Toshkent shahar Yakkasaroy tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 25-oktabr kuni may oyida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida ayolni urib yuborgan Spark haydovchisiga nisbatan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” sud qarori bilan tanishdi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, 22-may kuni soat 15:40 da Spark haydovchisi S.N. Yusuf Xos Hojib ko‘chasida ketayotgan bo‘lgan. Qurilayotgan bino yonidagi piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashganda (Korzinka supermarketi qarshisida) haydovchi qo‘shni yo‘lakda to‘xtab turgan mashinaga qaramay, tezlikni pasaytirmagan va ko‘chani kesib o‘tayotgan ayolni urib yuborgan. Ayol olgan jarohatlari tufayli 29-may kuni shifoxonada vafot etgan.

28-may kuni o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza natijasida marhumda og‘ir tan jarohatlari, jumladan, bosh miya jarohati, miyaga qon quyilishi va suyaklar sinishi aniqlangan.

27-iyundan beri qamoqda bo‘lgan sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lib, piyoda “to‘satdan paydo bo‘lganini”, shu bois tormoz berishga ulgurmay, urib yuborganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, u 40−50 km/soat tezlikda ketayotgan, chap tomonda Lacetti sekinlashayotganini ko‘rgan va tormozni bosayotib, 3−4 metr narida chiqib kelayotgan piyodani ko‘rishga ulgurgan. Haydovchiga ko‘ra, u keskin tormoz berib, to‘qnashuvdan 0,5−2 metr o‘tgach to‘xtagan.

Biroq sud-avtotexnik ekspertizasi bunday bo‘lmaganini ko‘rsatdi. O‘tish joyidan piyoda topilgan joyga qadar masofa 7,8 metrni tashkil etgan. Bu haydovchi o‘tish joyidan oldin yoki o‘tish joyida tormoz bermaganidan dalolat beradi.

Lacetti boshqargan guvoh Z.R. halokatdan oldin yo‘lning chetki chap qismida soatiga 20 km tezlikda harakatlanayotgan edi. O‘tish joyiga yaqinlashganda orqadan kelayotgan signal ovozini eshitdi, lekin e’tibor bermadi. Qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratib turuvchi chiziqda turgan piyodani ko‘rib, u sekinladi, o‘tish joyidan 2 metr narida to‘xtadi va piyodaga ko‘chani kesib o‘tishni ishora qildi.

“Piyoda jilmayib, minnatdorchilik belgisi sifatida boshini sal egdi va ko‘chani kesib o‘ta boshladi… Shu payt Spark haydovchisi avval o‘ngga, keyin chapga burilib, R.ning mashinasini aylanib o‘tdida, piyodani urib yubordi. Zarbadan piyoda avval mashinaning old qismiga urilib, so‘ng mashina to‘xtagach, yo‘lga yiqildi”, — dedi guvoh.

Jabrlanuvchi qarama-qarshi yo‘nalishda yotardi. Kelayotgan mashinalar to‘xtadi. Z.R. 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Piyoda o‘rnidan turgach, atrofdagi odamlar uni kasalxonaga olib borish uchun Matiz`ga o‘tqazishdi. Haydovchi ayol olib ketilganini xabar qilish uchun yana “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qildi. Spark haydovchisi voqea joyida qoldi.

Sud qarorida ayblanuvchining aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, sud-tibbiy, trasologik va avtotexnik ekspertizalar xulosalari bilan to‘liq tasdiqlangani qayd etilgan.

Sud og‘irlashtiruvchi holatlarni aniqlamadi. Yengillashtiruvchi omillar sifatida sudlanuvchining aybiga qisman iqror bo‘lgani, pushaymonligi, oilaviy va moddiy ahvoli (to‘rt nafar farzandi borligi), shuningdek, oilada yagona boquvchi ekani va ilgari sudlanmagani inobatga olindi.

Sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni manzil-koloniyada o‘taydi. Shuningdek, fuqaro 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Marhumaning turmush o‘rtog‘i va uning advokati YTH oqibatida yetkazilgan moddiy zarar 26 million so‘m, ma’naviy zarar esa 500 million so‘mni tashkil etganini ma’lum qilishdi. Shuningdek, ular advokat xizmati uchun 1 million so‘m to‘langani haqidagi kvitansiyani ham taqdim etishdi. Sud iltimosnomani qisman qanoatlantirib, sudlanuvchidan 1 million so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Sudya da’vogarga ayblanuvchidan moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqini tushuntirdi.

Xavfli ko‘cha

Fojia yuz bergan ko‘chada O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi binosi, Respublika xoreografiya ixtisoslashgan maktab-internati, maktablar, mehmonxonalar, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda ko‘plab xususiy turar-joy binolari joylashgan. Ertalab va kechqurun bu yerda maktabga borayotgan yoki qaytayotgan bolalar ko‘p bo‘ladi.

Ko‘chada bir nechta “zebra” chiziqlari mavjud, ammo ularning ayrimlari noqulay tashkil etilgan, ko‘p joylarda chiziqlar o‘chib ketgan, belgilar puxta o‘ylanmasdan joylashtirilgan. Ko‘chadagi chiziqlar noto‘g‘ri chizilgan — hatto IIV binosi oldida ham.

Ko‘chaning katta qismida ruxsat etilgan tezlik 50 km/soatni tashkil qiladi, maktab oldidagi yagona svetofor mavjud uchastkada esa — 30 km/soat, lekin bu faqat kunduzi amal qiladi. Xavfli YTHlarning oldini olishi mumkin bo‘lgan harakatni sekinlashtiruvchi choralar yo‘q.

Bularning barchasi YPX xodimlariga vaqti-vaqti bilan piyodalar o‘tish joylarida navbatchilik qilib, piyodalarni o‘tkazib yubormagan haydovchilarni jarimaga tortishlariga xalaqit bermaydi.

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, tartibga solinmagan o‘tish joyiga yaqinlashayotgan transport vositasi haydovchisi yo‘ldan o‘tayotgan piyodani o‘tkazib yuborish uchun tezlikni kamaytirishi yoki to‘xtashi shart. Agar avtomobil o‘tish joyi oldida harakatni sekinlashtirsa yoki to‘xtasa, qo‘shni yo‘laklardagi haydovchilar faqat ushbu transport oldida piyodalar yo‘qligiga ishonch hosil qilgandan keyingina harakatni davom ettirishi mumkin.

Biroq voqelik bu YHQ bandlari amalda ishlamasligini ko‘rsatmoqda. Qoidalar hamma joyda buziladi, ularga rioya qilish ustidan samarali nazorat yo‘q, shuningdek, yo‘l infratuzilmasi holati ustidan ham nazorat o‘rnatilmagan. Ko‘chalar va piyodalar o‘tish joylarining noto‘g‘ri tashkil etilishi haydovchilarga yuqorida tasvirlangandek YTHga olib keladigan xavfli manyovrlarni amalga oshirishga imkon beradi.