O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish maqsadida “Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” loyihalari ishga tushirilmoqda. Bu haqda Antikorrupsiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu loyiha agentlik va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida davlat hokimiyati organlarida korrupsiya xavflarini aniqlash, oldini olish hamda bartaraf etish maqsadida tashkil etilmoqda.

Ushbu dasturlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Dastlabki bosqichda dastur Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax viloyatining Jizzax shahri va Buxoro viloyatining Vobkent tumanida amalga oshiriladi.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida 25-noyabr kuni Aksilkorrupsiya agentligi, poytaxt va tuman hokimligi mas’ullari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tumanni korrupsiyadan holi hududga aylantirish haqida so‘z yuritildi.

Yig‘ilishda korrupsiyani keltirib chiqaradigan omillarni aniqlash va bunga qarshi kurashish tizimini tashkil etish orqali Mirzo Ulug‘bek tumanini “halollik oroli”ga aylantirish maqsad qilib olindi, deyiladi hokimlik axborotida.

“Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” bu idora va tashkilotlar ichida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini istisno etadigan halollik, shaffoflik va axloqning yuqori standartlari amal qiladigan maxsus yaratilgan hududlardir.

Qayd etilishicha, ushbu loyihalar asosidagi metodologiya Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 mamlakatida o‘z samaradorligini isbotlagan. 30 ta mahalliy hokimiyat organida qo‘llanilgan va 2011-yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun BMT mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Ushbu chora-tadbirlar korrupsiyadan xoli hududlarni yaratishga yordam beradi va ular muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng dastur boshqa barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hokimlarning yopiq qarorlarini kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqandi. Bu haqda 17-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan IV Toshkent aksilkorrupsiya forumidan agentlik direktori Akmal Burxanov ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik va Adliya vazirligi hamkorligida davlat idoralari, jumladan, mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qay darajada ochiq yo yopiqligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilgan.

Shuningdek, Akmal Burxonov qaror haqiqatan yangi tartiblar asosida yopiq tarzda qabul qilinishi lozim bo‘lsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xulosasini olgandan keyingina, uni yopiq tarzda o‘tkazish taklifini ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.