Markaziy bank bir foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 26-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Spot”.
Behzod Hamrayevning qayd etishicha, hozirda O‘zbekistonda fuqarolar bitta pasportga ochishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soni qonuniy jihatdan tartibga solinmagan. Natijada, ayrim mijozlar yuzdan ortiq kartalarga egalik qilmoqda.
Rais o‘rinbosari firibgarlar bunday kartalardan keyinchalik pul mablag‘larini o‘zlashtirish sxemalarida foydalanayotganini ta’kidladi. Qanday cheklov o‘rnatish taklif qilinayotgani haqidagi savolga regulyator raisi o‘rinbosari aniq javob bermadi.
“Markaziy bank maqbul yechim topish uchun mazkur masalani tahlil qilishni rejalashtirmoqda”, — degan u.
Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda onlayn kreditlar berish bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etilishiga izoh bergandi. Avval xabar qilinganidek, 1-noyabrdan 2025-yilning 1-apreliga qadar onlayn kredit ajratilishiga doir vaqtinchalik tartib joriy etildi. Endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi (batafsil).
Regulyator raisining bunga aniqlik kiritishicha, vaqtinchalik tartib tugagandan so‘ng onlayn kreditlar berish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qoladi.
“Biz bank xizmatlarining raqamli bozorini (onlayn-banking) haddan tashqari liberallashtirib yuborganmiz”, — deya Nurmuratovdan iqtibos keltiradi Spot. Markaziy bank besh oy davomida onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalari asosini belgilovchi mexanizmlarni takomillashtirish hamda qayta ishlashni rejalashtirmoqda, deb yozadi nashr.
MB raisi o‘shanda asosiy maqsad — fuqarolar mablag‘larining xavfsizligini ta’minlash ekanini ta’kidlagandi. U to‘lov tashkilotlari va banklarning daromadidan tashqari, mablag‘larning xavfsizligini ta’minlash zarurligini ham qayd etgandi.