28-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi iyul oyida Yangiyo‘l tumanida bir oilani o‘ldirganlikda ayblanayotgan shaxsga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.
Mazkur ish sudya Baxtiyor Roziqov raisligida yopiq sud majlisida ko‘rildi.
Sud Sodig‘aliyevni Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan aybdor deb topdi:
- 97-modda 2-qismi “a”, “v”, “j”, “z”, “i” bandlari (Tamagirlik niyatida ojiz ahvoldagi ikki yoki undan ortiq shaxsni nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish);
- 118-moddaning 1-qismi (Nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish);
- 134-modda (Qabrni tahqirlash);
- 164-modda 3-qismining “v”, “g” bandlari (Uy-joyga, omborxona yoki boshqa binolarga g‘ayriqonuniy ravishda kirib badanga og‘ir shikast yetkazgan holda bosqinchilik qilish);
- 173-moddasi 2-qismining “b” bandi (Atrofdagilar uchun xavfli usulda mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish).
Sud unga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ayblanuvchi jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Zokirjon Sodig‘aliyev o‘zi o‘ldirgan 33 yoshli erkakning qarindoshi bo‘lgan. U bilan birga bir ayolni (25 yoshli) va uchta bolani (6, 3 va 2 yoshli) o‘ldirgan. Qotillikdan keyin sudlanuvchi ularning uyini yoqib yuborgan. Tergov jarayonida u marhumning qarzi borligi sababli jinoyatga qo‘l urganini aytgan.