O‘zbekistondagi 64 ta tumanda oziq-ovqat eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan, 17 tasida 50 foizga ham yetmagan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Qayd etilishicha, oziq-ovqat eksporti 2023-yilga nisbatan 370 million dollarga (1,2 barobar) o‘sib, 2 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, gilos va shaftoli bo‘yicha 6−7-o‘ringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha 10-o‘ringa chiqdi.

Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Har hafta 3−4 tonna uzum AQShga yetkazib berilmoqda.

Eksport Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar ko‘paydi.

Prezident ayrim viloyat, tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlar ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani uchun mahsulot va eksport hajmida katta o‘zgarish sezilmayapganini qayd etdi.

Yeri boshqalardan karra-karra ko‘p bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘sish ularning imkoniyati va sharoitiga mutlaqo mos emasligi qayd etildi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining eksporti o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga yetmayapti.

Shuningdek, 64 ta tumanda eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa, shundan 17 tasida 50 foizga ham yetmagan.

Hokimlar bugun dunyodagi og‘ir vaziyatni hisobga olib, har kuni izlanib, yangi-yangi imkoniyatlar topib, ishga solishi shartligi haqida ogohlantirildi.