Prezident 15-noyabr kuni Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririni imzoladi. Hujjat allaqachon kuchga kirgan. Eslatib o‘tamiz, avvalgi versiya 2004-yildan beri amalda edi.
Yangiliklar qatorida — ombudsman lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Yosh chegarasi 25 yoshdan 30 yoshgacha oshirildi.
Bundan tashqari, bir shaxsning ombudsman lavozimiga ketma-ket ikki muddatdan ortiq qayta saylanishiga cheklov kiritildi.
Yangi tahrirda ombudsman faoliyatining qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik va ochiqlik tamoyillariga aniqlik kiritildi.
Yangi tahrirdagi eng muhim qo‘shimcha — ombudsmanga ta’sir choralarini qo‘llash huquqi berilgani.
Ilgari u shikoyatni qabul qilishi, muammo holatlari bilan tanishishi, shikoyat asosida tergov boshlashi va oxirida buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan xulosa chiqarishi mumkin edi.
Endilikda ombudsman ta’sir choralari sifatida ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnomadan foydalanishi mumkin.
Inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi ogohlantirish ombudsman tomonidan tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yozma ravishda e’lon qilinadi. Ombudsman mansabdor shaxsga ogohlantirish e’lon qilinganligi to‘g‘risida uning yuqori turuvchi organiga (mansabdor shaxsiga) xabar qilishga haqli.
Inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma ombudsman tomonidan tashkilotlarning qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan vakolat berilgan rahbarlariga kiritiladi.
Taqdimnoma kechiktirmay ko‘rib chiqilishi lozim va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ombudsmanga, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, 15 kundan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilinishi kerak.
Harakatlarida (harakatsizligida) inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tashkilotlarga ombudsman tomonidan iltimosnoma kiritiladi.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida aniqlangan qiynoqqa solish hollarini bartaraf etish hamda ushbu hollarning oldini olish maqsadida ombudsman tomonidan tegishli tashkilotlarga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan talabnoma kiritiladi.
Talabnoma tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi lozim va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ombudsmanga, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, 10 kundan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilinishi kerak.
Yangi tahrirda qiynoqlarning oldini olish chora-tadbirlariga, jumladan, ombudsmanning o‘zi, uning o‘rinbosari va mintaqaviy vakillarining erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylariga tashrifini monitoring qilish masalalariga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Ular har qanday vaqtda, hech qanday to‘sqinliksiz va oldindan ogohlantirmasdan bunday tashriflarni amalga oshirishi mumkinligi alohida belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, qonunda ombudsman huzurida qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo turlarining oldini olish maqsadida jamoatchilik guruhlari tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, jamoatchilik guruhlari, qoida tariqasida, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Bunda jamoatchilik guruhi a’zolarining kamida qirq foizini ayollar tashkil etishi kerak.
Jamoatchilik guruhlari a’zolari o‘z vazifalarini bajarishi munosabati bilan o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g‘risida guvohlik berishga yoki bu holatlarni biron-bir tarzda oshkor etishga majbur qilinishi mumkin emas. Bu kafolat shaxs jamoatchilik guruhi tarkibidan chiqqanidan keyin ham amal qiladi.
Jamoatchilik guruhlari faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Qonun, shuningdek, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ombudsmanga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilish imkoniyatini ham belgilaydi. Ular jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolarda o‘rnatilishi kerak.
Ombudsman qutisi faqat ombudsman yoki uning devoni xodimlari tomonidan bir oyda kamida bir marta ochiladi. Ombudsman yoki uning devoni xodimlari ombudsman qutisiga kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga haqli.
O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasiga muvofiq, ombudsman bevosita qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘ldi.