Andijon viloyati Shahrixon tumanida joylashgan Beruniy istirohat bog‘iga 42 metr balandlikdagi charxpalak o‘yingohi qurish loyihasi tadbirkorlik xususiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, “Tashabbusli budjet” jarayonida ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi va eng ko‘p ovoz olgan holda g‘olib deb topildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Huddi shu holat Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi aeroport bino va inshootlarini ta’mirlash loyihasi bilan ham kuzatilgan. Yig‘ilishda Senat qo‘mitasi bu holatlarni keskin tanqid qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu loyihalar keyinchalik bekor qilingan.
Majlisda Open Budget jarayonlarini amalga oshirishdagi boshqa muammo va kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Misol uchun, ovoz yig‘ishga majburlash holatlari yuzasidan “1282” ishonch telefoni raqamiga jami 74 ta shikoyat kelib tushgan. Qo‘mita a’zolari ushbu holatlar yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
Xabarga ko‘ra, 2024-yilda “Tashabbusli budjet” jarayonlarida umumiy ajratilgan mablag‘lar miqdori 5,7 trln so‘mni tashkil etgan, bu 2023-yilga nisbatan 1,2 trln so‘mga yoki 26 foizga ko‘proq.
2024-yildagi ikki mavsum davomida “Ochiq budjet” portaliga fuqarolar tomonidan kelib tushgan jami 63 mingdan ortiq loyihalarning 52 mingdan ko‘prog‘i (ya’ni 83 foizi) tuman ishchi komissiyalari tomonidan ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan va ovoz berish yakunlariga ko‘ra 5,6 trln so‘mlik qariyb 4,8 mingta loyiha g‘olib deb topilgan.
G‘olib bo‘lgan loyihalarning 1686 tasi (35 foiz) ichki yo‘llarni ta’mirlash va 1446 tasi (30 foiz) maktablarni ta’mirlash va jihozlash loyihalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Amaldagi tartibga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari qaroriga asosan hududiy budjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 56 ta loyiha uchun qo‘shimcha ravishda mablag‘ ajratilib, ular g‘olib sifatida e’lon qilingan.
Bundan tashqari, majlisda 2024-yilgi jarayonlarning 1-mavsumi doirasida g‘olib deb topilgan 993 ta loyiha bo‘yicha qurilish va xarid qilish jarayonlari hanuzgacha davom etayotgani yuzasidan mas’ul rahbarlarning axborotlari eshitildi.