2024-yilning 26-noyabriga qadar respublika bo‘yicha gaz bilan bog‘liq jami 74 ta (2023-yilda 86 ta) baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Abdusattor Qayumov ma’lum qildi.

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, “ayrim fuqarolarning qoidalarni bilmasligi, unutib qo‘yishi, mensimasligi yoki e’tiborsizligi” bunday hodisalarni keltirib chiqarmoqda.

O‘tgan davrda 82 nafar (2023-yilda 88 nafar) fuqaro gaz bilan bog‘liq hodisalarda vafot etdi. Yana 80 kishi (119 nafar) turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.

Kompaniya matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishich, vafot etganlarning 75 nafari is gazidan zaharlangan. Ularning aksariyati Farg‘ona, Xorazm va Jizzax viloyatlariga viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Ayrim holatlarda dudburon nosozligi oqibatida oilaning barcha a’zolari is gazidan zaharlanib halok bo‘lgan.

“Hodisalar fuqarolar is gazining xavfli ekanligini to‘la to‘kis his etmasliklari, targ‘ibotga ishonmasliklari natijasida nostandart, qo‘lbola, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan nosoz jihozlardan hamda dudburon, shamollatish tizimlarini tekshirmasdan yoki noto‘g‘ri o‘rnatilgan dudburondan foydalanganliklari natijasida sodir bo‘lmoqda”, — dedi Abdusattor Qayumov.

Kompaniya vakili barcha iste’molchilarga gaz uskunasi o‘rnatilgan xonaga gaz yoki is gazi to‘planganda ovozli xabar beradigan yoki gaz ta’minotini avtomatik to‘xtatadigan uskunalar (gaz signalizatorlar) o‘rnatishni tavsiya etdi.

Avvalroq “Gazeta.uz” is gazi nima ekani, undan zaharlanish qanday yuz berishi, bunday hollarda (yoki zaharlanmaslik uchun) nima qilish kerakligi borasida Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash hamda Energetika vazirliklarining tavsiyalarini jamlagandi.