28-noyabr kuni Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini butunlay taqiqlovchi qonun qabul qilindi, deb xabar berdi Reuters.

34 nafar senator taqiqni yoqlab, 19 nafari esa qarshi ovoz berdi. Ta’kidlanishicha, qabul qilingan qonun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha dunyodagi eng qat’iy talablardan biridir. So‘rovlarda aholining 77 foizi bu qonunni qo‘llab-quvvatladi.

Mazkur hujjat ijtimoiy tarmoqlardagi yosh cheklovini qonunlashtirgan yoki qonunlashtirishni rejalashtirayotganini bildirgan ko‘plab hukumatlar uchun andaza bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Foydalanuvchilarning yoshi qanday aniqlanishiga oydinlik kiritilmagan. Buni 2025-yil o‘rtalarida o‘tkaziladigan sinov davrida tushuntirish rejalashtirilgan. Qonun bir yildan keyin kuchga kiradi.

Hujjatda gap qanday ijtimoiy tarmoqlar haqida borayotganiga ham aniqlik kiritilmagan. Avstraliya aloqa vaziri Mishel Roulendning ta’kidlashicha, TikTok, Instagram, X (sobiq Twitter), Facebook, Reddit, Snapchat taqiqlangan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, taqiq YouTube`ga ta’sir qilmaydi, chunki uning “muhim” bo‘lgan ta’limiy maqsadi bor, deya aniqlik kiritdi vazir.

Texnologik gigantlar qonunga rioya qilmasa, 49,5 million Avstraliya dollari (30 million AQSh dollaridan ortiq) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Qonun tanqidchilari, jumladan, olimlar, siyosatchilar va inson huquqlari tashkilotlari bunday taqiqlash teskari natijaga olib kelishi, o‘smirlarni darknetdan foydalanishga undashi yoki ularni yanada yakkalanib qolishga majbur qilishini ta’kidlamoqda, deb yozmoqda The Guardian.

BBC nashrining yozishicha, ekspertlar ham VPN yordamida taqiqni chetlab o‘tish mumkinligini ta’kidlamoqda. Amnesty International inson huquqlari tashkilotining mahalliy bo‘limi qonunga qarshi chiqdi. Uning bayonotida aytilishicha, endi ijtimoiy tarmoq egalari Avstraliyadagi foydalanuvchilardan biometrik ma’lumotlar yoki hujjatlarni yuklab olish orqali o‘z yoshini tasdiqlashni talab qila boshlashlari mumkin, bu esa shaxsiy hayot daxlsizligi huquqining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Qonunni Google va Shapchat ham tanqid qildi, Meta (Facebook va Instagram`ni o‘zida birlashtiradi) esa qabul qilingan cheklovlar “samarasiz” bo‘lishini va bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha e’lon qilingan maqsadga mos kelmasligini aytdi.

2023-yilda xuddi shunday qonun Fransiyada qabul qilingan bo‘lib, u yerda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ota-onasining roziligisiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan. Keyingi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bolalarning yarmiga yaqini taqiqni chetlab o‘tish uchun VPN`dan foydalanmoqda.

Florida shtatida esa 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun to‘liq taqiq kiritilishi so‘z erkinligi bo‘yicha e’tirozlarni keltirib chiqardi.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze qonunni qabul qilish zarurligini tushuntirar ekan, “ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi va yosh avstraliyaliklarning ruhiy salomatligiga zarar keltirish o‘rtasida aniq sabab-oqibat aloqasi” borligini aytdi. “Bu global muammo va biz avstraliyalik yoshlar o‘z bolaligiga ega bo‘lishini xohlaymiz. Ota-onalar xotirjam bo‘lishini istaymiz”, — dedi u.

Biroq taqiq Avstraliyaning asosiy ittifoqchisi AQSh bilan munosabatlarini keskinlashtirishi mumkin, chunki X egasi, saylangan prezident Donald Tramp ma’muriyati vakili Ilon Mask bu “barcha avstraliyaliklarning internetga kirishini nazorat qilishning yashirin usuli” deya atadi, deb yozadi Reuters.