Sog‘liqni saqlash vazirligiga tizimni isloh qilish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqishda yordam berishi kerak bo‘lgan yetti nafar turkiyalik ekspertdan iborat guruh O‘zbekistonga jalb qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, mutaxassislra hukumat qaroriga muvofiq taklif etilgan.
Guruh yettita asosiy yo‘nalish bo‘yicha ishlaydigan yetti nafar mutaxassisdan iborat:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishbirlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish;
- tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va tizimni raqamlashtirish;
- shifoxonalarda tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish;
- tibbiy xizmatlarni rejalashtirish;
- farmatsevtikani rivojlantirish va dori vositalari ta’minoti;
- tibbiy asbob-uskunalar samaradorligini oshirish;
- shoshilinch va tez tibbiy yordamni rivojlantirish.
Mutaxassislar “yuqoridagi yettita yo‘nalish bo‘yicha katta xalqaro tajriba va malakaga ega, har biri tegishli yo‘nalish bo‘yicha mas’ul etib belgilangan”, deyiladi xabarda.
Guruh rahbari Hasan Chagil 1986-yilda Istanbul universitetini tamomlagan. 2003−2013-yillarda Turkiya tibbiyotini transformatsiya qilishda bevosita ishtirok etib, asosiy yo‘nalishlarga boshchilik qilgan. Natijada qisqa muddatda mamlakat tibbiyoti 2000-yillar boshidagi ahvoli og‘ir sohadan rivojlangan tizimga aylandi.
Ushbu mutaxassis xalqaro darajadagi ekspertlik faoliyatini 2016-yildan mustahkamlagan. Osiyo va Yevropaning bir qator Sog‘liqni saqlash vazirliklarida tibbiyotning qator yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatchilik faoliyatini davom ettirgan.
Shu bilan birga, turkiyalik ekspertlar safida tibbiyot sohasida katta ilmiy salohiyat hamda amaliy tajribaga ega Mehmet Ugurlu, Talgan Kyuchyuk, Muhammet Yornek, Mehmet Ersoy, Hasan Bagdji va Mexmut Avdji ham bor.
Hozir ular joylarda bo‘lib, sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatini chuqur o‘rgangan holda, uni yanada rivojlantirish borasida o‘z tavsiyalarini beryapti. Kelgusida ana shu tahlil, taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, sog‘liqni saqlash tizimining bosqichma-bosqich islohotiga oid qisqa, o‘rta va uzoq muddatli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
SSV sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta tizimini rivojlantirish va tibbiy klasterlarni rivojlantirish uchun Turkiyadan mutaxassislarni jalb qilish rejalari haqida o‘tgan yozda xabar bergandi. Avvalroq 2020-yil fevral oyida turkiyalik ekspert sog‘liqni saqlash vazirining O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va raqamlashtirish bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlanishi haqida xabar berilgandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga tashrifi chog‘ida kelishib olingan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ilgari islohotlarga ko‘maklashish uchun xorijiy xodimlarni jalb qilgan. 2018-yil yanvar oyida Koreya Respublikasidan professor Yun Tek Rim Sog‘liqni saqlash vaziri maslahatchisi etib tayinlandi. 2019-yil fevral oyida uning vatandoshi Li Dong Uk Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va bosh vazir o‘rinbosarining ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini egalladi.
2021-yil noyabr oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalarini loyihalash bo‘yicha bosh tashkilot hisoblangan “O‘ztibloyiha” ixtisoslashtirilgan loyiha tashkilotiga turkiyalik mutaxassis Guray Kaymak rahbar etib tayinlangani xabar qilingandi.
Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida joriy yil 1-oktabrdan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi ish boshladi. “Gazeta.uz” bu tizim qanday ishlashi haqida yozgan. Dastlab uni 2021-yil 1-yanvardan boshlab joriy etish rejalashtirilgan edi. O‘zbekiston bo‘ylab davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishni 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.