam va qurol-yarog‘ yetkazib berish uchun yana 24 milliard dollar so‘raganini xabar qildi.