28-noyabr kuni prezidentga ijtimoiy muhitni mustahkamlash va diniy ma’rifatni rivojlantirish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yilda mamlakatda 100 dan ortiq yangi masjidlar qurilib, 555 tasi ta’mirlangan.

Oxirgi yetti yilda Haj kvotasi ikki baravar oshirildi, 60 mingdan ortiq fuqaro haj ziyoratiga bordi. Umra safarlarini tashkil qilish qonuniy tartibga solindi.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy-tadqiqotlarga minbar bo‘lmoqda. Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasida malakali mutaxassislar tayyorlanyapti. Shuningdek, 30 ming fuqaro “Qur'oni karim va tajvid” kurslarini tamomlagan.

Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy va Suzuk ota yodgorlik majmualari qayta tiklandi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida ishlar davom etmoqda. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham 90 ta ziyoratgoh ta’mirlanib, obodonlashtirildi.

“Bugun kibermakonda xavf-xatarlar kuchayib bormoqda. Chegaralar va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal g‘oyalar ham kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholining nisbatan zaif qatlamlari, jumladan, yoshlar turli noqonuniy guruhlar ta’siriga tushib qolayotgani afsuslanarli. Butun jamoatchilik bundan ogoh bo‘lishi, ulamolar va nuroniylar to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi kerak”, — deyiladi xabarda.

Mahallalarda Qo‘qon va Marg‘ilon tajribasi asosida “Oqsoqollar va ota-onalar kengashlari” tuzilgani, shuningdek, O‘zbekiston hojilarining “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi ham ijtimoiy vaziyatni yaxshilashda ijobiy qadam bo‘ldi, ta’kidladi prezident.

Yig‘ilishda bunday tashabbuslarni davom ettirish, mahallalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni bilim va mehnatga keng jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish, bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda mamlakatda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni saqlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Avvalroq Toshkent viloyatida IIV va DXX xodimlari internet tarmoqlari orqali radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan 17 yoshli o‘smir atrofida to‘plangan 17 kishidan iborat guruhni qo‘lga olgani xabar qilingandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular “Islom davlati” safiga qo‘shilish niyatida bo‘lgan.